Kuni kecha G20 davlatlari rahbarlari 2030 yilgacha bo‘lgan davrda birgalikda bir trillion daraxt ekish maqsadini e’lon qilishdi, bunda asosiy e’tibor sayyoramizning eng ko‘p zararga uchragan ekotizimlariga e’tibor qaratilishi ma’lum bo‘ldi.
Shu munosabat bilan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) eksperti Muhammadjon Bobojonov dunyoning 50 ta rivojlangan davlatining har biri uchun Orol dengizining Mo‘ynoq tumani hududiga to‘g‘ri keluvchi qurib qolgan hududida 5 gektardan innovatsion o‘rmon yaratishni va ushbu o‘rmonlarning har birini mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan davlatlar sharafiga nomlashni taklif qilmoqda. U bu haqda “Podrobno.uz”ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Yer ekotizimidagi daraxtlarning roli
Ma’lumki, daraxtlar sayyoramiz ekotizimida muhim rol o‘ynaydi, ular karbonat angidridni o‘zlashtirib, o‘zidan kislorod chiqaradi, bu bilan atrof-muhitni ozoda saqlashga o‘z hissasini qo‘shadi. Daraxtlar havo va suvni toza saqlashga yordam bersa, o‘rmonlar ko‘plab hayvonlar va o‘simliklar uchun yashash makoni hisoblanadi.
Aytish mumkinki, yigirmanchi asrdan boshlab insoniyat tabiatning mavjudligida daraxtlarning roli va qadrini jiddiy his qila boshladi. Bu, ayniqsa, yer sharining barcha qit’alarida o‘rmonlarning yo‘qolib ketishi oqibatlari natijasida yanada yaqqol namoyon bo‘la boshladi.
Afsuski, butun dunyo bo‘ylab daraxtlar va o‘simliklar yuqori sur’atlarda kamayib bormoqda, degradatsiyaga uchramoqda va kesilmoqda. Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyodagi o‘rmonlarning 46% allaqachon yo‘q qilingan. O‘rmonlarning kesilishi nafaqat daraxtlar kesilgan joylarda, balki butun dunyoda odamlar va hayvonlarga ta’sir qiladi. Yer yuzidagi hayvonlar va o‘simliklarning 80% o‘rmonlarda yashaydi va o‘rmonlarning yo‘q qilinishi u yerda yashaydigan ko‘plab hayvonlar turlarining tabiatda saqlanib qolishiga tahdid soladi.
Daraxtlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita inson ta’sirida yetarli darajada qayta tiklanmasdan yo‘q bo‘lib ketishi atmosferadagi karbonat angidridning bio-sekvestratsiyalanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, bu esa yashash muhitiga zarar yetkazib, biologik xilma-xillikni yo‘qotishga va qurg‘oqchilikka olib keladi.
Jahon hamjamiyati o‘rmonlarni qayta tiklash yo‘lida
Butun dunyoda odamlar o‘rmonlarning yo‘qolib ketishi va uning oqibatlaridan jiddiy xavotirda. Bu borada sayyoramiz ekotizimini saqlab qolish va tiklash bo‘yicha jahon miqyosida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
2021 yil 4 iyunda BMT rahbari Antonio Guterrish 2021-2030 yillarga mo‘ljallangan ekotizimlarni tiklash bo‘yicha BMT o‘n yilligi boshlanishini e’lon qildi. Ushbu tashabbusning maqsadi milliy hukumatlar, xususiy sektor, nodavlat tashkilotlar va oddiy fuqarolar o‘rtasida buzilgan va yo‘q qilingan ekotizimlarni tiklash uchun global hamkorlikni kuchaytirishni anglatadi.
Mazkur tashabbus doirasida Jahon banki moliyaviy masalalar uchun mas’ul bo‘lgan ishchi guruhni boshqaradi hamda:
- ekotizimlarni tiklash uchun subsidiyalarni mos ravishda qayta yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar beradi;
- ekotizim degradatsiyasiga olib keladigan iqtisodiy kuchlar va shaxsiy manfaatlarga qarshi kurashadi;
- hukumat va korporativ sarmoyadorlarni ekotizimlarni tiklashga, shu jumladan restavratsiyadan ko‘proq foyda ko‘radigan hududlarga birgalikda sarmoya kiritishga undaydi.
Shuningdek, mazkur tashabbus doirasida FAO boshchiligida butun dunyo bo‘ylab ekotizimlar va mahalliy aholi bilimlarini tiklash bo‘yicha yo‘riqnomalar ishlab chiqish va ilg‘or tajribalarni taqqoslash uchun 43 dan ortiq tashkilotlar bilan hamkorlikda ishchi guruh tashkil etildi. Mazkur ishchi guruhning faoliyati keyingi o‘n yil ichida tabiyatni qayta tiklash usullari haqidagi bilimlarni ommalashtirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, 2020 yilda Jahon iqtisodiy forumida “Bir trillion daraxt tashabbusi” (One Trillion Tree initiative) hukumatlar, biznes va fuqarolik jamiyati uchun platforma sifatida boshlangan.
“Trillion daraxt” kampaniyasi (Trillion Tree Campaign) butun dunyo bo‘ylab bir trillion daraxt ekishni maqsad qilgan Plant-for-the-Planet tomonidan ishlab chiqilgan loyihadir. Kampaniya 1977 yilda Afrikada "Yashil kamar" harakatiga asos solgan Vangari Maatai tomonidan ilgari surilgan "Milliard daraxt" kampaniyasining davomi hisoblanadi. 2021 yil 30 may holatiga ko‘ra, kampaniya doirasida butun dunyo bo‘ylab 13,96 milliard daraxt ekilgan.
2021 yil 30-31 oktyabr kunlari Rimda bo‘lib o‘tgan sammitning yakuniy deklaratsiyasida aytilishicha, G20 yetakchilari 2030 yilga qadar sayyoramizda 1 trillion daraxt ekishni maqsad qilishgan.
“Biz sayyoramizning eng ko‘p zarar ko‘rgan ekotizimlariga e’tibor qaratgan holda birgalikda 1000 milliard daraxt ekishni o‘z oldimizga ulkan maqsad qilib qo‘yganmiz", deyiladi hujjatda.
Orol dengizining ekologik falokati
Bugungi kunda Orol dengizining qurishi keng ko‘lamli ekologik halokatga olib kelgani, uning halokatli oqibatlarini birinchi navbatda Orolbo‘yi mintaqasi his qilgani hech kimga sir emas. Orol dengizining qurib qolgan qismi atmosferani chang va tuz bilan ifloslantiruvchi manbaga aylanib, o‘nlab yillar davomida havo orqali ko‘p minglab kilometrlarga uchib o‘tib, o‘simlik va hayvonot dunyosiga zarar yetkazmoqda.
Orol ekologik halokatining salbiy oqibatlarini minimallashtirish maqsadida O‘zbekiston hukumati tuzli cho‘l joylashgan qurigan dengiz tubida yangi tuproq qoplamini shakllantirish, yer yuziga ekologik zararni minimallashtirish, Orol dengizi bo‘yida yashovchi aholi salomatligi va ularning ijtimoiy-iqtisodiy hayotini jonlantirish kabi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 2021 yil 18 may kuni BMT Bosh Assambleyasi Orolbo‘yi hududini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyusiyani bir ovozdan qabul qildi.
Qabul qilingan rezolyusiyada BMT Bosh Assambleyasi Orolbo‘yida ekologik, ijtimoiy, iqtisodiy va demografik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan mintaqaviy tadbir va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi.
Shuningdek, O‘zbekistonning Xalqaro tabiatni muhofaza qilish Ittifoqiga qo‘shilishi Markaziy Osiyo hududida bioxilma-xillikni saqlash jarayonida muhim voqea bo‘ldi.
Xalqaro tabiatni muhofaza qilish Ittifoqi tabriknomasida qayd etilishicha, biologik xilma-xillikni saqlash va barqaror foydalanish maqsadida O‘zbekiston bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha Milliy strategiya va tadbirlar rejasini, 2030 yilgacha atrof-muhitni muhofaza qilish Konsepsiyasini va 2028 yilgacha biologik xilma-xillikni saqlash Strategiyasini o‘z ichiga olgan davlat ekologik siyosatining mustahkam me’yoriy-huquqiy bazasini shakllantirgan.
Orol cho‘lining o‘rmonlari
Yuqoridagilarga asoslanib, shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasining turizm va ekologik salohiyatini yanada oshirish uchun dunyoning 50 ta rivojlangan davlatining har biri uchun Orol dengizining Mo‘ynoq tumani hududiga to‘g‘ri keluvchi qurib qolgan hududida 5 gektardan innovatsion o‘rmon yaratishni va ushbu o‘rmonlarning har birini mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan davlatlar sharafiga nomlashni taklif qilamiz.
Bundan tashqari, sayyoramizdagi istalgan inson uchun Orol dengizi mazkur qurib qolgan qismiga pullik asosda daraxt ekishni tashkil qilish va o‘sha insonning nomini bu daraxtga ilib qo‘yish taklif etiladi. Shu bilan birga, bu inson ushbu daraxtning o‘sishini masofadan turib kuzatishi mumkin bo‘ladi. Ushbu tashabbusni amalga oshirish uchun dunyoning taniqli shaxslari, davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, yirik xalqaro va media korporatsiyalar tomonidan ushbu taklif (chellenj)ni ommalashtirish va targ‘ib qilish zarur.
Shuningdek, Kemalar qabristoni yaqinida va barpo etilayotgan innovatsion o‘rmonlar hududida sayyohlar uchun qoraqalpoq milliy oq uylaridan iborat innovatsion mehmonxona majmuasini qurish taklif etiladi.
Ushbu tashabbusni amalga oshirish, aslida, multiplikativ xususiyatga ega. Aytishimiz mumkinki, o‘rmonlar ko‘paygani sari turli turizm mahsulotlari ham rivojlanadi. Xususan, Toshkent shahridan Nukus shahriga sayohat paketini yo‘lga qo‘yish mumkin va bunda innovatsion o‘rmonlarga, Mizdakxon va Tuproqqal’a majmualariga, shuningdek, Savitskiy nomidagi san’at muzeyiga tashriflarni qamrab olish mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, shakllantirilgan innovatsion o‘rmonlar va Mo‘ynoqdagi Kemalar qabristoni ustidan Gyrocopter Skyhub da shaxsiy uchishlarni tashkil etish taklif etiladi.
Gyrocopter Skyhub - bu ikki o‘rindiqli samolyot bo‘lib, u 450 metr balandlikda yoqimli parvoz tajribasini taqdim etadi. Parvozni uchuvchi boshqaradi. Standart paketga 20 daqiqalik parvoz kiradi va uning narxi 275 dollar atrofida bo‘lishi mumkin. Ushbu paket bilan parvozning fotosuratlari va tahrirlangan videosi taqdim qilinadi. O‘zbekistonning barcha fuqarolari parvoz narxidan 20% chegirmaga ega bo‘lishadi.
Innovatsion o‘rmonlardagi daraxtlarni sug‘orish uchun energiya va suvni tejashning eng yangi texnologiyalaridan foydalanish taklif qilinadi, zarur elektr energiyasi esa qayta tiklanadigan energiya manbalaridan ishlab chiqarilishi mumkin.
Daraxtlarni sug‘orish uchun zarur bo‘lgan suv eng yangi texnologiya (atmosfera suv generatori) yordamida atmosferadan olinadi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, Orol dengizi tubida yuqori texnologiyali va innovatsion o‘rmonlar barpo etish bo‘yicha tashabbusimiz ekotizimlarni tiklash jarayonlariga olamshumul turtki berishga va BMTga a’zo davlatlarning biologik xilma-xillikni muhofaza qilish va tiklash yo‘lida birlashishi uchun o‘ziga xos amaliy platformaga aylanishga qodir deb hisoblaymiz va kelajak avlodlar uchun munosib o‘rnak bo‘ladi degan umiddamiz.
Ushbu tashabbus bilan biz barchani sayyoramiz tabiatini muhofaza qilish va asrab-avaylash masalasni yana bir bor mulohaza qilib ko‘rishga chaqiramiz va bu o‘z amaliy tatbiqini topib, 2030 yilga qadar ushbu maqsadga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizni birlashtiruvchi global tashabbusga aylanishiga umid qilamiz.
Muhammadjon Bobojonov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish