Tadbir Markaziy Osiyo mamlakatlarining davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot institutlari va ekspertlar hamjamiyati vakillarini birlashtirdi.
Ishtirokchilar iqlim o‘zgarishining tog‘li hududlar, aholi salomatligi, suv resurslari va mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ta’siri, shuningdek, eng zaif jamoalarning barqarorligini oshirish choralarini muhokama qildi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sektor mudiri Abdurashid Bozorov «Iqlimga chidamlilik va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy ustuvor yo‘nalishlar» mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdi.
Muhokama davomida iqlim o‘zgarishiga moslashish, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish va aholini iqlim xatarlaridan himoya qilish sohalarida mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Milliy strategiyalarni o‘zaro muvofiqlashtirish, tahliliy ma’lumotlar almashinuvi va Markaziy Osiyo mamlakatlarining qo‘shma tashabbuslarini rivojlantirish zaruratiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sektor mudiri Alisher Xalmurzayev «Iqlim xatarlariga duchor bo‘lgan tog‘li hududlarda barqarorlikni oshirish» mavzusidagi sessiyada ishtirok etib, O‘zbekiston iqtisodiyotini chuqur dekarbonizatsiya qilishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan tahlilni taqdim etdi.
U o‘z chiqishida O‘zbekiston iqtisodiyotini chuqur dekarbonizatsiya qilish uchta keng ko‘lamli o‘zgarishni talab etishini ta’kidladi.
Birinchidan, tabiiy gazga yuqori darajada bog‘liq bo‘lgan tizimdan qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi ancha yuqori bo‘lgan tizimga bosqichma-bosqich o‘tish orqali elektr energetikasi sektorining ekologik tozaligini sezilarli darajada oshirish zarur. Buning uchun elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, energiyani saqlash tizimlarini rivojlantirish va energetika tizimining moslashuvchanligini oshirishga katta miqdorda investitsiyalar talab etiladi.
Ikkinchidan, binolar, transport va sanoatning ayrim tarmoqlarini qamrab olgan holda energiyadan yakuniy foydalanish sektorlarini elektrlashtirish ko‘lamini kengaytirish zarur. Bunda issiqlik nasoslari, elektr transport vositalari va elektr energiyasida ishlaydigan sanoat uskunalaridan kengroq foydalanish nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, elektrlashtirish faqat elektr energiyasining o‘zi ham ekologik jihatdan tozaroq bo‘lgan taqdirdagina chiqindilarning qisqarishiga xizmat qilishi qayd etildi.
Uchinchidan, chiqindilarni kamaytirish ayniqsa murakkab bo‘lgan tarmoqlar uchun maxsus texnologik yechimlar talab etiladi. Sement, kimyo mahsulotlari, o‘g‘itlar va po‘lat ishlab chiqarishni faqat elektrlashtirish hisobiga to‘liq dekarbonizatsiya qilib bo‘lmaydi. Ushbu sohalarda uglerodni tutib qolish texnologiyalari, yashil vodorod, yangi ishlab chiqarish usullari va muqobil materiallarni joriy etish talab etiladi.
Shuningdek, so‘nggi 20 yilda O‘zbekistonda o‘rtacha harorat taxminan 1,5°C ga oshgani ta’kidlandi. Ayni paytda suv resurslariga bosim ham kuchaymoqda — Amudaryo oqimi so‘nggi yigirma yilda taxminan 30% ga, Sirdaryo oqimi esa 10 yil ichida qariyb 10% ga kamaygan. Ushbu o‘zgarishlar qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, bandlik va aholi farovonligi uchun xatarlarni yuzaga keltirmoqda.
Ekspert O‘zbekistonda iqtisodiyotning uglerod sig‘imini kamaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, energiya samaradorligini oshirish va issiqxona gazlari chiqindilarini monitoring qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘zlab berdi.
Xususan, O‘zbekiston iqtisodiyotining energiya sig‘imi Yevropa Ittifoqidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan taxminan 4 baravar, jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan esa 2 baravar yuqori ekani qayd etildi. Shu munosabat bilan energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va ekologik jihatdan tozaroq energiya manbalariga bosqichma-bosqich o‘tish islohotlarning asosiy yo‘nalishlari sifatida ko‘rib chiqilmoqda.
Uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlar sifatida quyosh va shamol energetikasini kengaytirish, issiqlik elektr stansiyalari samaradorligini oshirish, binolarni modernizatsiya qilish, jamoat va elektr transportini rivojlantirish, shuningdek, sanoatda kam uglerodli texnologiyalarni joriy etish belgilandi.
Konferensiya ishtirokchilari Markaziy Osiyodagi iqlim muammolari transchegaraviy xususiyatga ega ekanini va mintaqa davlatlarining muvofiqlashtirilgan harakatlarini talab etishini ta’kidladi. Iqlimga chidamlilikni oshirish uchun energetika, suv resurslaridan foydalanish, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va tog‘li hududlarni rivojlantirish sohalaridagi chora-tadbirlarni birlashtirish zarur.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha mintaqaviy ekspertlar muloqotini davom ettirish, ma’lumot va tajriba almashinuvini kengaytirish, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisi va iqtisodiyotining iqlim o‘zgarishlariga barqarorligini oshirishga qaratilgan qo‘shma yechimlarni ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining
Jamoatchilik bilan aloqalar sektori
Izoh qoldirish