“Yashil energetika — kelajak sari qadam”

“Yashil energetika — kelajak sari qadam”

Rivojlangan davlatlarda bunga alohida e’tibor qaratgan holda qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun katta miqdorda xorijiy davlatlar investitsiyalari kiritiladi.

Masalan, Xitoy, Germaniya, Yaponiya, Braziliya, Italiya, Avstraliya, Hindiston kabi davlatlarda quyosh va shamoldan elektr energiyasi ishlab chiqarishga katta sarmoyalar tikilmoqda.

Bir paytlari Xalqaro energetika agentligining ijro direktori Fatix Birol: “Qayta tiklanuvchi energiya (QTE) manbalari - dunyo energiyasiga aylandi”, degan edi.

Haqiqatan bu soha jahon davlatlari ichra rivojlanib bormoqda. Ayni paytda quyosh energiyasidan foydalanuvchi eng yirik davlatlar qatorida Xitoy (340 GVt), AQSh (103 GVt), Yaponiya (79 GVt), Germaniya (62 GVt) va Hindiston (57 GVt) kabi davlatlar peshqadamlik qilmoqda.

Shuningdek, Germaniyada 2024 yilda QTE – elektr energiyasi iste’moli 46 foizni tashkil etdi, 2030 yilga kelib 80 foizga yetkazishni maqsad qildilar.

Prezidentimiz tashabbuslari va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida O‘zbekistonda ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari stansiyalarini qurish va ulardan keng ko‘lamda foydalanish ishlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi PQ-57- sonli qarori bilan mamlakatimizda katta masshtabda davlat-xususiy sheriklik asosida yirik quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish ishlari boshlandi. Jumladan, Birlashgan Arab Amirligining (BAA) “Masdar” kompaniyasi tomonidan Samarqand (220 MVt), Jizzax (220 MVt), Surxondaryo (457 MVt), Qashqadaryo (500 MVt), Navoiy (122 MVt) viloyatlarida jami 1519 MVt quyosh hamda Navoiyda 500 MVt shamol elektr stansiyalari, Buxoro viloyatida “ACWA Power” (BAA) kompaniyasi tomonidan 1000 MVt shamol elektr stansiyalari, Xitoyning “Gezhouba” kompaniyasi tomonidan 500 MVt quyosh elektr stansiyalari foydalanishga topshirildi. Samarqand shahrida “Tepelen Group” kompaniyasi tomonidan 2023 yil oktyabr oyida 20 MVt quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi. Bugungi kunda O‘zbekistonda umumiy quvvati 4682 MVt bo‘lgan 12 ta quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 5 ta shamol elektr stansiyasi tomonidan 9 mlrd kVt soat «yashil» elektr energiyasi ishlab chiqarildi (https://yuz.uz/uz/news/ozbekistonda-yashil-energiya).

Natijada, 2 mlrd 730 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi hamda atmosferaga 4 mln tonnadan ortiq zararli gazlarning chiqishining oldi olindi.

Ekologik toza energiya manbalariga o‘tish, nafaqat mamlakat iqtisodiyotining muhim tayanchiga, balki ekologik barqarorlikka erishish, tabiiy boyliklarni asrash, eng muhimi, aholi uchun sog‘lom va barqaror ekologiyani ta’minlash manbaiga aylangani uchun ham hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati kundan-kunga oshib borayotir.

Shuningdek, o‘tgan davrda (16.02.23 y-29.10.25 y) respublika bo‘yicha 138 783 ta ob’yektlarga jami 1 903 MVt quyosh panellari o‘rnatildi va tegishli ma’lumotlar “Yashil energiya” axborot tizimida tasdiqlandi (“Yashil energiya” axborot tizimi).

Ijtimoiy soha ob’yektlari, davlat idoralari, tadbirkorlik sub’yektlari bino-inshootlariga, aholi xonadonlariga, yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarga qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini o‘rnatish ishlari “Yashil energiya” axborot tizimi hamda joylardagi Ishchi guruhlari (bojxona xodimlaridan iborat) tomonidan nazorat va monitoring qilinib, tizimlashtirib borilmoqda.

Natijada, 2 144 ta ob’yektga 29 MVt quyosh panellari o‘rnatilmagan holatlar bartaraf etildi, 289 ta ob’yektga o‘rnatilgan 6 MVt panellar ishchi holatda emasligi aniqlanib, “Yashil energiya” axborot tizimida bekor qilindi.

