2022 yil uchun prognoz qilingan viloyat mahalliy byudjeti daromadlari 3 059,4 mlrd. so‘m va xarajatlari 4 741,6 mlrd. so‘mni tashkil etadi. Respublika byudjetidan ajratiladigan tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar miqdori 1 682,3 mlrd. so‘mni tashkil etadi.
2022 yil uchun prognoz ko‘rsatkichlariga ko‘ra, Andijon (272,93 mlrd. so‘m) shahri hamda Asaka (136,10 mlrd.so‘m) va Shahrixon (93,01 mlrd. so‘m) tumanlari daromadi eng yuqori bo‘lgan hududlar hisoblanadi.
Viloyat byudjetining daromad qismi yuridik shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (qisman), davlat bojlari, jarimalar, yig‘imlar, mobil aloqa xizmati, alkogol va tamaki mahsulotlari aksiz solig‘idan tegishli ravishda o‘tkazib beriladigan daromadlar hisobidan shakllanadi.
Mahalliy byudjet tarkibida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 890,8 mlrd. so‘m va yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i 182,35 mlrd. so‘m, yig‘imlar 99,67 mlrd. so‘m va davlat boji 185,83 mlrd. so‘mni tashkil etadi. Davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha 25 mlrd. so‘m mablag‘ tushumi rejalashtirilgan.
Joriy yil uchun mahalliy byudjet shahar va tumanlar kesimida tahlil qilinganda, Andijon shahri (314 mlrd. so‘m), Asaka tumani (308,7 mlrd. so‘m), Shahrixon (264,98 mlrd. so‘m) va Izboskan (233,20 mlrd. so‘m) shaharlari eng yuqori xarajatlarga ega hududlar hisoblanadi.
2022 yilda ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga xarajatlar mahalliy byudjetning asosiy (68,58%) qismini tashkil etadi. Mazkur xarajatlar sog‘liqni saqlash (32,49%), ijtimoiy himoya (17,47%), maorif (14,51%) va fan (0,05%) sohalariga ajratilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, mahalliy byudjetning xarajatlari quyidagi sohalarga ajratilgan:
- iqtisodiyotga xarajatlar (11,32%)
- markazlashtirilgan investitsiyalarni moliyalashtirishga xarajatlar (8,02%)
- davlat boshqaruv organlarini saqlash (5,59%)
- fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi (3,06%)
- fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini saqlash (1,98%).
Andijon viloyati mahalliy byudjetining jami 1 540,6 mlrd. so‘mlik qismi sog‘liqni saqlash va 687,99 mlrd. so‘mlik qismi maorif sohasiga ajratilgan. Ko‘p bolali va kam ta’minlangan oilalarga nafaqalar va kompensatsiyalar uchun 828,23 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan. Sport va madaniyat sohalariga mahalliy byudjetdan ajratilgan mablag‘ miqdori 129,68 mlrd. so‘mga to‘g‘ri keladi.
Iqtisodiyotga ajratilgan xarajatlar tarkibida cuv xo‘jaligi vazirligi (46,25%) va obodonlashtirish (32,00%) tashkilotlari eng ko‘p ulushga ega ekanligi qayd etilgan. Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida ajratilgan mablag‘lar mazkur sohaga xarajatlarning 4,85%ini tashkil etadi. Mahalliy byudjetlarda hokim yordamchilarining tavsiyalari asosida mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun 23 mlrd.so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.
Markazlashtirilgan investitsiyalarni moliyalashtirishga xarajatlar 380,38 mlrd. so‘m mablag‘ sarflanishi nazarda tutilgan.
Viloyatning Asaka (172.64 mlrd.so‘m), Shahrixon (171,97 mlrd.so‘m ) va Paxtaobod (162,07 mlrd.so‘m) tumanlari eng ko‘p byudjet transferi ajratilgan hududlar hisoblanadi. Bo‘ston (73,62 mlrd.so‘m) va Ulug‘nor (69,68 mlrd.so‘m) tumanlari hamda Andijon (41,11 mlrd.so‘m) va Xonobod (38,71 mlrd.so‘m) shaharlariga esa byudjet transferining nisbatan kam qismi ajratilishi belgilangan.
Shoiraxon Nurdinova
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Namangan filiali bosh ilmiy xodimi
Izoh qoldirish