19 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasining umumsiyosiy munozaralari o‘tkazildi. Unda amaliy tashrif bilan AQShga borgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari nutqining asosiy mazmuni jahonda hamjihatlik va amaliy hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo‘ygan holda mamlakatlarni jipslashtirish zarurligi masalalariga bag‘ishlandi. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev, “Biz o‘tgan yili umumiy xavfsizlik va taraqqiyotga qaratilgan “Samarqand birdamlik tashabbusi”ni ilgari surdik. Asosiy maqsadimiz mamlakatlarimiz va xalqlarimizning bugungi kuni va istiqboli uchun mas’uliyatni har tomonlama chuqur anglash, ochiq va konstruktiv hamkorlikka tayyor barcha tomonlarni global muloqotga jalb qilishdan iborat”, deb alohida qayd etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, 2024 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tashabbusi bilan Kelajak sammiti o‘tkazilishi xalqaro va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishga, Tashkilotning ta’siri va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Nutqda keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan va ortga qaytmas tus olgan keng ko‘lamli islohotlar natijalariga alohida to‘xtalib, global va mintaqaviy kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yechimi bo‘yicha qator tashabbuslar ilgari surildi.
BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida qilgan nutqida Shavkat Mirziyoyev Orol dengizi fojiasi va iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashish holati va bu borada yaqin kelgusi davrda amalga oshirish zarur bo‘lgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratdi.
Ayni paytda dunyoning juda katta mintaqalarida ekologik vaziyat keskinlashgan. Bunga bir-biriga bog‘liq bo‘lgan uchta inqiroz, ya’ni iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchayib borayotganligi asosiy sabab bo‘lmoqda.
Million-million aholi yashaydigan ulkan hududlar, jumladan, Markaziy Osiyo ham, iqlim o‘zgarishlari oqibatlari tufayli ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan katta zarar ko‘rmoqda, ekologik vaziyat buzilmoqda, aholi salomatligiga jiddiy putur yetmoqda.
Allaqachon global muammoga aylangan Orol dengizi sathi keskin kamayishi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish borasida O‘zbekiston o‘z imkoniyatlari darajasida ulkan chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Orol dengizi fojiasi va ekologik vaziyatni yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohang tarzda amalga oshirilmoqda.
Bu davrda issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirish va iqlimga chidamlilik darajasini oshirish bo‘yicha davlat miqyosida qator kompleks dastur va strategiyalar qabul qilindi. Jumladan, 2019 yil 30 oktyabrda ”2030 yilgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish Konsensiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5863-son Farmoni, 2022 yil 2 dekabrda “2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samardorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi ” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 436-son Qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjatlar bilan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish konsepsiyasi va dasturi, sanoatda energiya samaradorligini oshirish dasturi, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish rejasi kabi ulkan chora-tadbirlar tasdiqlandi. Shuningdek, ularda 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonda YaIMning har bir birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari chiqindilarini 2010 yilga nisbatan 40%ga kamaytirish chora-tadbirlari ishlab chiqildi.
Cho‘llanish, qurg‘oqchilik, chang-qum bo‘ronlari va harorat oshishiga qarshi 600 ming gektar maydonda “yashil to‘siqlar” o‘rmonlari tashkil etish belgilandi. Xavfli gidrometeorologik holatlar va tog‘ daryolari oqimlari holati haqida oldindan haqqoniy xabar berish darajasini mos ravishda 100% va 98%ga yetkazish choralari ishlab chiqildi.
Quruqlik ekotizimlarini himoya qilish va tiklash, ulardan oqilona foydalanish, cho‘llanish, yer degradatsiyasi jarayonlarini to‘xtatish va qaytarish, biologik xilma-xillik qisqarishini bartaraf etish borasida ham juda katta tadbirlar amalga oshirildi, bu borada ham qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Ularga binoan, mamlakatimizda so‘nggi yillarda o‘rmonlar tashkil etish jarayonlari tezlashtirildi va uning quruqlikdagi umumiy maydonga nisbati 8,5 dan 8,7%ga yetkazildi. 2018-2022 yillarda Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar maydonda qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklardan iborat yashil hududlar barpo etildi.
Mazkur hujjatlarda 2030 yilgacha Orolbo‘yi hududidagi o‘rmonlar maydonini 2,3 million gektarga yetkazish belgilandi. Bundan tashqari, Orolning qurib qolgan tubida qo‘shimcha ravishda 800 ming gektar yashil maydon hosil qilish va ularning umumiy maydonini 3,5 million gektar yoki 85%ga yetkazishday o‘ta ulkan choralar tasdiqlandi.
Respublikada o‘rmon maydonlarini 6,1 million gektarga va o‘rmonchilik darajasini 30%ga yetkazish, yuqori samarali chang va gaz tozalash uskunalari va mahalliy tozalash inshootlarini o‘rnatish va modernizatsiya qilish, 14 ta mintaqada ekologik toza hudud rejimini joriy etish, yiliga 200 million daraxt ekib, ko‘kalamzorlashtirish darajasini 30 % ga oshirish, 1984 ta yashil bog‘lar, shu jumladan, 3 yil ichida 112 ta yirik sanoat korxonalari hududi va atrofida 30 million daraxtdan iborat “yashil kamarlar” tashkil etish, respublikaning “Yashil makon” umummilliy loyihasi tashabbuslariga muvofiq 10 ta hududda aerobiologik monitoring tizimlarini yaratish rejalari ko‘zda tutilgan.
Bular juda katta chora-tadbirlar va ularning amalga oshirilishi Orol dengizi fojiasi va og‘ir ekologik vaziyatni yumshatish uchun juda katta xizmat qiladi. Lekin muammoning ko‘lami allaqachon Markaziy Osiyo mintaqasi darajasidan kengayib, umumjahoniy tus olgan va uni hal etish uchun xalqaro darajada juda katta tashkiliy xatti-harakatlar qilish hamda moliyaviy resurslar ajratish talab etiladi. Buni esa faqatgina O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyo davlatlari darajasida hal etishning imkoni yo‘q. Bu sa’y-harakatlarni davom ettirish uchun xalqaro hamjamiyatning qo‘llab-quvvatlashi juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bois Orol fojiasi va iqlim o‘zgarishlari oqibatlariga qarshi kurashishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi ta’sis etilishi, Markaziy Osiyoda suvni tejaydigan texnologiyalar platformasini yaratish, unda “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – suv resurslari” mexanizmini ishga solib, eng ilg‘or texnologiyalarni jalb etish va tatbiq qilish muammoning yechimiga katta xizmat qiladi. Mintaqamizda qabul qilingan Yashil taraqqiyot dasturi doirasida tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi o‘z vaqtida qabul qilingan qaror bo‘ldi va u mamlakatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
Bu tarzdagi xalqaro hamkorlik iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq tahdidlarning oldini olishga qaratilgan va shu bois u jahon davlatlarining aksariyati manfaatlariga mos keladi.
“Bu borada “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni joriy etishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman. Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” rezolyusiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari suramiz. Uning asosiy mazmunini kelgusi yil Samarqandda bo‘lib o‘tadigan xalqaro iqlim forumida muhokama qilishni taklif etamiz”, dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Nutqda havo harorati ko‘tarilayotganligi va unga moslashish uchun qat’iy choralar ko‘rish zarurligiga ham e’tibor qaratildi. Turli ob’yektiv va sub’yektiv sabablar ta’siri ostida Markaziy Osiyoda harorat nisbatan ko‘proq oshib bormoqda. Jumladan, keyingi 30 yilda mintaqada havo harorati bir yarim gradusga ko‘tarildi. Bu dunyodagi o‘rtacha isishdan ikki karra ko‘pdir. Oqibatda Markaziy Osiyo davlatlari hududlarida joylashgan va mintaqa uchun “hayot-mamot” darajasida ahamiyati katta bo‘lgan muzliklar umumiy maydonining qariyb uchdan bir qismi yo‘qolib ketdi.
Ushbu tendensiya saqlanib qolsa, yaqin yigirma yilda Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foizga qisqarishi, jon boshiga suv bilan ta’minlanish darajasi 25 foizga, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi esa 40 foizga kamayishi mumkin.
Bu raqamlarning har biri Markaziy Osiyo davlatlari kelajagi uchun juda katta salbiy ta’sir ko‘rsata oladi. Shuning uchun hozirning o‘zida tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmasa, ertaga kech bo‘lishi, ulkan hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy holatga o‘ta jiddiy zarar yetishi mumkin.
Nutqda yana alohida ta’kidlandiki, O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarini iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish, uglerod neytralligiga erishish va “yashil” energetika ulushini keskin oshirish biz uchun strategik vazifa bo‘lib qolaveradi.
Bu bir-biri bilan bog‘liq 3 ta yo‘nalish bo‘yicha ishlar allaqachon boshlab yuborilgan. Jumladan, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishiga Milliy moslashish rejasini ishlab chiqish jarayoni faol davom etmoqda.
Iqlim o‘zgarishi energetika, sanoat va shahar infratuzilmalarining samarali ishlashiga, suv va oziq-ovqat xavfsizligiga va natijada ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik va aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan ekstremal ob-havo hodisalari sonining ko‘payishiga olib keladi.
Iqlim o‘zgarishishiga moslashish tabiiy, ijtimoiy yoki iqtisodiy tizimlarni haqiqiy yoki kelgusida kutilayotgan iqlim o‘zgarishlari va uning oqibatlariga moslashtirishni bildiradi. Soddaroq aytganda, bu iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq potensial xavflarni kamaytirish yoki imkoniyatlardan foydalanish uchun amalga oshirilgan jarayonlar, harakatlar yoki tuzilmalarni moslashtirishni anglatadi.
Mamlakat iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarini iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish loyihalaridan biri BMTning Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda va uning ko‘magida amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha iqlim o‘zgarishi ta’siriga eng zaif bo‘lgan iqtisodiyot tarmoqlarining chidamliligini oshirishga va barqaror rivojlanishni ta’minlashning mavjud mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan.
Loyiha faoliyati qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, qurilish sektori, favqulodda iqlim hodisalari oqibatida yuzaga kelgan vaziyatlarni nazoratga olish hamda Orolbo‘yi hududini rivojlantirish kabi muhim tarmoqlarda qabul qilinadigan qarorlarning samaradorligini oshirishga yordam beradi.
Mamlakatimizda uglerod neytralligiga erishish va “yashil” energetikani jadal rivojlantirish energetika sohasidagi davlat siyosatining eng ustuvor masalalaridan biriga aylangan. Shu yilning qish oylarida yuz bergan va uzoq davom etgan anomal sovuq bu muamoning dolzarbligini yanada oshirdi va bu borada tezkor choralar ko‘rish zaruriyatini kun tartibiga qo‘ydi.
Uglerod neytralligi deganda kompaniya o‘z ishlab chiqarish faoliyatida atmosferaga karbonat angidrid va boshqa gazlarni chiqarish miqdorini nolga tushirganini yoki bu chiqindilarni manfiy uglerodli loyihalar orqali kompensatsiya qilganini anglatadi.
Uglerod neytralligiga 3 ta asosiy usul orqali erishiladi: atmosferaga chiqindilar miqdorini kamaytirish va qayta tiklanadigan energiya manbalariga (suv, quyosh yoki shamol energiyasiga) o‘tish; karbonat angidridni havodan so‘rib olish; karbonat angidrid miqdorini kamaytiruvchi loyihalarga sarmoya kiritish orqali kompensatsiya qilish.
“Yashil” energiya “muqobil” yoki qayta tiklanuvchi energiya deb ham ataladi. U tabiiy holda tiklanuvchi quyosh, shamol energiyasi, yer harorati (geotermal), suv oqimlarining tabiiy harakati, biomassa energiyasi kabi shakllardan iborat bo‘ladi. Ular atrof muhitga issiqxona gazi kabi chiqindilar chiqarishmaydi.
Ayni paytda energetika sohasini chuqur isloh qilish, xususan, uni xususiylashtirish, uglerod neytralligiga erishish, “yashil” energiya ishlab chiqarish miqdorlarini keskin ko‘paytirish borasida katta chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, sohaga xususiy sektorni keng jalb maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ aksiyalarini ommaviy joylashtirish (IPO) orqali bosqichma-bosqich xususiylashtirish ko‘zda tutilmoqda.
“Yashil” energetikani rivojlantirish va uglerod neytralligiga erishish rejalari ishlab chiqilgan. Unga muvofiq, 2030 yilga borib, mamlakat elektr energiyasining kamida 25 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan, jumladan, 7 GVt quyosh va 5 GVt shamol energiyasidan ishlab chiqarish ko‘zda tutilmoqda. Gidroenergetikani rivojlantirish uchun 142 ta potensial ob’yektlar o‘rganilib, 54 ta loyiha belgilandi. Shuningdek, quvvati 500 kVt gacha bo‘lgan mikro GESlar qurish bo‘yicha 200 ta loyiha amalga oshiriladi.
Bu borada xalqaro ilg‘or tajribalardan keng foydalanilmoqda. Jumladan, Davlatimiz rahbarining AQSh ga amaliy tashrifi chog‘ida shu yilning 19 sentyabrida AQShning “Air Products” kompaniyasi bilan umumiy hajmi 10 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish kelishildi. Investitsiyalarning katta qismi ko‘mirni gazlashtirish, texnik gazlar, vodorod va ammoniy ishlab chiqarish hamda achchiq gazlarni utilizatsiya qilish, karbonsizlantirish bo‘yicha istiqbolli loyihalarga sarflanadi.
Bundan tashqari, “GE”, “Schlumberger”, “Honeywell UOP” kabi kompaniyalar bilan hamkorlik ishlari olib borilmoqda. Yirik energetika loyihalari uchun maslahat xizmatlari “DeGolyer & MacNaughton” kabi «SA» konsalting kompaniyalari tomonidan taqdim etilmoqda.
Saudiya Arabistoni va BAA kompaniyalari bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohalarida texnologiya, tajriba, axborot va inson resurslarini almashish, ekologik toza energiyaga o‘tish, vodorod va qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohalarida qo‘shma ilmiy va innovatsion loyihalar doirasida hamkorlik aloqalari faol davom etmoqda.
O‘zbekiston Prezidentining Saudiya Arabistoni Podshohligiga davlat tashrifi doirasida 2022 yil 18 avgust kuni O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni Energetika vazirliklari hamda Saudiya kompaniyalari o‘rtasida umumiy qiymati 12 mlrd dollar bo‘lgan uchta yirik kelishuv imzolandi. Unga muvofiq, Saudiya Arabistoni tomoni investitsiyalari asosida mamlakatimizda yashil vodorod sohasi rivojlantiriladi. Saudiyaning ACWA Power and Air Products kompaniyasi yurtimizda yirik shamol elektr stansiyalari barpo etmoqda.
BAA kompaniyalari hamyurtimizda qayta tiklanuvchi energetika ob’yektlarini qurishda faol ishtirok etmoqda. 2021 yili Navoiy viloyatida mamlakatdagi birinchi quyosh elektr stansiyasi aynan Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishga tushirilgan. Bugungi kunda u bir kecha-kunduzda 1 million 180 ming kilovatt soat elektr energiyasi yetkazib bermoqda.
BAA bilan energetika energetika sohasida yana 5 ta yirik loyihani amalga oshirish kelishilgan. Ularning umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollarni tashkil etadi. Xususan, “Mubadala” va “Taqa” kompaniyalari bilan hamkorlikda Talimarjon issiqlik elektr stansiyasini xususiylashtirish va quvvatini oshirish, “Masdar” kompaniyasi bilan Navoiy viloyatida shamol, Surxondaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida quyosh elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilgan va bu boradagi ishlar qizg‘in davom etmoqda.
BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida Davlatimiz rahbari qilgan qilgan nutqida ilgari surilgan tashabbuslarning ahamiyati juda katta. Ularda biz barchamiz hozirgi tarixiy tub burilish pallasida kelgusi avlodlarga sayyoramizni qanday holda qoldirish haqida o‘ylashimiz lozimligi, mustahkam tinchlik va farovonlikka faqat umumiy intilishlar va birgalikdagi harakatlar bilan erishish mumkinligi, bizga o‘zaro ishonch, birdamlik va hamkorlik ruhi har qachongidan ham ko‘proq zarurligi, O‘zbekiston shu yo‘lda Birlashgan Millatlar Tashkiloti institutlari va barcha davlatlar bilan keng ko‘lamli va uzoq muddatli sheriklikni chuqurlashtirishga tayyor ekanligi o‘z ifodasini topgan.
Izoh qoldirish