“Yashil energetika”ni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi manbalardan foydalangan holda tabiiy resurslarni tejash O‘zbekiston oldidagi eng muhim va hayotiy vazifaga aylanganini bugun hammamiz ko‘rib turibmiz.

Joriy yilning o‘tgan davrida (01.01.25 y-29.10.25 y) respublika bo‘yicha 40 233 ta ob’yektga 918 MVt quyosh panellari o‘rnatilib, 2025 yil uchun belgilangan reja (785 MVt) 117 %ga, 3 349 ta ob’yektga 1 249 ming litr geliokollektor o‘rnatilib, reja (1,2 mln litr) 104%ga bajarildi. Xususan:

– ijtimoiy soha va davlat idoralarining 5452 ta ob’yektlariga 98 MVt (reja 14 821 ta ob’yekt, 311,7 MVt, ijrosi 32 %) quyosh panellari va 594 ming litr (reja 297 ming litr, ijrosi 200 %) geliokollektor;

– ko‘p qavatli 808 ta uylarga 11,9 MVt (reja 1 042 ta ob’yekt, 12,7 MVt, ijrosi 94 %) quyosh panellari;

– aholi bo‘yicha 23 737 ta xonadonlarga 238 MVt (reja 31 370 ta ob’yekt, 91,7 MVt, ijrosi 259 %) quyosh panellari va 255 ming litr (reja 469 ming litr, ijrosi 54 %) geliokollektor;

– tadbirkorlik sub’yektlarining 10 236 ta ob’yektlarga 570 MVt (reja 26 939 ta ob’yektga 368,9 MVt, ijrosi 155 %) quyosh panellari va 400 ming litr (reja 436 ming litr, ijrosi 92%) geliokollektorlar o‘rnatildi (“Yashil energiya” axborot tizimi).

Shuningdek, bojxona organlarining 74 ta bino – inshootlariga o‘rnatilgan 4,1 MVt quvvatli quyosh panellaridan, o‘tgan ikki yarim yilda jami 8,0 mlrd so‘m byudjet mablag‘lari elektr energiya iste’molidan iqtisod qilindi.

Aholiga yaratilgan imkoniyatlardan kelib chiqib, xodimlarimiz ham tashabbus ko‘rsatib, o‘zlarining yoki ota-onasi yashovchi hovlilarga jami 1733 kVt quyosh panellari o‘rnatdi.

2030 yilga borib, mamlakatimiz aholisi 41 millionga yetishi, iqtisodiyot 2 karra o‘sishi kutilayapti. Bu energiya resurslariga bo‘lgan talabni hozirgidan 1,5 karra oshiradi. Shu bois qayta tiklanadigan energiya manbalarining inson hayoti va faoliyatidagi ahamiyati va dolzarbligi ortib boraveradi.

Bugungi kunda fan va texnika yildan yilga rivojlanib bormoqda. Amalga oshirilayotgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, MDH davlatlari ichida Rossiya davlati olimlari tomonidan quyosh panellari tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi 23,3%ga, Yapon olimlari tomonidan 26,3%ga yetkazishga erishildi.

O‘zbekiston quyosh panelini asosini tashkil etuvchi kremniy moddasiga juda boy davlat bo‘lishiga qaramay, lekin yuqori texnologiyalar mavjud bo‘lmaganligi uchun undan samarali va sifatli foydalanish yo‘lga qo‘yilmagan. Bu borada albatta ilmiy tadqiqot markazlari va oliy ta’lim laboratoriyalarini moddiy-texnika bazasini mustahakamlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini jadal yo‘lga qo‘yish lozim bo‘ladi.

Bundan tashqari, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan olinadigan elektr energiyasidan foydalanishda energiyani saqlash va uzatishda ham ko‘plab muammolar bor.

Bularning yechimi, albatta “Yashil energetika”ning boshqa soha va tarmoqlarining jadal rivojlanishida hamda aholi turmush darajasini yanada yaxshilanishida yangi drayverga aylanadi.

Yangi loyihalar orqali nafaqat ekologik toza energiya ishlab chiqarilayapti, balki minglab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda, raqobatbardosh energetika bozori shakllanmoqda.

Bu esa mamlakatning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash va xorijiy investorlar bilan hamkorlikda o‘zgaruvchan global bozorga moslashish imkonini bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi
Tibbiy-ijtimoiy masalalar bilan ishlash va quyosh panellari o‘rnatilishini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i, polkovnik Safarboyev Feruz Madraximovich
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar