Twitter tarmog‘ida konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan audiochatlar bo‘lib o‘tdi. 9 avgust kuni o‘tkazilgan suhbat – xususiy mulk daxlsizligi, “snos” muammosiga bag‘ishlandi.
Muloqotga ekspertlardan biri sifatida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktor o‘rinbosari Muhsinjon Xolmuxamedov taklif etildi.
Suhbatni Hikmatilla Ubaydullayev, Nazira Inoyatova va Shuhrat Shokirjonov olib bordi.
Audiochat boshlovchisi Hikmatilla Ubaydullayevning fikricha, ushbu mavzuni ekspertlar ishtirokida muhokama qilinishi juda muhim. Chunki o‘tkazilgan so‘rovnomalar, bildirilgan takliflar, qoldirilgan izohlar ham aynan “snos” mavzusining dolzarbligini ko‘rsatgan.
So‘nggi yillardagi “Snos” muammosi uy-joy daxlsizligini ta’minlash bilan bog‘liq qonunchilikdagi mavjud kamchiliklarni ko‘rsatib berdi. 2020 yilda “snos”ga tushgan mulklarning atigi 45 foiziga kompensatsiya to‘lab berilgan, qolgan qarzdorlik 2021 yilda to‘liq qoplab berilgan bo‘lsa-da, orada kompensatsiya pulini kutgan aholi sarsongarchiligiga yo‘l qo‘yildi.
Konstitutsiyaga “Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega. Sudning qarorisiz uy-joydan mahrum etilishga yo‘l qo‘yilmaydi” mazmunidagi qoidaning kiritilishi bu muammoga yechim bo‘la oladimi yoki yo‘qmi degan savol ko‘pchilikni o‘ylantirayotgani tabiiy. Turar-joy daxlsizligi bu egasining roziligisiz uning turar-joyiga kirishga, unga har qanday zarar yetkazishga hech kimning haqqi yo‘qligini anglatadi, – dedi Ubaydullayev.
Audiochatda jamoatchilikni qiziqtirgan muhim savollarga javob qaytarildi. Jumladan, ekspert sifatida ishtirok etgan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktor o‘rinbosari Muhsinjon Xolmuxamedov Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlar haqida gapirar ekan, ularning investorlar xatti-harakatiga ta’sirini qayd etdi.
— “Snos”lar nima uchun bu qadar aktual masalaga aylandi? Buning, albatta, o‘ziga xos iqtisodiy asoslari bor. Yaqin o‘tmishda tadbirkorlar shaharning eng daromadli, yuqori baholangan joylaridan o‘zlariga ob’yektlarni tanlab olib, shu yo‘nalishda harakat qilishgan.
Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlar – investorlarning xatti-harakatini ham o‘zgartiradi. “Uzoq muddatli o‘yin qoidalari” bundan keyin investorlarni yangi joylarga investitsiya kiritish, yangi joylarni o‘zlashtirishga undaydi. Bu esa mamlakatning investitsiyaviy salohiyatini yanada kengaytiradi.
Xulosa qilib shuni aytishim mumkinki, to‘g‘risi bu juda og‘riqli mavzu edi. Iqtisodchi sifatida Adliya vazirligi, Oliy sud va boshqa vazirlik idoralaridan kelgan hamkasblarimizning fikrlarini eshitib, o‘zimam ko‘p savollarimga javob topdim. Bu audiochatimizdan onlayn foydalanish ruxsati bo‘lsa, kelajakda ham tadqiqotchilar yoki boshqa bir qiziquvchilar tomonidan qanaqadir savollar tug‘ilsa, ushbu audiochat juda foydali bo‘ladi.
Muloqotda Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev, Bosh prokuratura Akademiyasi korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ma’rifiy markazi rahbari Bahodir Ismoilov, Oliy sud sudyalari Navro‘z Rahmonov, Sarvarbek Rahmonov, Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Nodir Tillayev, Moliya vazirligi departament direktori Ruslanbek Mamanov, Qurilish vazirligi mas’ul xodimlari Akbar Rajabov va Hamza Ochilov va boshqalar spiker sifatida ishtirok etdi.
Izoh qoldirish