O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori o‘z mavqeini mustahkamlamoqda – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi baholarida

O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori o‘z mavqeini mustahkamlamoqda – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi baholarida

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyat muntazam tahlil qilib boriladi.

Noyabrda ko‘chmas mulk bozori ijobiy tendensiya qayd etdi. Oldi-sotdi shartnomalari soni 21,9 mingtani tashkil etib, oktyabrga nisbatan 2,5%ga oshdi.

Shuningdek, yillik hisobda ko‘chmas mulk bozorida faollik 0,8%ga o‘sdi.

Hududiy dinamika

Noyabr oyida hududlar kesimida ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk bitimlarida o‘sish Xorazm va Buxoro viloyatlarida mos ravishda 15,6% va 8,4%ga qayd etildi.

Toshkent poytaxt sifatida ko‘chmas mulk bozori umumiy hajmining 30%dan ortig‘ini egalladi, faollik 9,3%ga oshdi.

Ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorini tahlil qilish

Bir oy ichida Respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxlari deyarli o‘zgarmadi (0,3%ga o‘sish), o‘tgan yilga nisbatan 6,2%ga o‘sish qayd etildi.

Hududlar kesimida ikkilamchi bozor uy-joy narxlari sezilarli darajada Surxondaryo (18,1%), Buxoro (11,9%) va Qashqadaryo (10,2%) viloyatlarida ko‘tarilgan.

Ikkilamchi uy-joylarning eng maqbul narxi Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatilib, kvadrat metr uchun o‘rtacha narx 333 dollarni tashkil etdi.

Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi oy davomida 0,2%ga oshib, 1,1 ming dollardan sal ko‘proqni tashkil etdi.

Poytaxtning Bektemir – 4,4%, Yashnobod – 2,4% va Shayxontohur – 2,2% tumanlarida narxlar sezilarli darajada oshgani qayd etildi.

Respublika bo‘yicha ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uy-joyning o‘rtacha qiymati yil davomida 6,2%ga oshgan bo‘lsa, Toshkent shahrida 1,5% pasayish kuzatildi.

Uy-joy ijara bozori

Noyabr oyida Toshkent shahridagi ijara bozorida turg‘unlik qayd etildi. Bir kvadrat metr uchun o‘rtacha ijara narxi 8,3 dollarni tashkil etdi, bu joriy yilning iyun oyi ko‘rsatkichiga mos keladi.

Noyabr oyida Toshkent shahrida uy-joy ijara narxlarining barqarorlashuvi davom etdi. Bir kvadrat metr uchun o‘rtacha ijara narxi 8,3 dollarni tashkil etdi, bu joriy yilning iyun oyi ko‘rsatkichiga mos keladi.

Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha qolmoqda, bu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10-11 dollarni tashkil etadi.

Shu bilan birga, Toshkent shahrida o‘rtacha ijara narxi o‘tgan yilga nisbatan 10,7%ga pasaydi. Yil davomida narxlarning eng katta pasayishi Uchtepa – 14,5%, Yashnobod – 14,3% va Yunusobod-13,8% tumanlarida qayd etildi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk bozori Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining tadqiqot yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, unda birlamchi va ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorlaridagi faollik dinamikasi taqdim etib boriladi.

Jaloliddin Usmonov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

tel: (78) 150 02 02 (417)


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar