2021 yil 1 dekabrdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarga umumiy sharh.
“K – SAVDO” avtomatlashtirilgan axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tish
“Ko‘chma savdo faoliyatiga axborot texnologiyalarini joriy etish va savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–5136-son, 04.06.2021 y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2021 yil 1 dekabrdan:
- ko‘chma savdo faoliyati tadbirkorlar tomonidan ko‘chma savdo ob’yektlarini elektron tarzda “K – SAVDO” avtomatlashtirilgan axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bunda, ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘im undirilmaydi;
- ko‘chma savdo joyi (xususiy mulkdorlarga tegishli joylardan tashqari) ko‘chma savdo ob’yektlarining joylashish sxemalari bo‘yicha “K – SAVDO” AAT orqali elektron auksionda sotiladi.
Bunda, auksionning boshlang‘ich narxi tegishli tuman (shahar)dagi yer uchastkasining yer solig‘i miqdorida belgilanadi.
Auksion g‘olibi tomonidan ko‘chma savdo joyining qiymati to‘liq to‘langanidan so‘ng unga “K – SAVDO” AAT orqali avtomatik ravishda QR-kod qo‘yilgan guvohnoma beriladi hamda u mazkur joydan 36 oy muddatga foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Bunda ko‘chma savdo joyidan foydalanish bo‘yicha shartnoma tuzish talab etilmaydi.
“Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi
“Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–6247-son, 16.06.2021 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
2021 yil 1 dekabrdan:
- yil yakunlari bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarining Ochiqlik indeksi aniqlanadi;
- quyidagi tadbirlar telekanallar, shuningdek, Internet orqali jonli efirga uzatiladi:
- Qonunchilik palatasi va Senat majlislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari;
- taraflarning roziligi bilan ayrim huquqbuzarliklarga va oilaviy nizolarga oid fuqarolik sud ishlari.
Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reyting
“Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2021 yil 1 dekabrdan har yil yakuni bo‘yicha korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reyting e’lon qilib boriladi.
Aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari
“Davlat xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi
2021 yil 1 dekabrdan:
- chet elda doimiy yashovchi O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, xorijiy jismoniy va yuridik shaxslar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga elektron raqamli imzo kaliti sertifikatlarini O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan berish orqali elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoni yaratiladi;
- O‘zbekistonda doimiy yashamaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami soddalashtirilgan tartibda tuman (shahar) migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalarida hamda davlat xizmatlari markazlarida amalga oshiriladi;
- litsenziya, ruxsatnoma, sertifikat va boshqa ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning dublikatini berish uchun milliy valyutada belgilangan to‘lovlar BHMning 10 foizigacha miqdorda belgilanadi (qonunchilik hujjatlarida to‘lovlar belgilanmagan yoki bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizidan kam miqdorda belgilangan hollar bundan mustasno).
“Masofaviy elektron deklaratsiyalash”
“Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va davlat bojxona xizmati organlari tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF–6310-son, 10.09.2021 y.) qabul qilindi.
2021 yil 1 dekabrdan “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” Davlat chegarasi orqali avtomobil o‘tkazish punktlarida:
- veterinariya va fitosanitariya organlarining hujjatlarini “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali tekshiradi;
- veterinariya va fitosanitariya organlarining tovar-transport hujjatlariga muhr bosish va ro‘yxatga olish amaliyoti bekor qilinadi.
Shartnomaviy munosabatlar takomillashtiriladi
“Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF–6313-son, 14.09.2021 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 dekabrdan quyidagilar bekor qilinadi:
- banklarga yetkazilgan mahsulot uchun to‘lovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilishga qo‘yilgan taqiq;
- davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning mahsulotlarni yetkazib berish to‘g‘risida tuziladigan shartnomalarida to‘lovni oldindan belgilashga doir talab;
- qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchilari va tayyorlov tashkilotlari o‘rtasida tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda avansni belgilashga doir talab.
Ayrim davlat xizmatlari ko‘rsatishdagi to‘lov miqdorlari kamaytiriladi
"Davlat xizmatlari ko‘rsatishning infratuzilmasi takomillashtirilganligi va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida" Hukumat qarori qabul qilindi (28.10.2021 y, 661-son).
Qaror bilan bir qator davlat xizmatlari ko‘rsatishdagi to‘lov miqdorlari kamaytirildi.
Jumladan, chet tilini bilish darajasi to‘g‘risida malaka sertifikatining dublikati berilganligi uchun BHMning 10 foizi miqdorida to‘lov undirilishi belgilandi (ilgari BHMning 50 foizi).
Qaror 2021 yil 1 dekabrdan boshlab kuchga kiradi.
Alkogol va tamaki mahsulotlarini aksiz markalari bilan markirovkalash takomillashtiriladi
“Alkogol va tamaki mahsulotlarini aksiz markalari bilan markirovkalash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (665-son, 02.11.2021 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 dekabrdan 2022 yil 1 noyabrgacha, sinov tariqasida, ko‘piklanadigan va tabiiy vino mahsulotlari aksiz markalari bilan markalanmaydi.
Metroda jetonlar qabul qilinishi to‘xtatiladi
Joriy yilning 1 dekabridan boshlab metropolitenda jetonlar qabul qilinishi to‘xtatiladi.
O‘zbekistonda kommunal xizmatlar uchun to‘lovning yangi tizimi paydo bo‘ladi
O‘zbekistonda “bir mijoz” tamoyili joriy etiladi. Shu munosabat bilan, kommunal tarmoqlardagi barcha raqamlar (gaz, elektr energiyasi, issiq suv, ichimlik suvi, kanalizatsiya, chiqindilar) jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqamlari va yuridik shaxslarning soliq to‘lovchilarning identifikatsiya raqamlari bilan bog‘lanadi.
Izoh qoldirish