2022 yilning yanvar-mart oylarida Qashqadaryo viloyatining tashqi savdo aylanmasi

2022 yilning yanvar-mart oylarida Qashqadaryo viloyatining tashqi savdo aylanmasi

2022 yilning yanvar-mart oylarida Qashqadaryo viloyatining tashqi savdo aylanmasi 173,1 mln dollarni (2021 yilning mos davriga nisbatan 160,3%), tashqi savdo aylanmasi tarkibida ekport hajmi 67,5 mln dollarni (39,0%), import hajmi 105,6 mln dollarni (61,0%) tashkil qilgan.

Tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha Rossiya (20,8%), Turkiya (19,3%), Xitoy Xalq Respublikasi (18,9%), Germaniya (4,4%) va Afg‘oniston (3,7%) viloyatning eng yuqori ulushga ega hamkor davlatlari hisoblanadi.

Alohida ta’kidlash lozimki, tahlil qilinayotgan davrda viloyat jami tashqi savdo aylanmasining 62,9%i 4 ta hudud, Qarshi (20,3%), Nishon (20,29%), Koson (11,2%) tumanlari va Qarshi shahri (11,1%) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Viloyat tashqi savdo aylanmasida eng kam ulushni tashkil etuvchi hududlar - Chiroqchi (0,9%), Muborak (1,2%) Dehqonobod (1,3%) tumanlari, Shahrisabz shahri (1,5%) va Shahrisabz tumani (1,8%) hisoblanadi.

Eksport

Joriy yilning boshidan beri dunyo iqtisodiyotida yuzaga kelgan tarang vaziyat, logistika bilan bog‘liq jiddiy muammolarning yuzaga kelishiga qarmasdan, hukumat tomonidan eksportni rag‘batlantirish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar ko‘rilishi natijasida joriy yilning 1-choragida viloyatda eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 164,9 foizga oshgan. Eksportning 53,0 foizi tarmoq korxonalari (o‘tgan yilning mos davrida - 61,8%), 47,0 foizi hududiy korxonalar (30,2%) tomonidan amalga oshirilgan.

Eksport tarkibida kalava ipning ulushi - 61,7%, meva-savzavot mahsulotlari – 10,6%, to‘qimachilik mahsulotlari – 9,5%, tabiiy qazilmalar (marmar, oltingugurt, bo‘r) - 9,2%, oziq-ovqat mahsulotlari -2,2%, farmatsevtika mahsulotlari -1,8% va boshqa mahsulotlar -5,0%ni tashkil qilgan.

Shuningdek, viloyatda yog‘och va undan yasalgan mahsulotlar eksporti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,7 baravar, elektrotexnika mahsulotlari - 11,6 baravar, tabiiy qazilmalar - 11,4 baravar, spirtli ichimliklar – 11,1 baravar, oziq-ovqat mahsulotlari – 10,6 baravar va gigiyena vositalari 2,1 baravarga oshgan.

2022 yilning yanvar-mart oylarida Qashqadaryo viloyati eksportida ulushi eng yuqori bo‘lgan davlatlar (%da)

Eksport hajmini davlatlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, 2022 yilning yanvar-mart oylarida viloyat eksportida ulushi eng yuqori bo‘lgan davlat sifatida, Turkiyaga - 22,97 mln dollar (jami eksportdagi ulushi - 34,1%), Rossiya - 8,4 mln dollar (12,5%), Xitoy Xalq Respublikasi – 8,3 mln dollar (12,2%) va Afg‘oniston -– 6,3 mln dollar (9,3%) miqdorida mahsulotlar eksport qilingan.

Ayniqsa, mamlakatimizga qo‘shni bo‘lgan Afg‘oniston davlati bozori imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanilishi natijasida, viloyat tadbirkorlari tomonidan amalga oshirilgan eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,3 baravarga oshganligi bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, Eron, Pokiston, Polsha, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Hindiston davlatlarining viloyat eksportida ulushi yuqoridir.

2021 yil yakuni bo‘yicha Qashqadaryo viloyati eksportida tuman (shahar)lar ulushi (%)

Viloyat eksportida ulushi eng yuqori hududlar Qarshi (35,5%), Koson (14,0%) tumanlari, Qarshi shahri (11,2%), Kasbi (8,4%) va Qamashi (7,7%) tumanlari hisoblanadi.

Shahrisabz shahri (0,5%), Chiroqchi (1,6%), Dehqonobod (1,7%), Mirishkor (1,7%), Nishon (1,9%), Kitob (2,0%) tumanlari ulushi eng past hududlar sanaladi.

Import

2022 yilning yanvar-mart oylarida davomida Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilgan import hajmi 105,6 mln dollarni tashkil qilib, 2021 yilning mos davriga nisbatan 157,6 foizga oshgan.

Importning 20,2 foizi tarmoq korxonalari (2021 yilning mos davrida 14,3%), 79,8 foizi hududiy korxonalar (85,7%) tomonidan amalga oshirilgan.

Import tarkibidagi texnologik asbob va uskunalarning ulushi -35,8%, elektrotexnika va uning qismlari – 18,6%, nasos – 11,1%, metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar – 9,8%, kimyo sanoati mahsulotlari – 3,1%, transport va uning ehtiyot qismlari – 3,1%, neft va neft mahsulotlari – 2,4% va boshqa mahsulotlar - 16,0%ni tashkil qilgan.

2022 yilning yanvar-mart oylarida Qashqadaryo viloyati importida ulushi eng yuqori bo‘lgan davlatlar (%da)

Tahlil qilinayotgan davr mobaynida Rossiya (26,1%), Xitoy Xalq Respublikasi (23,2%), Turkiya (9,9), Germaniya (6,3%),Koreya (5,3%) davlatlarining viloyat importida ulushi yuqori bo‘lgan.

Shuni ta’kidlash lozimki, to‘qimachilik klasterlari tomonidan texnologik asbob-uskunalar importi hisobidan Germaniya, Belgiya davlatlari viloyatning asosiy importyor-mamlakatlardan biriga aylangan.

Viloyatda amalga oshirilgan importning qariyb 1/3 qismi birgina Nishon tumani (asosan, Enter Engineering PTE.LTD tomonidan amalga oshirilgan) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, Kitob (11,7%), G‘uzor (11,1%) tumanlari va Qarshi shahri (11,0%)ning ulushi yuqoridir. Viloyat jami importida Muborak (0,3%), Qamashi (0,5%), Chiroqchi (0,5%), Shahrisabz (0,8%) tumanlarining ulushi 1%ga ham yetmaydi.

2021 yil yakuni bo‘yicha Qashqadaryo viloyati importida tuman (shahar)lar ulushi (%)

Anvar Qobilov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar

Markazi sektor mudiri


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar