Biometrik pasport yoki ID-karta mavjud haydovchidan «prava», texpasport, ishonchnoma va sug‘urta polisi talab etilmaydi
Prezident 2021 yil 30 noyabrda imzolagan qonunga asosan haydovchi yonida pasporti yoki ID-kartasi bo‘lganida quyidagi hujjatlarni olib yurishi talab etilmaydi:
- transportni boshqarish, ro‘yxatdan o‘tkazganlikka oid hujjatlar;
- ishonchnoma;
- sug‘urta polisi.
Bunda, ushbu hujjatlar mavjudligi YPX xodimi tomonidan elektron tizim orqali mustaqil tekshiriladi.
O‘zbekistonda niqob taqish majburiyati bekor qilinadi
Respublika maxsus komissiyasining 23 fevraldagi qaroriga muvofiq, 1 martdan e’tiboran O‘zbekistonda niqob taqib yurish majburiyati talabi bekor qilindi.
UJK xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha imtiyozlar o‘rniga oylik kompensatsiya to‘lovlari joriy etiladi
Prezidentning 2022 yil 28 yanvardagi farmoni bilan uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha imtiyozlar o‘rniga oylik kompensatsiya pul to‘lovlari, uni olish huquqiga ega bo‘lgan barcha imtiyozli toifadagi shaxslarga, ushbu shaxslarning pensiya (ijtimoiy nafaqa) olishi yoki olmasligi hamda mehnat faoliyatini olib borishi yoki olib bormasligidan qat’i nazar to‘lab boriladi.
Ijtimoiy nafaqa oluvchi o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz shaxslarga kompensatsiya to‘lovi joriy etiladi. Bunda, har oylik kompensatsiya to‘lovi — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 45 foizi (130 050 so‘m) miqdorida to‘lanadi.
Yoshi 100 ga to‘lgan va undan oshgan ijtimoiy nafaqa oluvchi shaxslar uchun har oyda — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 100 foizi (289 ming so‘m) miqdorida qo‘shimcha to‘lov belgilanadi. Bunda, qo‘shimcha to‘lov pensiya va nafaqa tayinlangan tashkilot orqali respublika byudjeti va byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar beriladi
Prezidentning 2021 yil 21 dekabrdagi qaroriga binoan Soliq kodeksining 380-moddasi birinchi qismiga muvofiq bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun daromad solig‘i bo‘yicha belgilangan imtiyoz mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,41 baravaridan 3 baravarigacha oshiriladi.
2024 yil 1 martga qadar ish beruvchilarga (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) ular tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi Davlat byudjetidan to‘liq qaytarib beriladi.
Bunda, ijtimoiy soliq summasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning olti oy davomida uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi sharti bilan yettinchi oydan boshlab qaytariladi.
Meva-sabzavotchilik klasterlari vafermer xo‘jaliklariga xorijlik mutaxassislarni jalb qilish harajatini 50 foizi kompensatsiya qilinadi.
Prezidentning 2021 yil 15 dekabrdagi qaroriga ko‘ra, meva-sabzavotchilik klasterlari (kooperatsiyalar) va fermer xo‘jaliklariga — eksport shartnomasi mavjud bo‘lib, meva-sabzavot hosilini xavf-xatardan sug‘urtalash xizmatidan foydalanganda to‘langan sug‘urta mukofotining 50 foizi, biroq sug‘urta pulining 1 foizdan ortiq bo‘lmagan qismi qoplab beriladi.
Meva-sabzavotchilik klasterlariga (kooperatsiyalarga) — xorijdan malakali agronom, entomolog, laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq bir oyga 1 nafar mutaxassis uchun 1 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmagan qismi Qishloq xo‘jaligi vazirligining tuman bo‘limlari orqali kompensatsiya qilinadi.
Yoshlarga 13 turdagi yordam mahalladagi yoshlar yetakchilari tavsiyasi asosida beriladi
Prezidentning 2022 yil 19 yanvardagi qaroriga asosan barcha mahallalarda joriy etilgan Ëshlar yetakchisi tavsiyasi bilan o‘ziga tegishli hududdagi yoshlarga 13 turdagi yordam, jumladan ijtimoiy qiyin ahvolga tushib qolgan yoshlarga moddiy yordam va subsidiya ajratishda ko‘maklashiladi. Qolaversa, yosh oilalarga imtiyozli kredit olib berish, nodavlat ta’lim kurslarida o‘qish, nogironligi bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlashga subsidiyalar ham beriladi.
Yana 5 turdagi davlat xizmati my.gov.uz portali orqali onlayn ko‘rsatiladi
Hukumatning 2021 yil 15 oktyabdagi qarori bilan quyidagi xizmatlar YaIDXP (my.gov.uz) orqali elektron shaklda ko‘rsatiladi:
- O‘zbekistonga chet davlat fuqarosini taklif qilish;
- chet davlatda O‘zbekiston fuqaroligini tasdiqlash bo‘yicha tegishli hujjatlar va ma’lumotnomalar olish;
- sudlanganlik (sudlanmaganlik) haqidagi ma’lumotlar olish;
- avtotransport vositalarida taqiq mavjudligini tekshirish;
- jazoni ijro etish muassasalari va manzil koloniyalarida saqlanayotganlarni ularning yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv vaqtini belgilash.
Ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalari mulkdorlarga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladi
Prezidentning 2021 yil 31 dekabrdagi qaroriga muvofiq, davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlariga ular egaligidagi bino va inshootlarga tutash (chegaradosh) bo‘lgan yer uchastkalari quyidagi shart va majburiyatlar bilan ularga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladi:
- yer uchastkalarini obod holda saqlash;
- daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni parvarish qilish va sug‘orish;
- yig‘ishtirish-tozalash ishlarini amalga oshirish va chiqindi qutilarini o‘rnatish;
- bolalar maydonchalari, o‘tirish joylari (skameykalar), tungi yoritish tizimini o‘rnatish, ta’mirlash va saqlash;
- aholi uchun piyoda yo‘laklarini barpo etish, ta’mirlash va lozim darajada saqlash.
Doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladigan yer uchastkalarida bino, inshoot, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish hamda yengil konstruksiyali ob’yektlarni o‘rnatish va qurish taqiqlanadi.
Sement, klinker va qurilish oynalari eksportiga cheklovlar bekor qilinadi
Prezidentning 2022 yil 21 fevraldagi qaroriga asosan boshlab barcha yuridik shaxslarga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sement, sement klinkeri va qurilish oynalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida cheklovlarsiz (kvotasiz) eksport qilishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, 2024 yil 1 yanvarga qadar Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga (ularning vakolatli vakillariga) qurilish materiallarini barcha mamlakatlarga, shu jumladan chegaradosh davlatlarga avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha miqdorini kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi.
IIV tizimidagi «Topilmalar stoli» faoliyati tugatiladi
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 18 yanvardagi qaroriga ko‘ra, IIV «Topilmalar stoli» faoliyati tugatiladi. Uning o‘rniga tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari tomonidan yo‘qolgan va topib olingan ashyolarni qabul qilish, saqlash va egalariga qaytarish yoki tegishli davlat tashkilotlariga topshirish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilishi boshlanadi.
Shuningdek, yo‘qolgan ashyolarni qidirish bo‘yicha murojaatlar YaIDXP orqali ham qabul qilinishi yo‘lga qo‘yiladi.
«E-ekspertiza» yagona elektron axborot tizimi ishga tushiriladi
Prezidentning 2021 yil 5 iyuldagi qarori bilan sud ekspertlari va ekspertiza to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish, ularga ishlov berish jarayonlarini kompleks avtomatlashtirish, aholiga va vakolatli organlarga sud-ekspertlik faoliyatiga doir ma’lumotlarni yetkazish, ekspertiza harakatlarini amalga oshirishga aloqador tashkilotlar bilan axborot hamkorligining barcha turlarini ta’minlash uchun mo‘ljallangan «E-ekspertiza» yagona elektron axborot tizimi ishga tushiriladi.
Yeruchastkalaridan oqilona foydalanish vamuhofaza qilishda jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi
Prezidentning 2022 yil 21 fevraldagi qaroriga binoan yer uchastkalaridan oqilona foydalanish va muhofaza qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytiriladi:
- aholi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash va ulardan noqonuniy foydalanish holatlari bo‘yicha Bosh prokuratura (1007 qisqa raqami) va Kadastr agentligiga (1097 qisqa raqami) yuborilgan fotosurat va videoyozuvlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi;
- fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchilariga (keyingi o‘rinlarda — hokim yordamchilari) o‘z hududida qurilishi boshlangan har qanday bino yoki inshootlarning qonuniyligini aniqlash bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga, qurilish va kadastr organlariga so‘rov yuborish huquqi beriladi.
Bunda mazkur so‘rovlar 5 ish kunida majburiy tartibda ko‘rib chiqilib, qurilishi boshlangan bino va inshootlarga ruxsat beruvchi hujjatlar mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot taqdim etiladi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari so‘rovlar asosida olingan ma’lumotlarni o‘z binosida barcha fuqarolar uchun ko‘rinarli bo‘lgan joyda joylashtiradi hamda aniqlangan noqonuniy holatlar bo‘yicha ma’lumotlarni bir kunlik muddatda yer sohasida nazoratni amalga oshiruvchi organlarga taqdim etadi.
Izoh qoldirish