Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari 2023 yil yanvar-avgust oylarida iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanishi to‘g‘risida sharh tayyorladi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari 2023 yil yanvar-avgust oylarida iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanishi to‘g‘risida sharh tayyorladi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) dastlabki statistik ma’lumotlar asosida O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlarini dastlabki tezkor-tahlil qildi. 2023 yil yanvar-avgust oylarida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlarining umumiy bahosi iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari rivojlanishining ijobiy dinamikasidan dalolat beradi.

Sakkiz oy yakunlari bo‘yicha sanoat sohasida, investitsiya va qurilish sohasida hamda tashqi iqtisodiy faoliyatda ijobiy dinamika kuzatildi.

Iqtisodiyot tarmoqlarida ko‘rsatkichlar quyidagicha rivojlandi:

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 5,8 foizga o‘sdi va 400,6 trln. so‘mni tashkil etdi.

Qurilish ishlari hajmi 5,9 foizga o‘sib, 93,3 trln. so‘mga yetdi.

Tashqi savdo hajmi 23,2 foizga o‘sib, 40 milliard dollarni tashkil etdi. Xususan, eksport 27,8 foizga o‘sib, 16,4 milliard dollarni, import hajmi 20,2 foizga o‘sib, 23,6 milliard dollarni tashkil etdi.

To‘qimachilik va kiyim sanoatida ishlab chiqarish 7,4 foizga o‘sib, 55,6 trillion so‘mni tashkil etdi. Jumladan, yirik korxonalar bo‘yicha trikotaj gazlamalari ishlab chiqarish 13,8 foizga (33,3 ming tonna), tikuvchilik-trikotaj mahsulotlari - 2 marta (267,8 million tonna) o‘sdi. Umumiy miqdori 207 million dollarlik 21 ta investitsiya loyihasi ishga tushirildi.

Neft-gaz sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish (yirik korxonalar sharoitida) hajmi 0,5 foizga o‘sib, 22,5 trillion so‘mni tashkil etdi. Gaz qazib olish hajmi 9,4 foizga kamayib, 31,4 milliard kub.metrni tashkil qilgan, neft qazib olish 0,2 foizga oshib, 520,3 ming tonnaga yetdi.

Investitsiya dasturi doirasida 954,1 mln. dollar o‘zlashtirilgan, shundan xorijiy investitsiyalar va kreditlar 765,9 mln. dollarni tashkil etgan.

Elektr energiya ishlab chiqarish hajmi 51,7 mlrd kVt/soatni tashkil etdi va 5,7 foizga o‘sdi. Jumladan, 45,5 mlrd. kVt/soat issiqlik elektr stansiyalari va markazlar hissasiga, 5,0 mlrd. kVt/soat gidroelektr stansiyalarida va DXSh asosida qayta tiklanuvchi elektr energiya 1,2 mlrd. kVt/soat to‘g‘ri keladi.

Sohada investitsiya dasturi doirasida 235,6 mln dollarga kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirilib, o‘sish sur’ati 113,4 foizga yetdi.

Qora metallurgiya tarmog‘ining yirik korxonalarida qora metall va undan tayyorlangan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 1,0 mln. tonnani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,2 foizga o‘sdi.

Oziq-ovqat sanoati ishlab chiqarish hajmi 6,7 foizga o‘sib, 41,9 trln so‘mni tashkil etgan. Yirik korxonalarda shakar ishlab chiqarish hajmi 5,7 foizga, shokolad va shirinliklar - 9,2 foizga, sharbatlar – 24,7 foizga o‘sgan.

2023 yil yanvar-avgust oylarida 1,9 trln. so‘mlik 389 ta investitsiya loyihalari ishga tushurilgan.

Qurilish materiallari sanoatida ishlab chiqarish hajmi 13,0%ga o‘sib, 18,6 trln.so‘mni tashkil etgan. Sohaning jami sanoatidagi ulushi 4,6%ga yetdi.

Joriy yilning 8 oyi davomida 1 391 ta yangi qurilish materiallarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar tashkil etildi.

Farmatsevtika sanoatida 2,3 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan 27 ta davlatga jami 87 mln dollarlik mahsulotlar va xizmatlar eksport qilingan.

Umumiy qiymati 61,4 mln dollarlik investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirildi. Qiymati 7,9 mln dollarlik 15 ta loyiha ishga tushirildi. Natijada, qo‘shimcha 57,8 mlrd so‘mlik mahsulotlarni ishlab chiqarish quvvatlari hamda yangi 175 nafar ish o‘rinlari yaratildi.

Avtomobil sanoatida ishlab chiqarish 10%ga o‘sib, 44,2 trln.so‘mni tashkil qildi. 247,3 ming dona yengil avtomobil, 1 746 dona – yuk mashinalari va 522 dona – avtobuslar ishlab chiqarilgan. Jumladan, 52,5 mingta “Damas”, 65,4 mingta “Kobalt”, 18,5 mingta “Onix” va 24,5 mingta “Tracker” ishlab chiqarildi.

“O‘zavtosanoat” AJ korxonalari tomonidan 414,4 mln AQSh doll. eksport qilinib, o‘tgan yilga nisbatan 20,3%ga o‘sdi. 7 ta loyiha doirasida 115 mln dollar qiymatdagi jami 66,9 mln doll. investitsiyalar o‘zlashtirildi.

Elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarish hajmi (elektrotexnika sanoati korxonalari bo‘yicha) 18,5%ga o‘sib, 13,3 trln. so‘mni tashkil etgan.

Xususan, yirik korxonalar bo‘yicha kabel mahsulotlari 30,2%ga, maishiy texnika 21,0%ga, kuchlanish qurilmalari 63,8%ga oshgan.

Mis xomashyosini tayyor mahsulot sifatida qayta ishlash hajmi 19,0%ga oshib, 42,2 ming tonnani tashkil etdi, korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari 40,5%dan 61%gacha oshirildi. O‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 18,8%ga oshib, 76,3 mln. dollarni tashkil etdi.

Transport sohasi xizmatlari hajmi 8,3%ga o‘sib, 66,3 trln.so‘mga yetgan. Shundan, avtomobil transporti xizmatlari hajmi 31,7 trln. so‘mga yetib, 5,3%ga o‘sgan. Joriy yilning yanvar-avgust oylarida 804,1 mln. doll. miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirilgan.

Shunday qilib, joriy davrda erishilgan natijalarni jadal davom ettirish, investitsiya loyihalarini belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish, mahsulot raqobatbardoshligini oshirish choralarini jadallashtirish, korxonalar ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va korxonalar talabiga muvofiq xajmda tabiiy gaz va elektr energiyani yetkazib berish hisobiga yil yakuniga qadar sanoat bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarini so‘zsiz bajarish imkoni yaratiladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar