Bugun poytaxtimizda "Strategik sheriklikni mustahkamlash: tarixiy aloqalardan keng qamrovli hamkorlik sari" mavzusida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi tahlil markazlari birinchi forumi o‘z ishini boshladi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov o‘z nutqida o‘tkazilayotgan anjumanning ahamiyatini alohida ta’kidladi. "Toshkent forumi mintaqalar o‘rtasidagi ilmiy-ekspert muloqotini mustahkamlashda burilish nuqtasi bo‘lib, hamkorlikning umumiy kun tartibini yangi strategik mazmun bilan boyitishga qaratilgan g‘oyalar almashish va tashabbuslarni ishlab chiqish uchun samarali maydon yaratadi"-deya takidladi E.Aripov.
Shundan so’ng u Markaziy Osiyo va KADHK o‘rtasidagi tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan munosabatlarning har tomonlama tahlilini taqdim etdi.
Institut rahbarining ta’kidlashicha, mintaqalarni nafaqat umumiy o‘tmish, balki kelajak rejalardagi o‘xshashlik ham bog‘lab turadi. Asrlar davomida Markaziy Osiyodan Arabiston yarimoroli sohillarigacha bo‘lgan bozorlar, madaniyatlar va g‘oyalarni bog‘lagan Buyuk Ipak yo‘li iqtisodiy va sivilizatsiyaviy o‘zaro bog‘liqlikning asosi bo‘lib xizmat qilgan. Bu jarayonda Bag‘doddagi " Donishmandlik uyi" alohida o‘rin tutgan, unda Markaziy Osiyo va arab dunyosi olimlari hamkorlikda jahon tarixi yo‘nalishini o‘zgartirib yuborgan ilmiy asarlar yaratishgan.
Bugungikunda "ushbutarixiyaloqalarniqaytatiklashorqalibizenergetika, logistika, ilmiy-texnikavainvestitsiyasohalaridahamkorlikningyangiko‘priklarinibarpoetmoqdamiz"- deyata’kidladiE.Aripov
Uning ta’kidlashicha, bu yo‘ldagi eng muhim qadam 2023-yil iyulda Jiddada o‘tkazilgan tarixdagi ilk "Markaziy Osiyo - Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" sammiti bo‘ldi. Mazkur tadbir mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi va muntazam siyosiy muloqot uchun institutsional asos yaratdi. Uning doirasida tashqi ishlar vazirlari uchrashuvlari, investitsiya forumlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi, 2023-2027-yillarga mo‘ljallangan Qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilindi.
SMTI direktori ushbu hamkorlik allaqachon amaliy natijalar berayotganini ta’kidladi. Xususan, so‘nggi uch yil ichida O‘zbekistonning KADHK mamlakatlari bilan savdo aylanmasi uch barobarga (257 million dollardan 812 million dollargacha) oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa ikki barobar ko‘payib, qariyb 400 taga yetdi.
Ko‘rfaz davlatlarining O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalarining umumiy hajmi 3 milliard dollardan oshdi. BAA - 1,5 mlrd; Ummon - 250 mln.; Quvayt - 220 mln.). Bundan tashqari, umumiy qiymati 30 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 100 ga yaqin loyiha ishlab chiqilmoqda. Turistik almashinuvlarda ham ijobiy siljishlar ro‘y bermoqda. 2024-yilga kelib, Ko‘rfaz davlatlaridan respublikaga sayyohlar oqimi 12 ming kishidan oshdi, bu 2021-yilga nisbatan ikki baravar ko‘p degani.
Shu bilan birga, u ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda erishilgan ulkan yutuqlarga qaramay, hamkorlik ko‘lami hali-hanuz mintaqalar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning mavjud salohiyatini to‘liq namoyon etmayapti.
Hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga to‘xtalar ekan, E.Aripov yaqin yillarda hamkorlikni sifat jihatidan chuqurlashtirishga hissa qo‘shadigan bir qator muhim jihatlarga batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Birinchidan, u mintaqalar o‘rtasida jiddiy ziddiyatlarning yo‘qligi va ularning global barqarorlik hamda izchil taraqqiyotga umumiy intilishini ta’kidladi. Ikki mintaqa davlatlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Qo‘shilmaslik harakati kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda.
Ikkinchidan, investitsiyaviy pasayish, proteksionizmning kuchayishi, savdo urushlari va global logistika zanjirlaridagi beqarorlik kabi yangi global tahdidlarga birgalikda javob berish muhim, deb hisoblaydi ekspert. "Faqat sa’y-harakatlarni birlashtirish orqali yuqoridagi chaqiriqlarga javob berishning samarali va barqaror modellarini ishlab chiqishimiz mumkin," - deya aniqlik kiritdi u.
Uchinchidan, ikkala mintaqa ham jadal o‘zgarishlarning tarixiy muhim bosqichini boshdan kechirmoqda. Shu bilan birga, nafaqat zamonaviy iqtisodiy jarayonlar, balki Ko‘rfaz va Markaziy Osiyo mamlakatlarining rivojlanish strategiyalari ham juda o‘xshashdir. "Saudi Vision 2030," "Qatar National Vision 2030," "Oman Vision 2040" - ushbu strategik hujjatlar "Qozog‘iston-2050," "Uzbekistan Vision-2030," Qirg‘iziston va Tojikistonning 2030-yilgacha rivojlanish strategiyasi va Markaziy Osiyodagi boshqa modernizatsiya dasturlari bilan ko‘p jihatdan o‘xshashdir.
To‘rtinchidan, mutaxassis ta’kidlaganidek, har ikki mintaqada ham faol mintaqaviylashuv jarayonlari kuzatilmoqda: ko‘rfaz mamlakatlari bu borada ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lsa, Markaziy Osiyo hamkorlik va birlashtirish asoslarini qurishga endigina kirishdi. Mutaxassisning fikricha, bunday sharoitda KADHKning Markaziy Osiyodagi mintaqaning barqaror rivojlanishiga qaratilgan umumiy mintaqaviy tashabbus va loyihalarni qo‘llab-quvvatlashi alohida ahamiyat kasb etadi.
SMTI vakilining fikricha, muloqotni qo‘llab-quvvatlashda tahlil markazlari muhim rol o‘ynashi lozim. "Bugungi va kelgusidagi hamkorligimiz oliy darajadagi uchrashuvlarni axborot-tahliliy jihatdan ta’minlashga hamda mintaqalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashga yangi turtki berishiga ishonchim komil," - deya yakunladi Eldor Aripov.
SMTI va Saudiya Arabistonining "Gulf Research Center" tadqiqot markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari va KADHK davlatlaridan 70 dan ortiq nufuzli ekspertlar, shuningdek, KADHK Kotibiyati, diplomatik korpus va ishbilarmon doira vakillari ishtirok etmoqda.
Forum ishtirokchilari Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari o‘rtasidagi joriy va istiqboldagi hamkorlikning muhim jihatlarini muhokama qiladilar. Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha siyosiy muloqotni va o‘zaro kelishilgan yondashuvlarni mustahkamlash, savdo va investitsiya aloqalarini chuqurlashtirish, "yashil" energetika va transport yo‘laklarini rivojlantirish sohalarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari ekspertlar diqqat markazida bo‘ladi.
Izoh qoldirish