24 ta tuman (shahar)lar qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtiriladi

24 ta tuman (shahar)lar qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtiriladi

“Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF–6244-son, 09.06.2021 y.) qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 iyuldan tegishli materiallarni ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan quyidagilar taqdim etiladi:

- investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida, shu jumladan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun beriladigan bank kreditlari summasining 50 foizigacha, biroq 15 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kafolatlar;

- Qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalariga berilgan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun quyidagicha kompensatsiyalar:

  • milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha – Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, biroq 10 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
  • chet el valyutasidagi kreditlar bo‘yicha – tijorat banklari tomonidan belgilangan stavkaning 50 foizi, biroq 4 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;

- sinov laboratoriyasi uskunalarini sotib olish va xalqaro sifat menejmenti standartlarini joriy etish xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar.

Farmonga ko‘ra, shuningdek:

- 24 ta tuman (shahar)lar qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilib, ularda “kichik sanoat zonalari” tashkil etiladi;

- “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi huzurida Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha kengash tashkil qilinadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar