O‘zbekiston Prezidenti 2022 yildan boshlab Konstitutsiyaga to‘qqizta o‘zgartirish kiritishni taklif qildi. Bu haqida mamlakat rahbari bayram tabrigiga bag‘ishlangan nutqida bayon qildi.
Muhtaram do‘stlar!
Hayotimiz qomusi bo‘lgan Konstitutsiyamiz mustaqillik yillarida erishgan barcha yutuq va marralarimizning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib kelayotganini hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.
Aynan Konstitutsiyamizga tayanib, biz bundan besh yil oldin mamlakatimizda Harakatlar strategiyasini qabul qildik va Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlarni boshladik. O‘tgan qisqa davrda jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy manzarasi butunlay o‘zgardi. Erkinlik va ochiqlik, qonun ustuvorligi, jahon hamjamiyati bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik davlatimiz siyosatining asosiy yo‘nalishiga aylandi.
Davlat organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tobora kengayib bormoqda. Senator va deputatlar, vazir va hokimlar, barcha mansabdor shaxslar quyi bo‘g‘inga, mahalla darajasiga tushib, aholi bilan bevosita uchrashib, ularning muammolarini joyida hal etmoqda.
Muhim qaror va qonunlar loyihalarini, byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanish, davlat xaridlari masalalarini muhokama qilish jarayonida bugun fuqarolarimiz faol ishtirok etmoqda. Shu asosda davlat tashkilotlari va fuqarolik institutlari o‘rtasidagi hamkorlik va jamoat nazorati yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Bunday natijalarga erishishda Konstitutsiya va qonunlarimiz talablaridan kelib chiqib, iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini uy-joy bilan ta’minlash, tibbiyot va ta’lim sohalaridagi muammolar, majburiy mehnat, xususan, bolalar mehnati, ishsizlik, kambag‘allik, korrupsiyaga qarshi kurash masalalari keng jamoatchiligimiz ishtirokida hal etilayotgani muhim rol o‘ynamoqda.
Ayniqsa, muhtaram faxriylarimiz, xotin-qizlar, yoshlar, aholining yordamga muhtoj qatlamlarining huquq va manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mahalliy kengashlar faoliyati ham jonlanmoqda. Shu yilning o‘zida ushbu tuzilmalar orqali fuqarolarning 29 mingdan ziyod muammolari ijobiy hal etilgani, o‘z vazifasini mas’uliyat bilan ado etmayotgan rahbarlarga nisbatan tegishli qonuniy choralar ko‘rilayotgani ham shundan dalolat beradi.
Ilk bor mansabdorlarni noqonuniy harakatlardan tiyib turadigan ma’muriy sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular orqali joriy yilning o‘zida 6,5 mingdan ortiq fuqaro va tadbirkorning huquqlari tiklandi.
Bu yil 4 mingdan ortiq shaxs sud zalidan ozod qilinib, 8 mingga yaqin fuqaroga nisbatan asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarilgani, 859 nafar shaxs oqlangani sud-tergov sohasidagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir.
Hozirgi kunda koloniyalardagi mahkumlarning qariyb 80 foizi mehnatga jalb etilgan bo‘lsa-da, ularning ishlagan yillari umumiy mehnat stajiga qo‘shib hisoblanmaydi va pensiya tayinlashda inobatga olinmaydi. Xususan, o‘zining aniq tadbirkorlik loyihasini taqdim etib, mustaqil faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan sobiq mahkumlarga Probatsiya xizmatini rivojlantirish jamg‘armasidan 10 million so‘mgacha bir martalik moddiy yordam beriladi.
Taraqqiyot strategiyasida o‘z aksini topayotgan, adolatli va xalqparvar davlat barpo etishda muhim ahamiyat kasb etadigan vazifalarni amalga oshirish uchun, avvalo, yangi konstitutsiyaviy makon hamda yanada mustahkam qonunchilik bazasi kerak bo‘lishini, o‘ylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz. Shu ma’noda, Asosiy qonunimizni jamiyatdagi bugungi real voqelikka, shiddatli islohotlarimiz mantig‘iga moslashtirish, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun mustahqam huquqiy poydevor yaratish muhim vazifaga aylanmoqda.
Birinchidan, ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirish, uni milliy qonunchiligimiz va huquqiy amaliyotimizda mustahkamlash zarur.
Ikkinchidan, iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini ta’minlash bosh mezon bo‘lishi kerak. Bu – xalqparvar davlat barpo etishning eng muhim shartidir.
Uchinchidan, “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan ezgu g‘oya doirasida Asosiy qonunimizda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlash ham davr talabidir.
To‘rtinchidan, Bosh qomusimizda oila institutini rivojlantirish, ezgu insoniy qadriyatlarimizni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha konstitutsiyaviy asoslarni belgilab qo‘yishimiz zarur.
Beshinchidan, farzandlarimiz Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida maydonga chiqayotgan bugungi kunda Konstitutsiyamizda yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlash maqsadida yoshlar sohasidagi davlat siyosati, o‘g‘il-qizlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi, ularning huquq va burchlari konstitutsiyaviy darajada o‘z aksini topishi kerak.
Oltinchidan, hozirgi kunda O‘zbekiston ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish sari dadil bormoqda. Shu sababli “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashning vaqti-soati yetdi, deb o‘ylayman.
Yettinchidan, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amaldagi tizimning samarasini oshirish maqsadida Konstitutsiyamizda bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik, nogironlar, keksa avlod vakillarining huquqlarini ishonchli himoya qilish masalalari ham o‘z aksini topishi zarur.
Sakkizinchidan, hozirgi vaqtda ko‘plab rivojlangan davlatlar, tabiatdagi global o‘zgarishlarni hisobga olib, o‘z konstitutsiyasiga ekologiyaga oid maxsus boblar kiritmoqda. O‘zbekiston Konstitutsiyasida ham ushbu dolzarb masalaga doir huquqiy normalar ustuvor o‘rin egallashi lozim.
To‘qqizinchidan, Uchinchi Renessansning to‘rt uzviy halqasi bo‘lmish bog‘cha, maktab, oliy ta’lim va ilm-fan sohalarini rivojlantirish masalalarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yish ham maqsadga muvofiqdir.
Aziz va qadrli vatandoshlar!
Mana shu ulug‘ ayyomda xalqimizning dilidagi bir fikrni yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman: Yangi O‘zbekistondagi islohotlar endi hech qachon ortga qaytmaydi.
Yangi O‘zbekiston g‘oyasi el-yurtimizning ulkan intilish va irodasi bilan umumxalq harakatiga aylanmoqda. Barchamiz ana shu ulug‘ maqsad yo‘lida yanada jipslashib, g‘ayrat-shijoat va mas’uliyat bilan fidokorona mehnat qilsak, ko‘zlagan yuksak marralarimizga albatta yetamiz.
Ishonchim komil, oradan yillar, asrlar o‘tadi, lekin g‘oyat qiyin va murakkab, og‘ir sinovli yillarda Yangi O‘zbekistonni bunyod etishga munosib hissa qo‘shgan insonlarni kelgusi avlodlar minnatdorlik bilan eslaydi.
Barchamizga ana shunday buyuk baxt va sharaf yor bo‘lsin!
Jonajon O‘zbekistonimiz doimo gullab-yashnasin!
Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin!
Siz, aziz vatandoshlarimni Konstitutsiya kuni bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Izoh qoldirish