Mart oyida O‘zbekistonda biznes muhiti yaxshilandi

Mart oyida O‘zbekistonda biznes muhiti yaxshilandi

Biznes muhiti tahliliy ko‘rsatkich bo‘lib, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2020 yildan boshlab har oy o‘tkaziladigan so‘rovlar asosida hisoblanadi.

Co‘rovlarda korxonalarning ishtiroki hozirgi iqtisodiy vaziyatni rasmiy statistika tomonidan aks ettirilishidan oldin baholashga imkon beradi.

Biznes muhiti indeksining o‘sishi joriy sezilmalar hamda kutilmalarning ijobiy dinamikasi bilan belgilandi.

Mart oyida biznes muhiti indeksi fevral oyiga nisbatan 4 punktga oshib, 60 punktni tashkil etdi, bu esa tadbirkorlarning faolligi yanada kengayganidan dalolat beradi. O‘tgan yilning mart oyida umumiy ko‘rsatkich 64 punktni tashkil etgan.

Qishloq xo‘jaligi va sanoat sohasidagi ijobiy dinamika biznes muhitini yaxshilashga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.

Qishloq xo‘jaligida biznes muhiti ko‘rsatkichi bir oy ichida 20 punktga oshdi. Asosiy sabablar qatorida korxonalarning hozirgi holatiga nisbatan ijobiy biznes baholarining 4 f.b.ga yaxshilangani, talabning 6 f.b.ga o‘sgani va ishchilar sonining 14 f.b.ga oshgani qayd etildi. Bundan tashqari, sohada biznesi yaxshilanishini kutayotganligini bildirganlar ulushi 4 f.b.ga oshdi.

Ishbilarmonlik muhiti umumiy indeksi dinamikasi

Mart oyida sanoatdagi biznes muhiti 2 punktga oshdi. Buning asosiy sababi tadbirkorlarning o‘z korxonalarining hozirgi va kelajakdagi holati to‘g‘risidagi kutilmalarining yaxshilangani bo‘ldi. So‘rov natijalariga ko‘ra, korxonalarning 36% sanoatning hozirgi holatini yaxshi deb bildirgan bo‘lib, bu o‘tgan oyga nisbatan 7 f.b.ga yuqori. Ushbu tarmoq vakillaridan mahsulotlariga talabni ortganini bildarganlar ulushi 5 f.b.ga oshgan.

Shu bilan birga, mart oyidagi so‘rov natijalariga ko‘ra, qurilish tarmog‘idagi biznes muhiti ko‘rsatkichi 4 punktga va xizmatlar sohasida 3 punktga kamayganini ko‘rsatdi.

Shunday qilib, qurilish tarmog‘ida mart oyida joriy holatini “yaxshi” deganlar ulushi 10 f.b ga va kelgusida talabning ortishini kutayotganlar ulushi 4 f.b.ga kamaygan.

Xizmat ko‘rsatish sohasida - korxonalarning taxminan 80% kelgusida biznesning o‘sishini kutayotganganligini bildirgan bo‘lib, o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarishsiz qolgan. Kelgusida ishchilar soni ko‘paytirish hoxishini bildirganlar ulushi 3 f.b.ga kamaygan.

Korxonalarning joriy iqtisodiy faoliyatini bildiruvchi joriy biznes holati indeksi yaxshilandi.

O‘tgan oyga nisbatan biznesning hozirgi holatini indeksi 6 bandga ko‘tarilib, 44 taga etdi. O‘z navbatida, bu sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohasidagi joriy holat ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi bilan bog‘liq. Mart oyida biznesning hozirgi holatini yaxshilashga asosiy hissa qishloq xo‘jaligidagi ulushga to‘g‘ri kelgan bo‘lib, ushbu sohada joriy holat indeksi 25 bandga o‘sgan bo‘lsa, xizmat ko‘rsatish sohasida 3 bandga pasayish qayd etilgan.

Biznesning istiqboldagi kutilmalari indeksi tadbirkorlarda kelajakka bo‘lgan optimizmning ancha yuqori ekanligini ko‘rsatdi.

Biznesning istiqboldagi kutilmalari indeksi 2 band o‘sib, 77 bandga yetgan. Ushbu o‘sish sanoat sohasidagi kutilmalar indeksi 1 bandga va qishloq xo‘jaligidagi kutilmalar indeksi 15 bandga o‘sgani bilan orqali izohlanadi.

Umuman olganda, kutilmalardagi ijobiy qarashlarning saqlanganligi kelgusi 3 oyda ham iqtisodiy rivojlanishdagi ijobiy tendensiya davom etishini bildiradi.

So‘rovda qatnashgan tadbirkorlarning qariyb yarmi biznes yuritishda ayrim to‘siqlar mavjudligini qayd etgan.

Sanoatdagi tadbirkorlarni moliyalashtirish, yuqori foiz stavkalari va elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar tobora ko‘proq tashvishga solayotgan bo‘lsa, aksincha gaz ta’minoti va talabning pastligi bilan bog‘liq muammolar kamaygan.

Qishloq xo‘jaligidagi tadbirkorlar uchun asosiy muammolar suv va elektr ta’minoti bilan bog‘liq.

Qurilish sohasida faoliyat yurutuvchi tadbirkorlar orasida korrupsiyani tadbirkorlikni rivojlantirishda asosiy to‘siq deb bildiruvchilar ulushi nisbatan yuqori.

Shu bilan birga, xizmat ko‘rsatish sohasida yuqori soliq stavkalari va moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolar ko‘paygan.

Umuman olganda, tadbirkorlar eng dolzarb muammolar sifatida moliyalashtirish, yuqori foiz stavkalari va soliq ma’murchiligidagi kamchiliklarni belgilashgan.

S.Zikrillayev,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Tel.: (+998) 78 150-02-02 (416)


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar