9 dekabr kuni Qonunchilik palatasining majlisida ikkinchi o‘qishda «O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi taqdim etildi.
Prezidentning 29.06.2018 yildagi “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi PF-5468-son Farmonida soliq yukini izchillik bilan kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish hamda bir qator tizimli muammolarni yechish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Davlatimiz rahbari 2018 yil 28 dekabrda Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida yangi tahrirdagi Soliq kodeksi mamlakat taraqqiyotining tayanchi bo‘lgan insofli soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirishi va yashirin faoliyat yuritayotganlarni qat’iy jazolashi lozimligini aytib o‘tgan edi. Bunda fuqarolarimiz soliqdan qochish emas, balki uni vaqtida to‘lashdan manfaatdor bo‘lishi lozim.
Yangi soliq tizimini yaratishda tenglik, soddalik, aniqlik va samaradorlik kabi asosiy prinsiplarga asoslanildi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi to‘g‘risidagi qonun loyihasi joriy yilning 26 noyabridagi majlisda deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilingan. O‘tgan davr mobaynida loyiha parlament quyi palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar hamda bir necha marotaba ishchi guruhlar yig‘ilishlarida keng muhokama qilinib, maromiga yetkazildi.
Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi havolaki normalar, qonunosti hujjatlarini maksimal darajada kamaytirgan holda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan hujjat maqomiga ega bo‘lmoqda. Barcha soliqlar bo‘yicha stavkalar (aksiz solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan tashqari) belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.
Soliq qonunchiligi normalari qo‘llanilishini soddalashtirish, undagi ziddiyatlar va tushunmovchiliklarning oldini olish, insofli soliq to‘lovchilar manfaatlarini himoya qilish, soliq nazoratining shakl va mexanizmlari, soliq ob’yektlari, soliq to‘lovchilarning hisobini yuritishni ta’minlaydigan AKTni keng joriy etish bilan bog‘liq bir qator normalar nazarda tutilmoqda.
Tahlika-tahlil dasturi joriy qilinmoqda. Unga muvofiq barcha xo‘jalik sub’yektlari muayyan mezonlar asosida, xavflilik darajasiga qarab, inson omilisiz, avtomatlashtirilgan holda 3 ta segmentga (yashil, sariq, qizil yo‘lakchalar) ajraladi. Xavflilik darajasi past bo‘lgan (yashil yo‘lakcha) korxonalarga nisbatan soliq tekshiruvlari amalga oshirilmaydi va ushbu korxonalarga yuqori darajadagi soliq xizmatlari ko‘rsatiladi. Xavflilik darajasi o‘rtacha bo‘lgan (sariq yo‘lakcha) korxonalarga nisbatan faqat kameral soliq tekshiruvi amalga oshiriladi va ushbu korxonalarga xato-kamchiliklarini bartaraf etish bo‘yicha hisobotini tuzatish imkoni beriladi. Soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, buxgalteriya hujjatlarini va hisobvaraq-fakturalarini soxtalashtirish holatlari aniqlangan xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan (qizil yo‘lakcha) korxonalarga nisbatan esa, soliq auditi tekshiruvi tadbirlari amalga oshiriladi. Natijada, bunday korxonalar doimiy nazoratda bo‘ladi.
Loyihada soliq to‘lovchilar hamda soliq organlarining huquq va majburiyatlari aniqlashtirildi. Soliq tekshiruvi turlari 13 dan 3 turgacha qisqarmoqda.
Ortiqcha to‘langan soliq summasini o‘z vaqtida qaytarish va ortiqcha undirilgan soliq summalarini hisobga olish mexanizmlari joriy etilmoqda. Ya’ni soliq summalarini qaytarish muddati kechiktirilgan har bir kun uchun soliq organlari tomonidan soliq to‘lovchiga penya to‘lanadi. Xorijiy sayyohlar uchun QQSni “Tax free” tamoyili asosida qaytarish joriy etilmoqda. Mulkni (xizmatlarni) beg‘araz ravishda topshirishda to‘lanadigan QQS bekor qilinmoqda. Davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan davlat korxonalari uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 25%dan 12%ga tushirilmoqda.
Soliq organlari tomonidan soliq to‘lovchining bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni 30 kundan oshmagan muddatga to‘xtatib turish nazarda tutilmoqda. Barcha bitimlar va soliq to‘lovchi kirishadigan boshqa iqtisodiy munosabatlar, ularning yuridik jihatdan rasmiylashtirilishi usulidan qat’i nazar, o‘zining haqiqiy iqtisodiy mazmunidan kelib chiqqan holda hisobga olinishi bo‘yicha yangi me’yor kiritildi.
Soliq huquqbuzarliklariga yo‘l qo‘yayotgan tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llash tartibi qayta ko‘rib chiqilmoqda. SK loyihasida soliq nizolarini sudgacha hal qilish tartibi aniqlashtirilmoqda. Ya’ni, soliq nizolarini sudgacha muhokama qilishni majburiy o‘tkazish tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida 500 dan ortiq taklif va mulohazalar bildirildi. Ular qonun tashabbuskorlari bilan ishchi guruhlarida ko‘rib chiqilib, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasiga 70 dan ortiq tahririy va konseptual tuzatishlar kiritildi.
Muhokamalar chog‘ida deputatlar tomonidan bir qator muhim fikr-mulohaza hamda takliflar bildirildi. Munozaralardan so‘ng loyiha ovozga qo‘yildi. «O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi.
Izoh qoldirish