2021–2025 yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish va iqtisodiyotlari barqarorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Bu pandemiyadan keyingi tiklanish, barqaror iqtisodiy o‘sishni saqlab qolish hamda mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotidagi tarkibiy o‘zgarishlarda o‘z aksini topdi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda Markaziy Osiyoning beshta mamlakati jami YaIMi dollar hisobida nominal jihatdan qariyb ikki baravarga oshib, 2020 yildagi 285 mlrd dollardan 2025 yilda 543 mlrd dollarga yetdi. Asosiy o‘sish Qozog‘iston — 135 mlrd dollar va O‘zbekiston — 77 mlrd dollar hissasiga to‘g‘ri kelib, ular birgalikda mintaqaviy o‘sishning 82%ini ta’minladi.

Mintaqa YaIMining mamlakatlar kesimidagi tarkibida Qozog‘iston eng katta ulushga ega bo‘lib, uning hissasi 60%dan 56%ga kamaydi. O‘zbekistonning ulushi 24,6%dan 27,1%ga, Qirg‘izistonniki 2,9%dan 4,2%ga, Tojikistonniki 2,9%dan 3,3%ga oshdi. Turkmanistonning ulushi esa 9,6%dan 9,2%ga kamaydi.

Mintaqaning eng yirik iqtisodiyoti Qozog‘iston bo‘lib qolmoqda. Mamlakat YaIMi 5 yil davomida 171 mlrd dollardan 306 mlrd dollarga oshdi. O‘rtacha yillik real o‘sish 4,8%ni tashkil etib, mintaqa mamlakatlari orasida eng past ko‘rsatkich bo‘ldi, shu sababli Qozog‘istonning mintaqa iqtisodiyotidagi ulushi kamaydi.

Qozog‘iston YaIMi tarkibida qishloq xo‘jaligining ulushi 5,4%dan 3,7%ga (−1,6 f.b.), sanoat va qurilishning ulushi esa 33,1%dan 32,3%ga (−0,8 f.b.) kamaydi. Shu bilan birga, xizmatlar sohasining ulushi 56,1%dan 57,7%ga (+1,6 f.b.) oshdi. Qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymatning o‘rtacha yillik real o‘sishi 3,5%ni, sanoat va qurilishda 5,5%ni, xizmatlar sohasida 4,4%ni tashkil etdi.
Qirg‘iziston YaIMi 8,3 mlrd dollardan 22,6 mlrd dollarga yetdi. O‘rtacha yillik real o‘sish 9,2%ni tashkil etib, mintaqa mamlakatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. 2021 yildan keyin iqtisodiy o‘sish tezlashib, 2022–2023 yillarda real YaIM o‘sishi yiliga qariyb 9%ni, 2024–2025 yillarda esa 11%dan ortiqni tashkil etdi.
Qirg‘iziston iqtisodiyoti tarkibida qishloq xo‘jaligining ulushi 12,2%dan 8,0%ga (−4,2 f.b.) kamaydi. Sanoat va qurilishning ulushi deyarli o‘zgarmay, 26,9%dan 26,5%ga (−0,4 f.b.) tushdi, xizmatlar sohasining ulushi esa 50,7%dan 51,2%ga (+0,5 f.b.) oshdi. Qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymatning o‘rtacha yillik real o‘sishi 2,3%ni, sanoat va qurilishda 10,5%ni, xizmatlar sohasida 8,5%ni tashkil etdi.
Tojikiston iqtisodiyoti hajmi 8,1 mlrd dollardan 17,7 mlrd dollarga yetdi, o‘rtacha yillik real o‘sish 8,5%ni tashkil etdi. YaIM tarkibida qishloq xo‘jaligining ulushi deyarli o‘zgarmay, 22,7%dan 22,9%ga (+0,2 f.b.) oshdi. Sanoat va qurilishning ulushi 33,8%dan 32,2%ga (−1,6 f.b.) kamaygan bo‘lsa, xizmatlar sohasining ulushi 35,3%dan 38,0%ga (+2,7 f.b.) oshdi. Qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymatning o‘rtacha yillik real o‘sishi 1,2%ni, sanoat va qurilishda 10%ni, xizmatlar sohasida 9,7%ni tashkil etdi. Tarmoqlar bo‘yicha o‘rtacha yillik o‘sish sur’atlari 2021–2024 yillar uchun keltirilgan.
Turkmaniston YaIMi 2021–2025 yillarda 27,4 mlrd dollardan 49,8 mlrd dollarga yetdi, o‘rtacha yillik real o‘sish 6,3%ni tashkil etdi. Iqtisodiyotda qishloq xo‘jaligining ulushi 11,6%dan 12,4%ga (+0,8 f.b.) oshdi, sanoat va qurilishning ulushi esa 36,9%dan 36,0%ga (−0,9 f.b.) kamaydi. Xizmatlar sohasining ulushi 48,6%dan 48,9%ga (+0,2 f.b.) oshdi. Qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymatning o‘rtacha yillik real o‘sishi 5,7%ni, sanoat va qurilishda 5,1%ni, xizmatlar sohasida 11,3%ni tashkil etdi.
O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmi 70,1 mlrd dollardan 147 mlrd dollarga yetdi, o‘rtacha yillik real o‘sish 7%ni tashkil etdi. Ko‘rib chiqilayotgan davrda iqtisodiyot tarkibida sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. Qishloq xo‘jaligining ulushi 21,6%dan 16,6%ga (−5,0 f.b.) kamaydi, ushbu sektorda o‘rtacha yillik real o‘sish 3,9%ni tashkil etdi. Sanoat va qurilishning ulushi 33,4%dan 32,5%ga (−0,8 f.b.) tushdi, o‘rtacha yillik o‘sish esa 7,2% bo‘ldi. Xizmatlar sohasining ulushi 38,7%dan 46,5%ga (+7,7 f.b.) oshdi va ushbu sohada eng yuqori o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati — 8,7% qayd etildi.

Umummintaqaviy tendensiyalar
Umuman, 2021–2025 yillarda mintaqa mamlakatlari uchun YaIMning o‘sishi, sanoat va qurilishda qo‘shilgan qiymatning qishloq xo‘jaligiga nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sishi, xizmatlar sohasining iqtisodiyotda ustun mavqeni saqlashi va uning YaIM tarkibidagi ulushi oshishi umumiy tendensiyalar bo‘ldi.
2021–2025 yillarda mintaqa YaIMining tarmoq tarkibida xizmatlar sohasining ulushi 50,4%dan 53%ga (+2,6 f.b.) oshdi, qishloq xo‘jaligining ulushi 10,7%dan 8,8%ga, sanoat va qurilishning ulushi esa 33,4%dan 32,5%ga kamaydi.

Mintaqada qishloq xo‘jaligi ulushining qisqarishi asosan yirik iqtisodiyotlar — O‘zbekiston va Qozog‘istondagi tarkibiy o‘zgarishlar, shuningdek, Qirg‘izistonda agrar sektor ulushining sezilarli kamayishi hisobiga yuz berdi. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat hajmi barcha beshta mamlakatda o‘sdi. Demak, qishloq xo‘jaligi ulushining kamayishi sektordagi pasayish bilan emas, balki uning boshqa tarmoqlarga nisbatan sekinroq o‘sishi bilan izohlanadi. Xususan, barcha mamlakatlarda sanoat va qurilishdagi real qo‘shilgan qiymat qishloq xo‘jaligiga nisbatan tezroq o‘sdi.
Oraliq yillar ko‘rsatkichlarini taqqoslash barqaror va qaytar xususiyatga ega o‘zgarishlarni ajratish imkonini beradi. O‘zbekistonda xizmatlar sohasi ulushining oshishi va agrar sektor salmog‘ining kamayishi deyarli har yili kuzatildi. Qirg‘izistonda qishloq xo‘jaligi ulushining qisqarishi eng izchil jarayon bo‘ldi. Qozog‘iston va Turkmanistonda xizmatlar sohasining ulushi dastlab kamayib, keyin yana o‘sdi va 2025 yilga kelib 2020 yil darajasidan yuqori bo‘ldi. Tojikistonda 2021 yildan keyin xizmatlar sohasining ulushi oshib bordi, qishloq xo‘jaligi esa iqtisodiyotdagi avvalgi salmog‘i va ahamiyatini saqlab qoldi.
Umuman, mintaqaning beshta mamlakati uchun yagona tarkibiy o‘zgarish modeli kuzatilmadi. Qozog‘iston ushbu davrni xizmatlar sohasining yuqori ulushi bilan boshladi va keyingi yillarda bu ko‘rsatkich mo‘’tadil o‘sdi. O‘zbekistonda xizmatlar sohasining iqtisodiyotdagi ulushi sezilarli oshdi, agrar sektor ulushi esa kamaydi. Qirg‘izistonda qishloq xo‘jaligining ulushi keskin qisqardi, ayni paytda sanoatda yuqori real o‘sish kuzatildi. Tojikiston iqtisodiyotida agrar sektorning yuqori ulushi saqlanib qoldi, Turkmanistonda esa asosiy tarmoqlar ulushi nisbatan barqaror bo‘ldi.
Yakuniy natijalar ko‘rib chiqilayotgan besh yil davomida mintaqa mamlakatlarining barchasida iqtisodiy o‘sish barqaror saqlanganini ko‘rsatadi. Mintaqa iqtisodiyoti tarkibida O‘zbekiston va Qirg‘izistonning nisbiy ulushi oshdi, Qozog‘iston esa hamon Markaziy Osiyo jami YaIMining yarmidan ko‘pini ta’minlamoqda. Tarmoqlar kesimida eng barqaror umumiy tendensiya xizmatlar sohasi ulushining oshishida namoyon bo‘ldi. Bu Markaziy Osiyo iqtisodiyotlarida tarmoqlar tarkibi diversifikatsiyalashib, xizmatlar sohasining iqtisodiy ahamiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Ruslan Abaturov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish