Qog‘oz sanoati qayta ishlash sanoatining bazaviy tarmoqlaridan biri bo‘lib, iqtisodiyotning deyarli barcha sohalarini qadoqlash, sanitariya-gigiyena, poligrafiya va texnik materiallar bilan ta’minlaydi.
Elektron savdo, oziq-ovqat va farmatsevtika sanoatining o‘sishi, iste’mol tovarlari ishlab chiqarishning kengayishi hamda plastik qadoqlarning ayrim turlarini bosqichma-bosqich almashtirish qog‘oz, karton va ulardan tayyorlangan mahsulotlarga barqaror talabni ta’minlamoqda.
Shu nuqtai nazardan, qog‘oz sanoatini rivojlantirish O‘zbekiston uchun alohida ahamiyat kasb etadi. 2017–2025 yillarda tarmoq jadal miqdoriy o‘sish bosqichini bosib o‘tdi. Shu bilan birga, sohada qator muammo va cheklovlar saqlanib qolmoqda.
Tarmoq rivojlanishining 2017–2025 yillardagi asosiy tendensiyalari
2017–2025 yillarda O‘zbekiston qog‘oz sanoatida ishlab chiqarish hajmi 2,4 baravarga oshib, 10,2 trln so‘mga yetdi. O‘rtacha yillik o‘sish qariyb 10,9 foizni tashkil etib, qayta ishlash sanoatining o‘rtacha o‘sish sur’atidan 6,9 foiz yuqori bo‘ldi. Ko‘rib chiqilayotgan davrda tarmoqning YaIMdagi ulushi 0,12 foizdan 0,17 foizgacha oshdi.
Tarmoq ishlab chiqarishining asosini gofrlangan qog‘oz va kartondan tayyorlangan taralar, sanitariya-gigiyena mahsulotlari, yog‘och bo‘lmagan tolali materiallardan olinadigan sellyuloza, salfetka va sochiqlar, sanitariya-maishiy qog‘oz, sellyuloza paxtasi hamda sellyuloza tolalaridan tayyorlangan matolar tashkil etadi.
Qog‘oz va qog‘oz mahsulotlari ishlab chiqarish hududiy jihatdan yuqori darajada jamlangan. 2025 yilda ishlab chiqarishning 44,7 foizi Toshkent shahri, 26 foizi Toshkent viloyati hissasiga to‘g‘ri keldi. Shunday qilib, poytaxt aglomeratsiyasi tarmoq mahsulotlarining 70,7 foizini ishlab chiqardi. Keyingi o‘rinlarda Andijon viloyati 7,2 foiz, Samarqand viloyati 6,3 foiz va Farg‘ona viloyati 6,1 foiz ulush bilan qayd etildi.
Tarmoqda investitsiya faolligi sezilarli darajada oshdi. Asosiy kapitalga investitsiyalar 2017 yildagi 134 mlrd so‘mdan 2025 yilda 1,6 trln so‘mgacha ko‘paydi. Faqat 2025 yilning o‘zida investitsiyalar 35 foizga oshdi. Xorijiy investitsiyalar hajmi 89 mln dollarga, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 61 mln dollarga yetdi.
Faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 2016 yildagi 1 mingtadan 2025 yilda 1,4 mingtagacha ko‘paydi. Ro‘yxat bo‘yicha band bo‘lganlar soni 2017 yildagi 7 ming nafardan 2024 yilda 13 ming nafargacha, ya’ni 84 foizga oshdi. Bitta korxonada ishlovchilarning o‘rtacha soni 6,1 nafardan 9,7 nafargacha ko‘paydi. Bu ishlab chiqarish korxonalarining yiriklashib borayotganini ko‘rsatadi, biroq tarmoqda hamon asosan kichik korxonalar faoliyat yuritmoqda.
Qog‘oz sanoati mahsulotlari eksporti 2016 yildagi 20 mln dollardan 2022 yilda rekord darajadagi 130 mln dollargacha oshdi. Shundan so‘ng eksport hajmi uch yil ketma-ket qisqarib, 2025 yilda 83 mln dollarni tashkil etdi. Bu 2016 yildagi ko‘rsatkichdan 4 baravar yuqori, biroq 2022 yildagi eng yuqori darajadan 36 foiz past. Qisqarish, birinchi navbatda, 2022 yilga nisbatan paxta sellyulozasi eksportining 18 foizga, ayollar sanitariya-gigiyena mahsulotlarining 85 foizga va oboylar eksportining 60 foizga kamayishi bilan bog‘liq.
2025 yilda asosiy eksport bozorlari Qozog‘iston, Tojikiston, Janubiy Koreya, Ozarbayjon va Rossiya bo‘ldi. Yetakchi beshta yo‘nalish eksportning 52 foizini, birinchi o‘ntalikka kirgan Markaziy Osiyo mamlakatlari esa 40 foizini tashkil etdi. Shu tariqa, Markaziy Osiyo O‘zbekiston qog‘oz mahsulotlari eksportining tabiiy asosiy bozori bo‘lib, yetkazib berish geografiyasi nisbatan diversifikatsiyalangan holda saqlanib qolmoqda.
2016–2025 yillarda import 3,1 baravarga, ya’ni 179 mln dollardan 552 mln dollargacha oshdi. Yirik import pozitsiyalari qatoriga sanitariya-gigiyena mahsulotlari, oboylar, ko‘p qatlamli kraft-qog‘oz va karton, rulonlardagi qog‘oz va karton hamda boshqa mahsulotlar kiradi. Asosiy yetkazib beruvchilar Rossiya, Xitoy, Turkiya, Germaniya va Qozog‘iston bo‘lib, ular hissasiga importning 86 foizi to‘g‘ri keladi.
Shunday qilib, O‘zbekiston qog‘oz mahsulotlarining netto-importchisi hisoblanadi. 2025 yilda import eksportdan 6,7 baravar yuqori bo‘lib, tashqi savdoning salbiy saldosi 469 mln dollarni tashkil etdi. Eng katta taqchillik sanitariya-gigiyena mahsulotlari, oboylar, ko‘p qatlamli kraft-qog‘oz va karton bo‘yicha kuzatildi.
Keyingi rivojlanish ustuvorliklari
Ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha qog‘oz sanoati O‘zbekiston sanoatining qator alohida segmentlari, xususan, tamaki, charm-poyabzal, farmatsevtika va mebel sanoatidan yuqori ko‘rsatkichga ega. Tarmoq mintaqaviy miqyosda ham yetakchi o‘rinni egallaydi. 2025 yilda ishlab chiqarish hajmi dollar hisobida O‘zbekistonda 809 mln dollar, Qozog‘istonda 327 mln dollar, Tojikistonda 26 mln dollar va Qirg‘izistonda 18 mln dollar deb baholangan. Tarmoq alohida uzoq muddatli davlat siyosati va tizimli muvofiqlashtirishni talab qiladigan darajaga yetgan.
So‘nggi o‘n yillikdagi jadal o‘sishga qaramay, tarmoq qator cheklov va muammolarga duch kelmoqda. Asosiy fundamental cheklov yirik o‘rmon xomashyo bazasining mavjud emasligi bilan bog‘liq. O‘zbekiston yog‘och sellyulozasi ishlab chiqarish rivojlangan mamlakatlar modelini to‘g‘ridan-to‘g‘ri takrorlay olmaydi. Shu nuqtai nazardan, raqobatbardosh model makulaturani qayta ishlash, paxta linti va iqtisodiy jihatdan maqbul agrotolalardan foydalanishga asoslanishi lozim. Shuningdek, makulaturani qabul qilish, saralash va presslash punktlari faoliyatini, tarmoq uchun xomashyoni yig‘ish va qayta ishlash tizimini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish maqsadga muvofiq.
Ishlab chiqarish hajmini oshirish va mahsulot turlarini kengaytirish uchun makulaturadan tara kartoni va testlayner, gofrlash uchun qog‘oz, gofroqadoq, sanitariya-gigiyena qog‘ozi, qog‘oz qoplar, etiketkalar, oziq-ovqat va farmatsevtika mahsulotlari uchun qadoqlar ishlab chiqarish talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar hisoblanadi. Ushbu mahsulotlar importining yuqoriligi ichki bozorda talab mavjudligini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, eksport dinamikasini, birinchi navbatda, tayyor mahsulotlar hisobiga tiklash maqsadga muvofiq. Qog‘oz mahsulotlariga talab o‘sib borayotgan Markaziy Osiyo, Kavkaz mamlakatlari va Afg‘oniston istiqbolli bozorlar bo‘lib qolmoqda.
Xulosa
2017–2025 yillarda O‘zbekiston qog‘oz sanoati ishlab chiqarishning yuqoriroq darajasiga chiqdi. Bandlik va korxonalar soni oshdi, tarmoqning qayta ishlash sanoatidagi o‘rni kengaydi, yangi ishlab chiqarish quvvatlari paydo bo‘ldi.
Shu bilan birga, sifat jihatidan transformatsiya jarayoni hali yakunlangan emas. Tarmoqning keyingi rivojlanishi ikkilamchi va mahalliy tolali xomashyoni qayta ishlash, karton, zamonaviy qadoq va tayyor qog‘oz mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha raqobatbardosh kompleksni rivojlantirish, shuningdek, ichki va tashqi bozorlarga yo‘naltirilgan mahalliy qo‘shilgan qiymatni oshirishga qaratilishi lozim.
Izoh qoldirish