Qashqadaryo viloyatida 1100 dan ortiq loyihalar shakllantirildi

Qashqadaryo viloyatida 1100 dan ortiq loyihalar shakllantirildi

Qashqadaryo viloyatida 1100 dan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda.

Qashqadaryo viloyatida hamma tarmoqlar bo‘yicha salohiyat yuqori. Sanoat uchun zarur xomashyo resurslari, xizmat ko‘rsatish uchun infratuzilma, qishloq xo‘jaligi uchun yer-suv va tajriba bor. Shulardan kelib chiqib, to‘qimachilik, qurilish materiallari, kimyo va oziq-ovqat sanoati, turizm, uzumchilik, bog‘dorchilik va chorvachilik asosiy “o‘sish nuqtalari” sifatida belgilab olingan. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Joriy yil uchun umumiy qiymati 11 trillion 300 milliard so‘m bo‘lgan 1 ming 125 ta hududiy loyiha shakllantirilgan. Xususan, sanoat sohasida 296 ta, xizmat ko‘rsatishda 449 ta, qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida 380 ta korxona tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bunda iqtisodiy samaradorlik va bandlikka alohida e’tibor qaratilgan.

Bo‘lg‘usi korxonalarda yiliga 6 trillion so‘mlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Bu 131 million dollarlik import o‘rnini bosish, 180 million dollarlik eksport qilish imkonini beradi. 19 mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi.

Masalan, paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 26 ta loyiha taklifi bildirilgan. Shundan 10 tasi tayyor mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan. Bularning natijasida paxta xomashyosini viloyatning o‘zida qayta ishlash darajasiga sezilarli oshadi. Birgina shu tarmoqda 7 ming 600 dan ziyod ish o‘rni tashkil etiladi.

Qashqadaryoda yiliga 106 ming tonna gipsokarton, 102 ming kvadrat metr kafel va boshqa qurilish materiallariga talab bor. Lekin, kerakli xomashyo bo‘lishiga qaramay, viloyatda bu mahsulotlar umuman ishlab chiqarilmas edi. Shu bois bu sohada bir nechta loyiha rejalashtirilgan.

Misol uchun, Chiroqchi tumanida 210 milliard so‘mlik loyiha evaziga gipsokarton, pardozbop toshlar, gazobeton, temir-beton konstruksiyalar ishlab chiqarish mo‘ljallangan. Buning natijasida uy-joylar qurilishida 1 kvadrat metr tannarxini 25 foizgacha qisqartirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Shuningdek, Chiroqchi tumanida kafel ishlab chiqarish, Shahrisabz shahrida granit va marmarni qayta ishlash bo‘yicha loyihalar ham bor.

Qashqadaryoning tog‘li tumanlari meva-sabzavot, uzum, kartoshka, kovrak kabi bozorbop mahsulotlar yetishtirishga, dasht hududlar chorvachilikka ixtisoslashtirilgan. Jumladan, Nishon tumanida chorva kompleksi tashkil etib, sutni qayta ishlash bo‘yicha 110 milliard so‘mlik loyihaga kirishilgan. Bu majmuada 614 bosh naslli qoramol boqilib, yiliga 5 ming 760 tonna sut mahsulotlari tayyorlanadi. 230 nafar qishloq aholisi ishli bo‘ladi.

Shahrisabz tumanining tog‘oldi qishloqlarida kartoshka va sabzavotlar yetishtirish loyihalari ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jahatdan muhim. Buning uchun aholiga yer ajratib berilib, mahsulotlar kooperatsiya asosida sotib olinadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, shu hududning o‘zidan viloyatda kartoshkaga bo‘lgan talabning 34 foizini ta’minlash mumkin. Bu ishlarga 6 ming 500 dan ziyod aholini jalb etib, ularga daromad manbai yaratish maqsad qilingan.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar