Cotton Campaign O‘zbekiston paxtasiga e’lon qilingan global boykotni to‘xtatdi

Cotton Campaign O‘zbekiston paxtasiga e’lon qilingan global boykotni to‘xtatdi

Bugun, 10 mart kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida «Cotton Campaign» xalqaro koalitsiyasining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi bo‘yicha tuzilgan dasturga asosan, xalqaro matbuot-brifing uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

Cotton Campaign koalitsiyasi o‘zbek paxtasiga boykot tugatilganini e’lon qildi. Mazkur qaror «Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbek forumi» tomonidan 2021 yilda paxta terimida o‘tkazilgan mustaqil monitoring natijalariga asosan qabul qilingan. Hisobotda hukumat tomonidan tashkil qilinadigan majburiy mehnat holatlari aniqlanmagani qayd etilgan.

"O‘zbekiston va “Cotton campaign” xalqaro koalitsiyasi o‘rtasida so‘nggi yillarda ikki tomonlama o‘zaro ishonchli hamkorlik asosidagi aloqalarimiz izchil rivojlanib bormoqda", - dedi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva.

Muloqot davomida majburiy mehnatdan foydalanganlik uchun jinoiy javobgarlik choralari ham kuchaytirilganligi, qishloq xo‘jaligi sohasining isloh qilinganligi, shuningdek, paxta ishlab chiqarishni, uning narxi shakllantirilishini va majburiy sotilishini davlat tomonidan tartibga solishdan voz kechilgani ta’kidlandi.

B.Friman Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tomonidan majburiy mehnatga qarshi kurashishda amalga oshirilgan sa’y-xarakatlar amaliy va tizimli ekanligi, uning natijalari nafaqat mamlakat ichida, balki keng xalqaro xamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganini qayd etdi.

– O‘zbekistonda so‘nggi yillardagi islohotlar natijasida mutlaqo yangi muhit shakllandi – dedi “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi rahbari B.Friman. – Paxta-yig‘im terimi mavsumida majburiy mehnatdan foydalanmayotgani va unga to‘liq barham berilgani nafaqat bizning koolitsiyamiz, balki fuqarolik jamiyati vakillari hamda xalqaro tashkilotlar tomonidan ham e’tirof etilmoqda.

Tadbir davomida ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash va hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.

2009 yilda Cotton Campaign o‘zbek paxtasiga boykot e’lon qilgan edi. O‘shandan beri 331 ta brend va riteyler kompaniyalari, jumladan, Adidas, Zara, C&A, Gap Inc., H&M, Levi Strauss & Co., Tesco va Walmart kabilar o‘zbek paxtasiga nisbatan boykotga amal qilish majburiyatini olgan.

"So‘nggi 12 yil davomida yuzlab kompaniyalarni o‘zbek paxtasidan voz kechishga undaganimizdan so‘ng, biz O‘zbekiston paxtasiga nisbatan boykotga amal qilish majburiyatini bekor qilish vaqti kelganini e’lon qilishdan mamnunmiz, — dedi Responsible Sourcing Network bosh direktori va Cotton Campaign asoschilaridan biri Patrisiya Yurevich. — Endi kompaniyalar o‘zlari mehnat huquqlariga amal qilinishini baholashlari va O‘zbekistondan paxta sotib olish bo‘yicha qaror qabul qilishlari kerak".

«O‘zbek forumi» hisobotida qayd etilishicha, paxta terimi mavsumi tizimli majburiy mehnatsiz o‘tkazilgan bo‘lsa-da, kuzatuvchilar mahalliy hokimiyat tomonidan majburlash va aralashish holatlari, shuningdek, ayrim majburiy mehnat holatlarini aniqlashgan. Bundan tashqari, dalalarda monitoring qilish va salohiyatni oshirish bilan shug‘ullanadigan mustaqil guruhlarda ro‘yxatdan o‘tish, erkin faoliyat yuritishning chegaralangani rivojlanishga to‘siq bo‘lmoqda.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston yangi zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan korxonalar orqali, mahsulot ishlab chiqarish zanjirida shaffoflik va kuzatuvni taklif qiluvchi paxta-to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish uchun jozibador mamlakatga aylanish salohiyatiga ega.

Cotton Campaign O‘zbekistondan mahsulot sotib olishda manfaatdor bo‘lgan barcha brendlarni ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida, jumladan paxta fermalari, to‘qimachilik fabrikalari va ishlab chiqarish korxonalarida mehnat va inson huquqlariga rioya etilishini ta’minlash uchun sinchkovlik bilan tekshirishga chaqirdi. Shuningdek, majburiy mehnatning oldini olish, monitoring qilish, shikoyatlar yo‘llash va qoidabuzarliklarni bartaraf etish uchun ishonchli va mustaqil mexanizmlar mavjudligini ta’minlash zarur hisoblanadi.

"Biz Prezident Mirziyoyevning davlat tomonidan majburiy mehnatga barham berish va O‘zbekiston paxta sektorini isloh qilish uchun zarur bo‘lgan tarixiy islohotlar tashabbusi va amalga oshirishdagi rahbariyatini yuqori baholaymiz, — dedi Cotton Campaign asoschilaridan biri, AQSh davlat kotibining demokratiya, inson huquqlari va mehnat bo‘yicha yordamchisi sobiq o‘rinbosari Bennet Friman. — Endi biz O‘zbekiston hukumatini fuqarolik jamiyati uchun maydon ochishga va global brendlarni jalb qiladigan hamda mehnat va inson huquqlarini himoya qiladigan mas’uliyatli mas’uliyatli yetkazib beruvchilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun zarur bo‘lgan qulay muhitni yaratishga chaqiramiz".

Cotton Campaign inson va mehnat huquqlari bo‘yicha xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari, mustaqil kasaba uyushmalari, brend va riteylerlar, mas’uliyatli investor tashkilotlari, ta’minot zanjiri shaffofligi guruhlari va akademik hamkorlarning global koalitsiyasidir.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar