Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi eksperti Hasanjon Majidov va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mutaxassisi Ilhom Xo‘jaqulov O‘zbekistonda kommunal xizmatlarning yagona billing tizimini yaratish yo‘lidagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha jahon tajribasini taqdim etdi.
Maqolani to‘liq ko‘rinishda «Ekonomicheskoye obozreniye» jurnalining 4 sonida o‘qing.
Bugungi kunga qadar, kommunal xizmatlar iste’molchilariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 14 iyuldagi 726-son qarori bilan bir qator vazirlik va idoralarga 2018 yil 1 avgustga qadar yagona billing tizimini ishlab chiqish va ishga tushirish, shuningdek, unga elektr ta’minoti va gaz ta’minoti axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini 2019 yil 1 yanvargacha; ichimlik suvi ta’minoti, kanalizatsiya va issiqlik ta’minoti bazalarini esa - 2021 yil 1 yanvargacha ulash topshirilgan.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 yanvardagi 5-son qarori bilan Toshkent shahrida kommunal xizmatlarning alohida yagona billing tizimini 2019 yil 1 aprelga qadar tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab qo‘yilgan.
Ammo, mamlakatimizda kommunal xizmatlarning yagona billing tizimi hali hanuz yaratilmay kelinmoqda.Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda iste’molchi va kommunal xizmatlar orasidagi munosabatlarning o‘ta murakkab tizimi amalda bo‘lib, unga ko‘ra iste’molchihar bir kommunal korxona bilan alohida hisob-kitob olib borishiga va mos ravishda alohida to‘lov amalga oshirishiga to‘g‘ri keladi.
Aynan shuning uchun kommunal xizmatlarning yagona billing tizimini yaratish jarayonini o‘rganish va bunga to‘sqinlik qilayotgan aniq muammolarni bartaraf etish ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar Akseleratori (Akselerator) ishining eng dolzarb yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Shu bois, akseleratorning 100 kunlik ish davri mobaynida kommunal to‘lovlar uchun hisob-kitoblarning yagona billing tizimini yaratish sohasidagi muammolarni hal qilish ustuvor vazifalardan biri etib belgilandi.
Billing tizimi - bu elektr energiyasi, umuman olganda kommunal xizmatlarning hisobini yuritish, ma’lumotlarni qayta ishlash va iste’molchilarning kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari va hisob-kitob markazlari bilan o‘zaro hisob-kitoblarini ta’minlash tizim hisoblanadi.
O‘zbekistonda billing timini joriy etishni jadallashtirish
Jahon tajribasi kommunal korxonalar faoliyatini optimizatsiya qilish hamda iste’molchilarning xizmatlar sifatidan qoniqishini oshirish maqsadida “iste’molchi – kommunal xizmatlar bo‘yicha yagona tizim” tamoyiliga o‘tish lozim ekanligini ko‘rsatadi. Xizmatlarning yagona billing tizimi - bu Respublikada to‘lov bilan bog‘liq jarayonlarning yagona billing tizimini yaratishni nazarda tutadi.
Shu munosabati bilan abonentlarning yagona identifikatorini yaratish va uni "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ, "Hududgazta’minot" AJ, "O‘zsuvta’minot" AJ, "Toshissiqquvvati" DUK va Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi (chiqindilarni tozalash uchun) mavjud billing tizimlariga kiritish 100 kun ichida hal qilinishi lozim bo‘lgan vazifa sifatida belgilandi.
Akseleratorning 10 dan ortiq vazirlik va idoralar vakillaridan (shu qatorda Dubay elektr va suv boshqarmasi mutasaddilari) iborat ishchi guruhi tomonidan tadqiqot ishlari olib borildi va hal etilishi lozim bo‘lgan bir qator muammolar aniqlandi.
Bugungi kunda mamlakatda iste’molchi va kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar orasidagi munosabat “iste’molchi – alohida kommunal xizmat” prinsipiga asoslangan bo‘lib, uy-joy kommunal xizmatlarining mavjud billing tizimlarini integratsiyalashda quyidagi muammolar yuzaga keladi:
- aksariyat billing tizimlari zamonaviy talablarga to‘liq javob bermaydi;
- uy-joy kommunal xizmatlarining mavjud billing tizimlarida iste’molchilarning yagona identifikatorining yo‘qligi ma’lumotlarning nomutanosibligi yuzaga keltiradi va mavjud ma’lumotlar bazalarini birlashtirishda to‘sqinlik qiladi. (Misol uchun, «Hududiyelektrtarmoqlari» AJning billing tizimidagi Axmedov Bekzod «Hududgazta’minot» AJ bazasida Begzod Ahmedov sifatida qayd qilingan);
- kommunal xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarning billing tizimlari turli platformalar asosiga shakllantirilgan;
- billing tizimlarida takroriy ma’lumotlar mavjud;
- kommunal korxonalarning mavjud ma’lumotlar bazalari va tegishli vazirlik va idoralar tizimlari o‘rtasida elektron ma’lumotlar almashinuvi to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan;
- tahlil va prognozlash imkoniyati mavjud emas.
Kommunal xizmatlarning yagona billing tizimini yaratish yo‘lidagi muammolarni bartaraf etish maqsadida ishchi guruh yagona tizimni tashkil qiluvchi asosiy vazifalarni shakllantirdi:
- iste’molchilarning yagona ma’lumotlar bazasini yaratish;
- iste’molchilarga kommunal xizmat ko‘rsatuvchilarning amaldagi tariflariga muvofiq hisobvaraqlardagi mablag‘larni nazorat qilish imkoniyatini yaratish;
- kommunal xizmatlarning iste’mol holatini tahlil qilish, tizimli va shaffof monitoringni yo‘lga qo‘yish;
- davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida interaktiv xizmatlar ko‘rsatish, shu jumladan elektron to‘lov tizimlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
- O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab kommunal sohadagi barcha ishtirokchilarni yagona axborot makoniga birlashtirish;
- iste’mol rejimini optimallashtirish uchun ko‘p ta’rifli buxgalteriya hisobini yuritish;
- kommunal to‘lovlardan tashqari, soliq, jarima va boshqa turdagi to‘lovlar ijrosi bo‘yicha kredit ma’lumotlar tizimini yuritish orqali iste’molchilarning to‘lov qobiliyatini kompleks tahlil qilish.
Loyihaning dastlabki 50 kunida ishchi guruh jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR) va binoning kadastr raqamini iste’molchi identifikatorlari sifatida belgilash bo‘yicha dastlabki texnik ishlarni yakunladi va ma’lumotlarni kiritish ishlarini boshladi.
Keyingi 50 kun ichida ma’lumotlar kiritish tugallandi va kadastr ma’lumotlarining dolzarbligi tekshirildi.
Umuman olganda, quyidagi ishlar amalga oshirildi:
- Kommunal xizmatlarning ma’lumotlar bazasidagi 20 milliondan ortiq iste’molchilarning ma’lumotlari qayta ishlandi;
- Barcha kommunal xizmatlarning hisob-kitob tizimlarida ma’lumotlarni tozalash ishlari olib borildi. Shuningdek, JShShIR yagona identifikator sifatida 5 milliondan ortiq iste’molchilarning shaxsiy hisob raqamlariga bog‘landi.
- Foydalanuvchilarning kadastr ma’lumotlarini kommunal xizmatlarning talablariga binoan taqdim etish amaliyoti joriy qilindi. Kadastr raqamlarining abonentlarning shaxsiy hisob raqamlariga ulash kommunal xizmatlarning texnik imkoniyatlaridan kelib chiqib, doimiy ravishda amalga oshirilishi kelishildi.
- Billing tizimlari boshqaruvchilari ma’lumotlarni muntazam ravishda tozalash, shuningdek ma’lumotlar bazalarini yangilash va iste’molchilar ma’lumotlarini yagona identifikatorga yetkazish zarurligi to‘g‘risida xabardor qilindi.
Shuni ta’kidlash kerakki, foydalanuvchilarning ma’lumotlarini JShShIR va kadastr raqamlari bilan bog‘lash mavjud ma’lumotlarni yo‘qotmasdan, yagona billing tizimiga o‘tishga yordam beradi.
Xulosa
Kommunal to‘lovlarning yagona billing tizimini joriy etish kommunal xizmatlar iste’molchilariga shaxsiy hisob-kitoblar holati bo‘yicha ishonchli ma’lumot olish, shuningdek, JShShIRni Payme, Apelsin, Click kabi to‘lov tizimlariga kiritish orqali ma’lumotlarni olish imkonini beradi. Bu har bir kommunal korxonaga qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etish zaruriyatini bartaraf etadi va kommunal to‘lovlarni to‘lash vaqtini qisqartiradi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 23.03.2021 yildagi farmoniga muvofiq barcha davlat, bank, ijtimoiy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishda JShShIRning fuqarolar shaxsini tasdiqlovchi yagona identifikator sifatida belgilanishi bu yo‘nalishdagi harakatlarning dolzarbligini yanada oshiradi.
Hasanjon Majidov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi,
Ilhom Xo‘jaqulov, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi
Maqolani to‘lik ko‘rinishda «Ekonomicheskoye obozreniye» jurnalining 4 sonida o‘qing.
Izoh qoldirish