Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar platformasidagi Hukumat Akseleratori 100 kunlik natijalari

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar platformasidagi Hukumat Akseleratori 100 kunlik natijalari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar Akseleratori (Akselerator) ishchi guruhlari 100 kun davomida amalga oshirilgan 3 yo‘nalishdagi islohotlar natijasini sarhisob qildi.

Bunda Akselerator guruhlari islohotlarni amalga oshirishni baholash va monitoring qilish, iste’molchilarni elektr va issiqlik energiyasi bilan ta’minlashga o‘tish, va yoqilg‘i narxlarini barqarorlashtirish kabi yo‘nalishlardagi muammoli masalalarni hal etishdi .

Akseleratorning navbatdagi Kogorta (100 kunlik sikl) ma’sul rahbarlari hamda ishchi guruhlari ishtirokidagi videokonfrensiya joriy yilning 7 iyul kuni bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishdan ko‘zlangan maqsad Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Hukumat Akseleratori metodologiyasi asosida ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish natijalarini sarhisob qilishdan iborat.

Yig‘ilishda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari M.Xolmuhammedov va Akselerator koordinatorlari A.Xalmurzayev, T.Niyazmatov va Z.Qosimovalar hamda belgilangan muammolarni hal etish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralardan rahbar darajasidagi 20 nafardan ortiq ma’sullar ishtirok etishdi.

Yig‘ilish davomida har bir muammoli masala yuzasidan bajarilgan topshiriqlarning natijalari to‘g‘risida mas’ullar tomonidan hisobot berildi:

  1. Islohotlarni amalga oshirishni baholash va monitoring qilish tizimini shakllantirish.

Yurtimizda bugungi kunga qadar islohotlar natijalarini tizimli va xolis baholash bo‘yicha kompleks ishlar amalga oshirilmaganligi, islohotlar natijalarining miqdoriy va sifat jihatidan qiyosiy tahlili (KPI) amalga oshirilmaganligi salmoqli hajmdagi statistik va boshqa ma’lumotlardan to‘plash, tahlil qilish va baholashga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelgan.

Ushbu mummoni hal etish maqsadida akselerator ishchi guruhiga islohotlar natijalarini kompleks va xolis baholash tizimini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan edi. Ishchi guruh tomonidan qator davlatlar tajribalari o‘rganib chiqilib O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni doimiy monitoring qilish, ularning natijalarini to‘plash, tahlil qilish, umumlashtirish va kompleks baholash tizimini yaratish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqildi.

Shu bidan bir qatorda islohotlarning amalga oshirilishini monitoring qilish va baholash imkonini beruvchi “Monitoring Reforms” avtomatlashtirilgan axborot portalini”ning dastlabki “demo” varianti ishlab chiqilib tadbirda taqdimot qilindi.

Ushbu platformaning o‘ziga xosligi shundaki, vazirlik va idoralar tomonidan respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarni monitoring qilish va baholash maqsadida ishlab chiqilgan mavjud barcha elektron axborot tizimlaridagi ma’lumotlarni o‘z ichiga qamrab olib bir joyga jamlaydi va uzluksiz yangilab boradi. Shu bilan birga davlat tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, oliy ta’lim muassasalari hamda xalqaro konsalting kompaniyalarining mutaxassislari va mustaqil analitiklardan iborat ro‘yxat asosida tasdiqlangan ishchi guruh o‘z faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha islohotlarning samaradorligini monitoring qilish va baholash faoliyatiga biriktiriladi. Qaror loyihasida belgilangan axborot portaliga biriktirilgan ishchi guruhlar doimiy o‘rganishlar olib borib natijalari bo‘yicha platforma bosh sahifasida hamda ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka hisobot berib turadi.

  1. Quyosh fotoelektr stansiyalari, energiyani tejovchi qurilmalar va quyosh issiqlik kollektorlarini o‘rnatish orqali iste’molchilarni elektr va issiqlik energiyasi bilan ta’minlashga o‘tish.

Akselerator dasturi doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan, xususan, quyosh energiyasidan foydalanishni kengaytirish maqsadida mas’ul vazirlik va idoralar bilan kelishilgan tartibda “Iqtisodiyot va ijtimoiy sohada kichik xajmdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi, unda quyosh batareyalari va akkumulyatorlarni xarid qilish uchun kompensatsiya hajmini oshirish, shuningdek, ushbu kompensatsiyani olish muddatlarini qisqartirish nazarda tutilgan. Bunga ko‘ra, “Qishloq qurilish bank”da quyosh fotoelektr qurilmalari, quyosh suv isitgichlari, tejamkor gaz uskunalari va qozonxonalar xarid qilish uchun “Yashil” iste’mol krediti ochildi.

  1. Yoqilg‘i narxlarini barqarorlashtirish

Jahon bozorida yoqilg‘i narxining keskin oshishi sharoitida ichki bozorda narx barqarorligini ta’minlash maqsadida Akselerator “Neft mahsulotlari bozorini barqaror rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ loyihasi ishlab chiqdi. Ushbu loyiha benzin va dizel yoqilg‘isi uchun tabaqalashtirilgan aksiz solig‘i stavkalarini jahon birjalarida Brent neftining kotirovkalari bilan bog‘lagan holda eksperimental asosda qo‘llashni taklif qiladi. Yana bir yangilik – respublika tovar xomashyo birjalarining xorijdagi savdo maydonchalarida tuzilgan uglevodorod xomashyosi va neft mahsulotlarini olib kirishda import qilinadigan uglevodorod xomashyosi hamda neft mahsulotlarini temir yo‘l transportida tashish uchun ichki tariflar qo‘llaniladigan tartib bo‘ladi. Farmonda yoqilg‘i narxini barqarorlashtirish bo‘yicha bir qator boshqa chora-tadbirlar ham nazarda tutilgan.

Qayd etish joizki, erishilgan natijalar har bir sohada islohotlarni boshlash uchun turtki bo‘ldi. Akselerator innovatsiyalarni kengaytirish va barqaror rivojlantirish rejasini ishlab chiqdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar