Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi tahlil markazlari birinchi forumi bo‘lib o‘tadi

Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi tahlil markazlari birinchi forumi bo‘lib o‘tadi

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Saudiya Arabistonining "Gulf Research Center" tadqiqot markazi tomonidan tashkil etilmoqda.

Forum Markaziy Osiyo mamlakatlari (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston) va KADHK (Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Quvayt, Ummon, Bahrayn) dan 70 dan ortiq nufuzli mutaxassislarni bir joyga to‘playdi hamda ikki ulkan makromintaqaning kelajakdagi hamkorligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, tadbirga KADHK Kotibiyati, diplomatik korpus va ishbilarmon doira vakillari ham taklif etilgan.

Forum ishtirokchilari Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari o‘rtasidagi joriy va istiqboldagi hamkorlikning muhim jihatlarini muhokama qiladilar. Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha siyosiy muloqotni va o‘zaro kelishilgan yondashuvlarni mustahkamlash, savdo va investitsiya aloqalarini chuqurlashtirish, "yashil" energetika va transport yo‘laklarini rivojlantirish sohalarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari ekspertlar diqqat markazida bo‘ladi.

Mintaqalararo hamkorlikka sifat jihatidan yangi sur’at baxsh etadigan hamda mamlakatlar o‘rtasidagi birgalikdagi rivojlanish salohiyatini to‘liq namoyish etuvchi amaliy tashabbuslarni ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratiladi.

Qo‘shma bayonot qabul qilinishi hamda Markaziy Osiyo va KADHK tahlil markazlari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolanishi Forumdan kutilayotgan asosiy natijalardan hisoblanadi. Mazkur hujjatlar ikki mintaqa ekspert hamjamiyatlari o‘rtasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam poydevor yaratishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, ishlab chiqilgan tavsiyalar Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari yetakchilarining ikkinchi sammiti kun tartibini boyitishga muhim hissa qo‘shadi.

Bo‘lajak forum Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz mamlakatlari o‘rtasidagi uzoq muddatli sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilib, umumiy tarixiy merosni qayta tiklash va ko‘p qirrali muloqotni mustahkamlash uchun yangi yo‘nalishlarni belgilab beradi.

Мақолани улашинг

Ўхшаш янгиликлар