OTB 2021−2022 yillarda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish bo‘yicha prognozlarini yaxshiladi

OTB 2021−2022 yillarda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish bo‘yicha prognozlarini yaxshiladi

O‘zbekistonda COVID-19ga qarshi vaksinatsiyalash jarayonlarining bir maromda kechishi hamda sanoat, xizmatlar sohasi, investitsiyalar va xususiy iste’molning jadal tiklanishi sharoitida mamlakat iqtisodiyoti 2021 yilda 5 foiz, 2022 yilda esa 5,5 foizga o‘sishi kutilmoqda. Bu haqda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) hisobotida ma’lum qilindi.

OTBning «Osiyo taraqqiyoti istiqbollari» (ADO) yillik iqtisodiy nashrining 2021 yilning aprel oyida e’lon qilingan nashrida O‘zbekistonda 2021 va 2022 yillarda iqtisodiy o‘sish darajasi mos ravishda 4 foiz va 5 foiz bo‘lishi prognoz qilingan edi.

Sentyabr oyida ADO ning yangilangan soni e’lon qilindi.

Unda qayd etilishicha, sanoatning ishlab chiqarish, tog‘-kon sanoati va foydali qazilmalar qazib olish sohalaridagi o‘sish hisobiga jadal qayta tiklanganligi munosabati bilan mamlakatda 2021 yil birinchi yarmida 6,2 foizlik iqtisodiy o‘sishga erishilgan. Savdo, transport va saqlash xizmatlari sohasida qo‘lga kiritilgan yutuqlar tufayli iqtisodiyotda xizmatlar sohasi o‘sishi 8 foizgacha tezlashgan.

«Hukumatning COVID-19ga qarshi vaksinatsiyalash dasturini bir maromda amalga oshirishi, O‘zbekiston xalqini himoyalash, ishonchni qayta tiklash va yilning birinchi yarmida biz guvohi bo‘lgan istiqbolli o‘sishni qo‘llab-quvvatlashi muhim o‘rin tutadi, — dedi OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sindi Malvichini. — OTB O‘zbekistonga pandemiyadan chiqish va barqaror iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashda ko‘maklashishga sodiqligicha qoladi».

2021 yilning birinchi yarmida mamlakatda inflyasiya darajasi o‘tgan yilgi 13,9 foizdan 10,9 foizgacha pasaydi. Elektr energiyasi va gaz ta’minoti tariflari o‘zgarishsiz qolgani holda, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning yaxshilanishi oziq-ovqat narxlari o‘sishining sekinlashishiga xizmat qilganligi aytilmoqda. Qat’iy pul-kredit siyosatining davom ettirilishi va energiya tariflarining o‘zgarmasligi sharoitida, OTB 2021 va 2022 yillar uchun inflyasiya prognozlarini mos ravishda 10 va 9 foiz darajasida saqlab qoldi.

2021 yilning birinchi yarmida kapital, oraliq tovarlar va transport xizmatlari importining oshishi hisobiga joriy hisob balansi o‘sgani qayd etilgan. Importning sezilarli darajada o‘sishi munosabati bilan 2021 va 2022 yillardagi joriy hisob defitsiti bo‘yicha prognozlari oshirgani ma’lum qilindi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar