Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi O‘zbekistonda 2020 yilgi paxta kampaniyasi monitoringi natijalari bo‘yicha bayonot e’lon qildi.
Bayonotda koalitsiya mamlakatda o‘tgan yilgi paxta yig‘im-terimida majburiy mehnatga barham berishda «sezilarli yutuqlarni» olqishlab, O‘zbekiston Inson huquqlari forumi qator paxta yetishtiruvchi tumanlarda 10 yil ichida birinchi marta majburiy mehnat bilan bog‘liq birorta holatni hujjatlashtirmaganini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, Cotton Campaign’ning mustaqil kuzatuvchilarga tayanib ta’kidlashicha, kampaniya vaqtida mansabdor shaxslar tomonidan tashkil etilgan majburiy mehnat holatlari, shuningdek, davlat korxonalari xizmatchilari maoshlarining bir qismini paxta terimchilarini yollash uchun sarflashga majburlash holatlari ham qayd etilgan.
«O‘zbekistonda ishonchli global yetkazib beruvchiga aylanish imkoniyati bor, ammo buning uchun brendlar va chakana sotuvchilar yetkazib beruvchilarning mas’uliyatli tanlovini tasdiqlashlari uchun shaffof monitoring va boshqaruv modellari talab etiladi», — deya AQSh moda sanoat assotsiatsiyasi (USFIA) prezidenti Julia Xyuz so‘zlari keltirilgan bayonotda.
Koalitsiya, shuningdek, paxta ishlab chiqarishni davlat nazoratidan paxta-to‘qimachilik klasterlari boshqaruviga o‘tkazilishi fermerlar uchun «katta qiyinchiliklar» tug‘dirganini ta’kidlagan. Cotton Campaign’ning bildirishicha, tumanlarda bitta klaster mavjud, bu fermerlarning narxni belgilash va uni nazorat qilish mexanizmini tanlash huquqidan mahrum qiladi
«Brendlar mahsulotlarni ta’minot zanjiri standartlarini qat’iy nazorat qilish va bajarilishini ta’minlash uchun qulay muhit yarata oladigan kuchli mustaqil fuqarolik jamiyatlariga ega bo‘lgan mamlakatlardan olishni istaydi», — deyiladi Cotton Campaign bayonotida.
Koalitsiyaning bayonotiga ko‘ra, O‘zbekistonda islohotlar jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlari va mustaqil kasaba uyushmalari kabi fuqarolik kuchlarini rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirishga emas, ko‘proq xususiylashtirish va huquqni muhofaza qilish masalalariga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
2020 yilning aprel oyida O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasiga mamlakatda ishlab chiqarilgan paxtadan foydalanish uchun boykotni olib tashlashni so‘rab ochiq xat yuborgandi.
Cotton Campaign bu xatga javoban O‘zbekiston paxtasiga boykot hozircha bekor qilinmasligini, ishchilarni himoya qilishda brendlarga qo‘shimcha kafolat zarurligini bildirgan.
Ma’lumot uchun, uzoq yillar davomida paxta terimi mavsumida bolalar va majburiy mehnatdan foydalanilgani bois O‘zbekiston paxtasi xalqaro jamoatchilik tomonidan «qora ro‘yxatlar»ga kiritilgan, yetakchi ishlab chiqaruvchilar O‘zbekiston paxtasini boykot qilgan edi. Xalqaro mehnat tashkilotining Vashingtondagi ofisi direktori Kevin Kassidi esa o‘zbek paxtasi boykotini asossiz deb e’lon qilgandi.
2019 yilning 4 fevralida o‘sha vaqtda bosh vazir o‘rinbosari bo‘lgan Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiyaning Vashingtonga ishchi tashrifida Cotton Campaign to‘qimachilik mahsulotlariga qarshi boykotni bekor qilish bo‘yicha rejasini taqdim etgan edi.
Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi vakillari 27 yanvar–6 fevral kunlari O‘zbekistonda ishchi tashrif bilan bo‘lgan edi. Ular bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ishtirok etgan investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatini boykot qilishdan foyda yo‘q, deb aytgandi.
Izoh qoldirish