Deputatlar taklifiga ko‘ra, 2021 yil uchun Davlat byudjeti loyihasida umumta’lim maktablarini jihozlash uchun qo‘shimcha 100 milliard so‘m, «El-yurt umidi» fondiga qo‘shimcha 32,5 milliard so‘m, Axborot-kutubxona markazlarida kutubxona fondini yangilash va to‘ldirish uchun 5 milliard so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.
Majlisda deputatlar kelajak vorislarining tarbiya o‘chog‘i-maktablar va ta’lim-tarbiya masalalariga yo‘naltirayotgan byudjet mablag‘larini ko‘paytirish imkoniyatlarini qayta ko‘rib chiqishni tavsiya etdilar. Jumladan, maktablarda boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik sohasiga mutasaddilik qilayotgan direktor o‘rinbosarlari moddiy ta’minotini boshqa o‘rinbosarlarga tenglashtirish, san’at yo‘nalishida o‘rta ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan qo‘zi ojiz nogironligi bo‘lgan o‘quvchilarni to‘lovsiz ta’lim olishini ta’minlash, maktablar qayta qurilishi va ta’mirlanishiga ajratilayotgan mablag‘larni ko‘paytirish masalalariga jiddiy manfaatdorlik bilan yondashdi.
Deputatlar ko‘targan har bir muammo yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari batafsil va talablarni qondirish mazmunidagi javoblarni berdi. Ayniqsa, maktablar kesimidagi mablag‘larni ko‘paytirish haqidagi axborot, qo‘zi ojiz nogironligi bo‘lgan o‘quvchilarning tahsil olishini to‘lovsiz tartibga o‘tkazish to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjat imzolanish arafasida ekani to‘g‘risidagi javoblar deputatlar tomonidan iliq kutib olindi.
Davlat byudjeti daromadlarining manbalari va xarajatlarini tahlil qilish natijasida davlat dasturlari doirasida ajratilishi lozim bo‘lgan mablag‘larni 2021 yil byudjetida aks ettirishga erishildi. Jumladan, sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, aholining sog‘lom ovqatlanishini, tibbiy profilaktika ishlari samaradorligini yanada oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga yangi mexanizmlarni joriy qilish xarajatlariga 63,4 milliard so‘m, yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini rivojlantirish dasturiga 104 milliard so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.
Shuningdek, kelgusi yillarda tamaki mahsulotlari uchun aksiz solig‘idan keladigan tushumlarni alkogol mahsulotlari uchun aksiz solig‘i kabi hududlarga respublika aholisidagi ulushiga muvofiq taqsimlanishini hamda Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda amaldagi soliq imtiyozlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazgan holda qayta ko‘rib chiqish va ularni bekor qilish yuzasidan takliflar bildirildi.
Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga muddatidan biroz kechiktirib kiritilishi ishlarni qizg‘in jadval asosida olib borishni taqozo etdi. Har bir qo‘mita va fraksiya yig‘ilishlarida Hukumat a’zolari, tegishli vazirlik rahbarlari barcha savollarga yechim topilishiga ko‘maklashdilar, yuzlab taklif va savollar ko‘tarildi hamda ular loyihaning tugal variantida o‘z aksini topdi.
Qizg‘in bahs-munozara va savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi hamda Senatga yuboriladigan bo‘ldi.
Izoh qoldirish