Ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandislariga ko‘chmas mulk ob’yektlarining birlamchi kadastr yig‘majildini tayyorlash huquqi beriladi
Toshkent viloyati va Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan mazkur tajriba-sinov 2022 yil 31 dekabrga qadar amal qiladi hamda uning doirasida:
2021 yil 1 apreldan boshlab Kadastr agentligi tomonidan beriladigan malaka shahodatnomasiga ega ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandislariga, shu jumladan, ko‘chmas mulk ob’yektlariga birlamchi kadastr yig‘majildini tayyorlash huquqi beriladi.
Nodavlat tashkilotlarga haydovchilik guvohnomasini olishda nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqi beriladi
Haydovchilik guvohnomasini berish sohasida avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyati uchun litsenziyaga ega tadbirkorlik sub’yektlariga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqi beriladi.
Professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirishni tashkil etiladi
“Malakalarni baholash tizimini tubdan takomillashtirish va mehnat bozorini malakali kadrlar bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2021 yil 1 aprelgacha “profstandart.uz” kasbiy standartlarning yagona ochiq portali ishlab chiqiladi. Shuningdek, 2021 yil 1 apreldan yangi kasbiy standart qabul qilinganda yoki amaldagilariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganda, tasarrufida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar navbatdagi o‘quv yili boshlanishidan oldin ta’lim tashkilotlarining tegishli ta’lim dasturlarini qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirishni tashkil etadi.
Mahalliy eksportchilar qilgan ayrim chet eldagi xarajatlarning 50 foizi qoplab beriladi
Mahalliy eksportchi korxonalarning savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, shuningdek, reklama kampaniyalarini tashkil qilish bilan bog‘liq chet eldagi xarajatlarining 50 foizi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Intellektual mulk ob’yektlarini davlat ro‘yxatiga olish muddatlarini keskin qisqartirish maqsadida tezkor ekspertiza tartibi joriy etiladi
Prezident qaroriga binoan:
– intellektual mulk sohasidagi xalqaro shartnomalar normalaridan kelib chiqib, tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisining faqat tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilishiga nisbatan qonunchilikdagi mavjud cheklovlar bekor qilinadi;
– intellektual mulk ob’yektlarini davlat ro‘yxatiga olish muddatlarini keskin qisqartirish imkoniyatlarini yaratuvchi tezkor ekspertiza tartibi joriy etiladi.
«El-yurt umidi» jamg‘armasi hisobidan xorijda bakalavriat ta’lim dasturlari bo‘yicha 2021 yilda 100 nafar yoshlarning xorijga ta’lim olish uchun yuborilishi boshlanadi
Prezident farmoni bilan Respublikada talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha iqtidorli mutaxassislarni nufuzli xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarda tayyorlash maqsadida:
– «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali nufuzli xorijiy oliygohlarning magistratura va doktoranturasida o‘qishga yuboriladigan yoshlar soni 5 baravarga oshiriladi;
– «El-yurt umidi» jamg‘armasi hisobidan xorijda bakalavriat ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitish tizimi joriy etilib, 2021 yilda 100 nafar yoshlar xorijga ta’lim olish uchun yuboriladi;
– «El-yurt umidi» jamg‘armasi ta’lim dasturlari bo‘yicha nomzodlarni saralashni ochiq stipendiya tanlovi asosida respublikaning barcha fuqarolari uchun ularning respublikadagi ish va o‘qish joyidan qat’i nazar muntazam ravishda o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
– bakalavriat, magistratura va doktoranturada o‘qish dasturlari uchun stipendiya tanlovini nufuzli xorijiy ta’lim, ilmiy yoki boshqa muassasadan o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi taklifnoma asosida o‘tkazish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.
Respublika «Qorako‘lchilik» uyushmasi a’zolariga import qilingan qo‘y bosh sonining 50 foizidan oshmagan qismini tirik va xom go‘sht ko‘rinishida eksport qilishga ruxsat etiladi
Prezident qaroriga asosan Respublika «Qorako‘lchilik» uyushmasi a’zolariga o‘zlari tomonidan import qilingan qo‘y bosh sonining 50 foizidan oshmagan qismini tirik va xom go‘sht ko‘rinishida (TIF TN bo‘yicha 0104 va 0204 kodlari) eksport qilishga ruxsat etiladi, bunda eksport kontraktlari monitoringi Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi va Uyushma tomonidan yuritiladi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksi joriy qilinadi
Prezident farmoni bilan nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksi joriy qilinadi va unga ko‘ra har yil yakunlari bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, ijtimoiy sheriklik darajasi, ajratilgan subsidiya, grant va ijtimoiy buyurtmalar natijadorligi va boshqa muhim faoliyat ko‘rsatkichlariga asosan ularning reytingi tuziladi.
Har bir mahallaning ID identifikatsiya raqami va hududiy chegarasi ko‘rsatilgan yagona elektron ma’lumotlar bazasi joriy etiladi
“Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (122-son, 05.03.2021 y.) qabul qilindi.
2021 yil 1 apreldan:
- Davlat xizmatlari agentligining “FHDYoning yagona elektron arxivi” axborot tizimiga vasiylikka va homiylikka olingan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi orqali taqdim etiladi;
- davlat va nodavlat umumta’lim tashkilotlariga o‘quvchini o‘qishga qabul qilishdan boshlab bitirgunga qadar, shuningdek O‘zbekistondagi davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari, kasb-hunar maktablari, kollejlar, texnikumlar, akademik litseylarning talaba(o‘quvchi)larini o‘qishga qabul qilishdan boshlab bitirgunga qadar ushbu ta’lim tashkilotlarining tegishli buyruqlari va boshqa hujjatlar faqat yagona elektron ma’lumotlar bazasida shakllantiriladi va rasmiylashtiriladi.
O‘zbekistonga sementni olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi
Uy-joylar narxini arzonlashtirish bo‘yicha prezident farmoniga asosan 2021 yil 1 oktyabrga qadar sement mahsulotini (TIF TN kodi 2523) O‘zbekiston hududiga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanadi.
Bundan tashqari, farmonda uy-joylar narxini arzonlashtirish bo‘yicha o‘rnatiladigan yangi tartibga ko‘ra boshqa bir qator choralar ham belgilangan.
Ayrim pensionerlarning oylik pensiya miqdori 10 foizdan 20 foizgacha oshiriladi
“Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–6195-son, 25.03.2021 y.) qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, 2021 yil 1 apreldan:
“Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatining:
- rahbar va shifokorlar oylik lavozim maoshi 1,5 barobarga;
- o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari oylik lavozim maoshi 2 barobarga;
- boshqa barcha xodimlar oylik lavozim maoshi 1,2 barobarga;
- Agentlik markaziy apparati xodimlarining oylik lavozim maoshi 1,5 barobarga, uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlari hamda Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi markaziy apparati va uning hududiy komissiyalari xodimlari oylik lavozim maoshi 1,2 barobarga;
- “Saxovat” internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatida yashovchi yolg‘iz pensionerlarga shaxsiy sarf-xarajatlari uchun kamida to‘lanadigan oylik pensiya miqdori 10 foizdan 20 foizgacha oshiriladi.
Shuningdek, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida 1 nafardan kutubxonachi shtat birligi joriy etiladi.
Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan ommaviy tadbirlar o‘tkazishga ayrim cheklovlar o‘rnatiladi
Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan, to‘y va oilaviy marosimlarni 100 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda o‘tkazish belgilandi. Bundan tashqari, teatr, kino, va konsert dasturlarini tashkil etishda bir qancha cheklovlar ham qo‘yilmoqda.
«Zootexnik», «veterinar-shifokor», «feldsher-veterinar», «usta-chavandoz», «ot parvarishlovchi», «taqachi» mutaxassisliklari uchun shifokor, hamshira, trener va sportchilarga tenglashtirilgan darajada oylik maoshlar to‘lanadi
Prezident qaroriga binoan ot sportini rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadigan «zootexnik», «veterinar-shifokor», «feldsher-veterinar», «usta-chavandoz», «ot parvarishlovchi», «taqachi» mutaxassisliklari uchun shifokor, hamshira, trener va sportchilarga tenglashtirilgan darajada oylik maoshlar to‘lanadi.
Olis va chekka hududlarda joylashgan pochta aloqasi ob’yektlarida kamida 13 turdagi davlat xizmati autsorsing asosida tashkil etiladi
Prezident qaroriga asosan olis va chekka hududlarda joylashgan pochta aloqasi ob’yektlarida kamida 13ta turdagi davlat xizmati autsorsing asosida tashkil etiladi.
Bunda, pochta aloqasi xizmati haqi ko‘rsatilgan davlat xizmatlari uchun to‘lanadigan davlat bojlari, yig‘imlari va barcha turdagi to‘lovlar summasining 10 foizi miqdorida belgilanadi va Davlat xizmatlari agentligi tomonidan mablag‘larning o‘ziga yo‘naltiriladigan qismi hisobidan to‘lab beriladi.
Qimmatbaho metall va toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini ichki va tashqi bozorlarda elektron tijorat orqali sotishga ruxsat beriladi
«Zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga asosan:
1) zargarlik buyumlariga asillik darajasi tamg‘asi va ishlab chiqaruvchining shaxsiy tamg‘asi mexanik (zarb) yoki lazer usullari yordamida tushirishga ruxsat etiladi;
2) zargarlik buyumlarini asillik darajasi tamg‘asi va ishlab chiqaruvchining shaxsiy tamg‘asi bilan tamg‘alash usuli zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan mustaqil belgilanadi;
3) affinaj faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga o‘zlari ishlab chiqargan o‘lchovli yombilarni jismoniy va yuridik shaxslarga sotishga ruxsat beriladi;
4) qimmatbaho metall va toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini ichki va tashqi bozorlarda elektron tijorat orqali sotishga ruxsat beriladi.
Byudjet jarayoni ochiqligini ta’minlash tartibini buzganlik uchun javobgarlikka tortish boshlanadi
O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 30 dekabrdagi 660-sonli Qonuniga asosan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 175-7-modda bilan to‘ldirilib, byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlash tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilanib, ushbu modda 2021 yil 1 apreldan kuchga kirishi nazarda tutilgan.
Kam ta’minlangan oilalar «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali aniqlanadi hamda ularga ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam tayinlanadi
Hukumat qaroriga asosan Kam ta’minlangan oilalarni «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali aniqlash hamda ularga ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom 2021 yil 1 apreldan boshlab amalga kiritiladi.
Ushbu nizomda quyidagilar nazarda tutilgan:
- ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam tayinlash shartlari;
- ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam olish uchun murojaat qilish va uni ko‘rib chiqish hamda ularni to‘lash tartibi;
- ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam uchun to‘lovlarni moliyalashtirish tartibi.
Xorijiy mamlakatlardan mahsulot olib kirgan transport vositalarining yukxonalari karantin nazoratidan o‘tkaziladi
Prezident qaroriga ko‘ra, respublika hududiga xorijiy mamlakatlardan mahsulotlarni olib kirgan transport vositalari (samolyotlar, temir yo‘l vagonlari va konteynerlari, yuk avtomashinalari) yukxonalarini karantin nazoratidan o‘tkazish va «detektor — xizmat it»laridan foydalanish hamda zarur hollarda fumigatsiya qilish (zararsizlantirish) tizimi joriy qilinadi.
Rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanadi
«Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoniga asosan o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanadi hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatlari joriy etiladi.
Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi xodimlarining ish haqi OTM xodimlariga tenglashtiriladi
Hukumat qaroriga ko‘ra, Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi direktorining mehnatga haq to‘lash shartlariga ko‘ra bazaviy lavozim maosh miqdorlari oliy ta’lim muassasasi rektoriga, direktorning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari — oliy ta’lim muassasasi prorektoriga, tarkibiy bo‘linmalar boshliqlari — oliy ta’lim muassasasining fakultet dekaniga, metodistlarining ish haqi miqdori — oliy toifali o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi.
XTV tizimidagi metodistlarning ish haqi miqdori oliy toifali o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi
Prezident farmoni bilan Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi metodistlarning ish haqi miqdori — oliy toifali o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga, kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari uslubchi-maslahatchilarining ish haqi miqdori — bosh o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi.
Oliy va birinchi navli bug‘doy uni mikronutriyentlar bilan boyitilgan taqdirdagina respublika hududida sotishga ruxsat etiladi
«Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» prezident qaroriga binoan birinchi nav bug‘doy uni bilan bir qatorda oliy nav bug‘doy uni mikronutriyentlar bilan boyitilgan taqdirda respublika hududida realizatsiya qilishga ruxsat etiladi.
Yer maydonlarini plantatsiya usulida intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish va yetti yil muddatda to‘lash sharti bilan aholiga sotish tizimi yo‘lga qo‘yiladi
Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlarda hudud ixtisosligidan kelib chiqib, tuman hokimliklari zaxirasidagi yaxlit holda 300 gektargacha yer maydonlarida plantatsiya usulida intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish va yetti yil muddatda to‘lash sharti bilan aholiga sotish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Davlat xaridlari ijrochisining muassislari to‘g‘risidagi ma’lumotlar davlat buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalar reyestriga kiritiladi
Davlat xaridlari ijrochisining muassislari to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi axborot tizimlari o‘rtasidagi axborot almashinuvidan foydalangan holda davlat buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalar reyestriga kiritiladi.
Respublika darajasidagi davlat tashkilotlarining ijro intizomiga mas’ul bo‘linmalari rahbarlarini lavozimga tayinlash va ozod etish Prezident Administratsiyasi bilan kelishiladi
Barcha respublika darajasidagi davlat organlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining ijro intizomiga mas’ul bo‘linmalari rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish masalalari majburiy tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Ijro intizomini ta’minlash shu’basi bilan kelishiladi.
Izoh qoldirish