Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil iyul oyida O‘zbekiston avtomobil bozorida savdolar sezilarli darajada oshgan.
Sotilgan avtotransport vositalari hajmi 116,8 ming dona bo‘lib, bu joriy yil iyun oyiga nisbatan 27 foizga ko‘p va 2024 yil yanvaridan beri (144,5 ming dona) eng yuqori ko‘rsatkichdir. Bunday dinamika mavsumiy pasayish davridan keyin bozor faolligining tiklanishini ko‘rsatadi.
Yengil avtomobillar bozoridagi vaziyat
Yengil avtomobillar segmentida iyul oyida savdo hajmi sezilarli darajada oshdi. Bu holat iste’molchilar faolligining tiklanishi va talabning hududlar bo‘yicha diversifikatsiyalanganini ko‘rsatadi. Yengil avtomobillarning umumiy savdosi deyarli 100 000 donani tashkil etdi, bu o‘tgan oyga nisbatan 25 foizga ko‘p.
Eng yuqori ijobiy dinamika Toshkent (o‘sish 51 foiz), Namangan (49 foiz) va Xorazm (40 foiz) viloyatlarida qayd etildi.
Taqqoslash uchun, iyun oyida yengil avtomobillar savdosi hajmi 3 % ga oshgan bo‘lsa, iyuldagi o‘sish sur’atlari sezilarli tezlashganini ko‘rsatmoqda.
Birlamchi avtomobil bozoridagi vaziyat
Iyul oyida yangi yengil avtomobillar segmentida faollik sezilarli oshdi. Yengil avtomobillar umumiy savdosi iyun oyiga nisbatan 38,2% ga ko‘payib, 38,4 ming dona bo‘ldi.
Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar yetakchi pozitsiyani saqlab qoldi va 38,6 foiz o‘sish bilan 32,9 ming dona sotuv hajmiga erishdi.
Xorijda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi ham ijobiy dinamikani ko‘rsatib, 5,4 ming donani tashkil etdi, bu iyun oyidagi ko‘rsatkichdan 35,8 foizga yuqori.
Ikkilamchi avtomobil bozori nisbatan barqarorlikni ko‘rsatdi
Iyul oyida yengil avtomobillar bozorining ikkilamchi segmenti faollikning sezilarli oshishini ko‘rsatdi. Savdo hajmi 61,5 ming donani tashkil etdi, bu iyun oyiga nisbatan 18 foizga ko‘pdir.
Taqqoslash uchun, iyun oyida savdo hajmi may oyiga nisbatan 0,4 foizga kam bo‘lgan. Shu bois, iyul oyidagi keskin o‘sish ushbu segmentda umumiy faollashuvni aks ettiradi.
Elektromobillar bozoridagi vaziyat
Iyun oyida yengil elektromobillar savdosining o‘sish sur’ati may oyiga nisbatan 1,7 foizga pasaygan bo‘lsa, iyul oyida bozor tez sur’atlarda o‘sishni ko‘rsatdi. Savdo hajmi rekord darajadagi 6,5 ming donani tashkil etdi, bu avvalgi oyga nisbatan 28,2 foizga ko‘pdir.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish