Mutaxassislari ayni kunlarda O‘zbekistondagi sabzi va lavlagining yuqori narxlari masalasiga e’tibor qaratishmoqda. Zero, yilning bu davridagi ushbu mahsulotlarning yuqori narxi, aslida, noodatiy hol. Mamlakat poytaxti Toshkentdagi do‘kon va savdo rastalarida har ikki mahsulot ham kg uchun 9000 so‘m ($0,85)dan 11 so‘m ($1,04)gacha narxlarda sotilmoqda.
Taxminan ikki oy avval ushbu mahsulotlarning chakana narxi 2-3 baravar past bo‘lgan. Odatda, sabzi va lavlaginining yangi hosilini aprel oyida bozorda paydo bo‘lishi va uning hajmi asta-sekin ko‘payishi sabzavotlar narxi ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymasligi, aksincha, narxlar asta-sekin pasayishiga olib kelishi kerak edi.
Ushbu mavsumda sabzi va lavlagi narxlarining bunday «noan’anaviy» narxlarda sotilayotganiga sabab nima?
EastFruit mutaxassislarining fikriga ko‘ra, asosiy sabab, Rossiya bozoridagi sabzi va lavlagi narxlarining anomal dinamikasidir.
Sabzisiz palov – palovmi?
O‘zbekistonda aholi jon boshiga sabzi iste’mol qilish Sharqiy Yevropaga qaraganda ancha yuqori. Sabzi ko‘p iste’mol qilinishining asosiy sababi shundaki, u mashhur taom – o‘zbek palovining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ommabop retseptga ko‘ra, palovni tayyorlashda bir kg guruch uchun kamida bir kg sabzi ishlatiladi. Yaqin-yaqingacha palov tayyorlash tannarxi go‘sht, guruch va yog‘ narxiga bog‘liq edi. Endi esa sabzining ham palovning tannarxidagi ulushi oshib bormoqda.
Aytgancha, O‘zbekistonda so‘nggi bir necha yil ichida go‘sht va guruch ancha qimmatlashdi. Shuning uchun ko‘pchilik palo tannarxini pasaytirish maqsadida «oshxona» yoki ko‘cha paloviga ko‘p miqdorda sabzi qo‘sha boshlagani sezilib qoldi, sababi – sabzi arzon edi. Biroq, endi vaziyat keskin o‘zgardi, ushbu sabzavot narxi kundan-kun rekordlarni yangilamoqda.
Shuni ham qayd etish joizki, odatda, sabzining yangi hosili (ertagi mahsulot) palov uchun ishlatilmaydi – hosil yig‘ib olingach, oradan kamida ikki oy o‘tishi kerak. Shu sababli, «eski sabzi» yoki o‘tgan yilgi hosili bozorda yangisi paydo bo‘lgan taqdirda ham palov uchun zarur ekani sababli talabgirdir.
Sabzi narxi anomaliyalari – narxlar o‘tgan yilga nisbatan besh baravar baland!
2021 yilning aprel oyida o‘tgan yilgi hosil narxi keskin ko‘tarildi. O‘zbekistonda o‘tgan yilgi sabzi narxi may oyi boshida cho‘qqiga chiqqanicha pasaymayapti, aksincha, sekinlik bilan bo‘lsa-da, o‘sishda davom etmoqda. Vaholanki, odatiy manzara boshqacha bo‘lishi lozim edi: bu yilgi hosilning bozorda paydo bo‘lishi va uning hajmi asta-sekin oshib borishi hech bo‘lmasa, o‘tgan yilgi sabzi narxlari o‘sishiga to‘sqinlik qilishi kerak edi.
Quyidagi grafikda o‘tgan yilgi sabzining 2020 va 2021 yillardagi ulgurji narxlari dinamikasi ko‘rsatilgan.
Yuqoridagi grafikdan ko‘rinib turibdiki, 2021 yilning 11 iyunidan boshlab, o‘tgan yilgi hosilning ulgurji narxlari 2020 yilning shu sanasiga nisbatan 5 baravar yuqori.
Ushbu noodatiy holatlar yangi hosil narxlarida ham kuzatilmoqda. Mahsulot narxi aprel oyi oxirida tushishdan to‘xtab, o‘sha darajada «qotib» qoldi. O‘tgan yili, iyun oyining birinchi o‘n kunligida ertagi sabzi narxi deyarli 2 baravar pasaygan va hozirgi narxlardan deyarli 3,5 baravar arzon bo‘lgan edi.
Shu bilan birga, O‘zbekistondagi sabzi narxlari bilan bog‘liq holat, umuman olganda, O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy eksport bozori – Rossiya va shuningdek, qo‘shni Tojikistondagi narxlar dinamikasini takrorlamoqda.
Lavlagi narxi ham juda tez oshmoqda
Xo‘raki lavlagi bilan bog‘liq vaziyat ham xuddi shunday. Hozirgi vaqtda Rossiyadagi chakana savdo do‘konlarida lavlagi narxi 110 rubl/kg (1,53 dollar/kg), ochiq bozor va uylar yaqinidagi chakana savdo do‘konlarida 180 rubl/kg gacha (2,50 dollar/kg) sotilmoqda.
Shunga ko‘ra, o‘zbekistonlik sabzi va lavlagi yetishtiruvchilar hamda eksportyorlar uchun ushbu mahsulotlarni Rossiya bozoriga eksport qilishda ajoyib imkoniyatlar yuzaga keldi.
EastFruit mutaxassislarining qayd etishicha, ushbu yo‘nalishga sabzi va lavlagi eksportining faol jo‘natmalari Qozog‘iston orqali ham amalga oshirilmoqda.
Odatda, apreldan iyungacha bo‘lgan davrda O‘zbekistondan sabzining faqat yangi hosili, ya’ni ertagisi eksport qilinadigan bo‘lsa, ushbu mavsumda o‘tgan yilgi sabzi narxlari dinamikasiga ko‘ra, eksportga yo‘naltirilgan sabzi assortimenti o‘tgan yilgi hosil zaxirasi hisobiga kengaydi.
Ayniqsa, xo‘raki lavlagi eksportining faollashganini qayd etish joiz. Mutaxassislarining fikriga ko‘ra, birgina shu yilning may oyida O‘zbekistondan 2000 tonnaga yaqin lavlagi eksport qilingan. Ushbu lavlagi eksporti tempi iyun oyida ancha pasaydi. Bu boshqa mamlakatlardan Rossiya bozoriga lavlagi yetkazib berish hajmi ko‘payishi yoki O‘zbekiston ichki bozorida lavlagining eksortga chiqariladigan hajmining kamaygani sabab, narxlar oshishi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Umuman olganda, xulosa aniq – Rossiya O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarining eng yirik va asosiy bozori bo‘lgani sababli, u yerda ayrim mahsulotlar narxlarining o‘sishi har doim O‘zbekistondagi tovarlar narxi o‘sishida ham aks etadi.
Izoh qoldirish