– Kasbiy faoliyatingiz haqida qisqacha gapirib bersangiz, bu lavozimga qanday kelgansiz? Oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz? Qaysi ko‘nikmalaringiz sizga yuklangan vazifalarni samarali bajarishga yordam bermoqda?
– Qorako‘l tumani hokimining mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha Mirzaqal’a MFYdagi hokim yordamchisi lavozimiga 2022 yil 29 avgustda ishga kelganman. Mehnat faoliyatimni 2012 yil Qorako‘l tumanidagi Neft va gaz sanoati kasb-hunar kollejida o‘qituvchilikdan boshlaganman. 2013–2016 yillarda “Qorako‘lgaz ta’minoti” filialida Ekspluatatsiya bo‘limi boshlig‘i, 2016–2017 yillarda filialning bosh muhandisi lavozimlarida ishlaganman. 2017 yildan 2021 yilga qadar “Hududgazta’minot” Buxoro viloyati Qorako‘l tuman bo‘limida aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish xizmati boshlig‘i bo‘lib faoliyat yuritganman. 2021 yildan 2022 yil avgustga qadar “Epsilon Development Company” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarish ustasi bo‘lib ishlaganman. Ushbu davrlarda orttirgan tajribam, bevosita xalq bilan ishlash jarayonlari menga yangi ish faoliyatimda ham yordam berdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
– Mahallangizning joylashuvi, u yerdagi mavjud infratuzilma ob’yektlari (yo‘llar, maktab, bog‘cha, poliklinika, sanoat korxonalari), aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari haqida to‘liqroq gapirib bersangiz? – Mirzaqal’a MFY Qorako‘l tuman markazidan 20-25 km olis masofada joylashgan bo‘lib, aholisi asosan dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanib keladi. Aholi xonadonlari soni – 1125 ta, oilalar soni – 1952 ta, aholi soni esa 7266 nafarni tashkil qiladi. MFY hududida 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 1 ta maktab, 1 ta qishloq vrachlik punkti mavjud. Ichki yo‘llar uzunligi 27,8 km bo‘lib, shundan 4 km asfaltlashtirilgan, 19,8 km shag‘allashtirilgan hamda 4 km qismi qum-tuproqdan iborat. MFY hududida tadbirkorlik sub’yektlari soni 2022 yil boshida 3 tani tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda 40 ta tadbirkorlik sub’yekti, 4 ta sanoat ishlab chiqarish sexi mavjud. 2022 yil boshida aholining ishga yaroqli, lekin ishsiz qatlami 376 nafarni tashkil qilardi, asosan qishloq sharoitida ayollar ko‘proq ishsiz edi. Bunga yechim izlash hamda ayollar bandligini ta’minlash maqsadida bolalar ko‘lochini (?) ishlab chiqarish sexini tashkil qildik hamda ushbu sexda bugungi kunda 30 dan ortiq ayol ish bilan band. Ularning o‘rtacha oylik daromadi 3-3,5 mln so‘mni tashkil qildi. Qolaversa, har bir ishsiz bilan alohida suhbat o‘tkazib, ularning qiziqishlariga qarab kasb-hunarga o‘qitib, imtiyozli kredit olib berib, bandligini ta’minlash choralari ko‘rildi. Mahalla xonadonlarida tomorqa mavjudligi, ushbu tomorqadan samarali foydalanib, daromad topish imkoniyatlari ham asta-sekin o‘rgatilib, ko‘nikma shakllantirib borildi.
– Yo‘l boshida eng qiyin bo‘lgan narsa nima bo‘ldi va siz uni qanday yengdingiz?
– 2022 yil avgust oyida ushbu lavozimga tayinlangan vaqtimda birinchi navbatda o‘zimga o‘zim savol berdim: bu mahalla markazdan olis hududda joylashgan, aholi bilan til topishib keta olamanmi, olis hududda biror natijaga erisha olamanmi, degan o‘y-xayol va ozroq qo‘rquv ham bor edi. Lekin 10 yillik mehnat faoliyatimda orttirgan tajribam aholi bilan bevosita birga ishlagan vaqtlarimda orttirilgan ko‘nikmam menga yordam berdi. MFYga borganimda yoshi ulug‘ nuroniylar, mahalladagi obro‘li insonlar bilan tez muloqotga kirishib, til topib ketishim orqali ichimdagi qo‘rquv va hadikni yengib o‘tdim.
– Xonadonbay o‘rganish natijasida qanday yangi iqtisodiy imkoniyatlarni aniqladingiz?
– 2022 yil ish faoliyatimni boshlaganimdan keyin birinchi navbatda xonadonlarga birma-bir kirib,odamlar bilan tanishib, ularning turmush tarzi va yashash sharoiti o‘rganildi. Xatlov yakunida kim nimaga qodirligini tekshirib, hammani toifaga ajratib, ular bilan alohida loyihalar ustida ish boshladik.
– Mahallangiz rivojining asosiy iqtisodiy o‘sish drayveri nima? Nega ushbu yo‘nalishlar tanlab olindi? Tanlangan yo‘nalishlarni tezkor rivojlantirish uchun nima ishlar qilinmoqda?
– Mahallamiz rivojining iqtisodiy o‘sish drayveri chorvachilik bo‘lib, hududning joylashuvidan kelib chiqib qaraydigan bo‘lsak, cho‘l zonasida tomorqa yerlarining ko‘pligi va yaylovlarning mavjudligi, qolaversa, 60 foizdan oshiq xonadonda chorva mollari boqilishini inobatga olib, chorvachilik yo‘nalishini o‘sish drayveri deb belgiladik. Tanlangan drayverni tez fursatda rivojlantirish maqsadida xonadonlarga chorvachilik bo‘yicha imtiyozli kreditlar ajratib berilmoqda. Ikki nafar drayver tadbirkor tanlab olingan bo‘lib, ushbu tadbirkorlarga chorva mollari bo‘yicha loyiha qilindi. Ulardan biri Ne’mat Rahmonov naslli chorva mollarini ko‘paytirish va bevosita aholiga ushbu joyning o‘zidan arzon va sifatli chorva mollarini yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Ikkinchi tadbirkorimiz Jasur Hamroyevga naslli chorva mollarini olib kelishni ko‘paytirish va go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash loyihasi amalga oshirilmoqda.
– Mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qanday imkoniyatlar mavjud? Hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan davringizda mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot bersangiz. Shu vaqt ichida nechta yangi korxona barpo etilib, nechta yakka tartibdagi tadbirkor ish bilan ta’minlandi?
– Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish uchun hozir barcha imkoniyatlar hurmatli Prezidentimiz tomonidan yaratib berilgan, qolaversa, viloyat va tuman hokimi tomonidan ham ko‘plab sharoitlar hozirlangan. Mahalla hududida tadbirkorlik qilish istagi bor fuqarolarga yoki tadbirkorligini kengaytirish istagi bor tadbirkorlarga infratuzilma masalasini tuman hokimligi, moliyaviy tomonlama ko‘mak ko‘rsatishni hokim yordamchisi va bank rahbari o‘z zimmasiga oladi. Hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan vaqtimda amalga oshirgan loyihalarimga to‘xtaladigan bo‘lsak, 8 ta aholiga xizmat ko‘rsatadigan savdo do‘koni, 1 ta bolalar quloqchini ishlab chiqaradigan sex, 1 ta Akfa romlari sexi, 1 ta mebel sexi, 1 ta non sexi, 5 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi, 4 ta omixta yem sotish shoxobchasi, 3 ta go‘sht do‘koni, 1 ta mini-market, 1 ta avtomobillarni yuvish shoxobchasi, 2 ta avtomobillarga xizmat ko‘rsatish ustaxonasi, 2 ta santexnika savdo do‘koni, 3 ta go‘zallik saloni, 2 ta erkaklar sartaroshxonasi, 1 ta gilam tikish sexi, 1 ta suvni filtrlash sexi va boshqalar shular jumlasidan. Jami 37 ta tadbirkorlik sub’yektidan 8 tasi korxona, 29 tasi YaTT.
– Biror ehtiyojmand oilani yoki yosh tadbirkorni qo‘llab-quvvatlab, ular hayotida aniq o‘zgarish qilgan holatni eslab o‘ting.
– Misol tariqasida, Istam To‘xtayev xonadonining oilaviy sharoiti qiyin ahvolda edi. Oilada 5 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Ularning asosiy daromadlari xonadonlarda kunlik ishlab pul topish edi. Oylik ishlab topgan daromadi 2 mln so‘m atrofida bo‘lgan. O‘rtacha hisobda jon boshiga 400 mingdan to‘g‘ri kelardi. Oila boshlig‘i To‘xtayev Ilhom akani tuman o‘rmon xo‘jaligiga ishga joylashtirdik, oylik ish haqi 2 mln so‘mni tashkil qildi. Oiladagi farzand Istam To‘xtayevning nogironligi bor, lekin ishlash imkoniyati mavjudligini inobatga olib, unga 15 mln so‘mga elektr “Muravey” olib berdik. Istam hozirda kuniga o‘rtacha 100-150 ming, oyiga esa 3 mln so‘m daromad topmoqda. Oiladagi ayollarga chorva mollari olib berib, ularning bandligini ta’minladik. Hozirgi kunda oilaning o‘rtacha daromadi 5-5.5 mln so‘mga yetib, jon boshiga 1-1.1 mln so‘mni tashkil etdi. Oila kambag‘allikdan chiqishni uddalay oldi. Bu borada fuqarolarning ham xohish-istaklari muhim rol o‘ynaydi. Boshqa bir misol. Bir necha yillardan beri oilasi bag‘ridan uzoqda – musofir yurtda yurgan mahalladoshimiz Muhiddin Shukurov ham oilasi bag‘riga qaytarildi, uning qiziqishi va kasbini inobatga olib, imtiyozli kredit ajratildi va mahallada umumiy ovqatlanish shoxobchasi ochib berildi. Bugun ular oilaviy mehnat qilmoqdalar.
– Hokim yordamchisi sifatidagi tajribangizga tayangan holda, sizning fikringizcha, mahallangizda kambag‘allik holatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy sabab va omillar nimada? Sizningcha, hududingiz aholisi o‘rtasida kambag‘allik darajasini yanada samarali kamaytirish uchun qo‘shimcha nima ishlar qilish kerak?
– 2022 yil Mirzaqal’a MFYga ishga kelgan vaqtimda aholining kambag‘allik darajasi qariyb 40 foizga yaqin, ya’ni 38.5 foizni tashkil qilardi. Ular bilan birma-bir suhbatlashib, ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganib chiqdik. Birinchi navbatda, mahallaning joylashuvi shahar markazidan uzoqligi, ishlash uchun ish va imkoniyat yo‘qligi, aholining katta qismi boqimondalikka o‘rganib qolganligi qaysidir jihatdan davlat ularga doim yordam berishi kerak, degan dunyoqarashni paydo qilgan edi. Yillar davomida birgalikda hamfikr bo‘lib, bamaslahat ishlab, hududda yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali ularning ham dunyoqarashi va fikrlashini o‘zgartirib bordik. 2025 yilning 1 sentyabr holatiga ko‘ra, kambag‘allik darajasi 6.1 foizni tashkil qilmoqda. Bir narsani ta’kidlab o‘tishim kerak, kambag‘al xonadonga faqat kredit berish orqali uni kambag‘allikdan chiqarib bo‘lmaydi. Menimcha, hududdagi tadbirkorlikka moyil, biznes qilish qo‘lidan keladigan qatlamni aniqlab, zarur bo‘lsa, ularga katta kreditlar ajratib, yangi ish o‘rinlari yaratishga ko‘maklashsak va shu o‘rinlarga kambag‘al oila a’zolarini ishga joylashtirsak, ularni kambag‘allikdan chiqarishga erishish mumkin.
– Odamlar sizni ko‘proq qaysi muammolar bo‘yicha izlashadi? Misol keltira olasizmi?
– Mahalladagi hokim yordamchisini hududda istiqomat qiluvchi fuqarolar barcha muammolarda izlashadi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki fuqarolar hokim yordamchisiga hokimning mahalladagi vakili sifatida qarashadi va barcha yo‘nalishlarda murojaat bilan kelishadi. Shunday vaqtlarda biz ham ularni bosiqlik bilan tinglab, tegishliligi bo‘yicha mahallaning qaysi xodimiga taalluqli bo‘lsa, murojaatni o‘sha xodimga yo‘naltiramiz. Shu orqali fuqaroni qiynab kelgan muammolarni birgalikda hal qilish choralarini ko‘ramiz. Agar muammo tuman darajasida bo‘lsa, albatta, tuman hokimligiga yetkazamiz.
– Ishsizlikni qisqartirishda qanday innovatsion yondashuvlar samara berdi?
– Ishsizlikni qisqartirish bo‘yicha ham o‘ziga xos tajribamiz bor. Masalan, Toshkent shahrida tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan bir nechta mahalladoshimiz mavjud bo‘lib, ular bilan doimiy muloqotdamiz. Qolaversa, poytaxtga borib, ular bilan bevosita suhbatlashgan holda, mahallada ularning Toshkent shahridagi ishlab chiqarish korxonalarining filialini ochishga kelishdik. Hozirga qadar 2 ta shunday ijobiy ishni amalga oshirdik va bu orqali 40 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
– Tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha mahallangizda qanday chora-tadbirlar va innovatsion usullar qo‘llandi? Mahalladagi muvaffaqiyatli tadbirkorlik tashabbuslariga misollar keltirsangiz.
– Mahalla markazida 10 dan ortiq tadbirkorlikni o‘z ichiga olgan mikromarkaz qurish ishlari tugallanay deb qoldi. Ushbu 10 dan ortiq tadbirkorlik sub’yektida 30 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu joy aholi madaniy hordiq chiqaradigan, aylanib dam olib ketadigan ajoyib maskan bo‘ladi. Keyingi yillarda mahalla ixtisoslashuviga qo‘shimcha ravishda aholiga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishi ham qo‘shilib bormoqda. Tadbirkorlikning innovatsion usuliga to‘xtaladigan bo‘lsak, hozirgi kunda qo‘shni mahallalar ham o‘rganilib, ularning ehtiyoji va iste’moliga qarab yaqin hududlarda kerakli, ammo u yerda mavjud bo‘lmagan tadbirkorlik va ishlab chiqarish yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish ishlari olib borildi. Chunki tadbirkorni birinchi navbatda chiqargan tovarini sotish o‘ylantiradi, shuning uchun yaqin hududlardagi talabni bilish orqali tadbirkorlik qilish, menimcha, yaxshi tajriba bo‘ladi. Bunga Akfa romlari sexi, mebel sexi, non mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi hamda gilam to‘qish sexlarini misol qilib keltirish mumkin.
– Hokim yordamchisi sifatida amaliy tajribangizdan kelib chiqib, O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz? Hokim yordamchisi sifatida sizga qanday yordam kerak?
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 4 oktyabrdagi PQ-347-sonli qarori 8-bandiga asosan, Respublika bo‘yicha o‘zining ijobiy tajribasiga ega, liderlik salohiyati bor, yuqori natijalar ko‘rsatgan hokim yordamchilaridan iborat 50 nafar loyiha menejerlari tanlab olindi. Ushbu menejerlar respublikaning 71 ta qizil toifadagi tumaniga 6 oy mobaynida xizmat safariga yuborildi. Ular orasida men ham bor edim. 2025 yil 17 fevraldan Sirdaryo viloyati Xovos tumaniga biriktirildim. 6 oy mobaynida ushbu hududda 50 ga yaqin loyihani amalga oshirib, 200 ga yaqin yangi ish o‘rnini yaratdim. 100 dan ortiq xonadonni kambag‘allikdan chiqarish choralarini ko‘rdim. Hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish uchun birinchi navbatda tumanlar o‘rtasida hokim yordamchilari orasidagi aloqalarni yaxshilash va loyihalar borasida fikr almashishni yo‘lga qo‘yishni taklif qilaman. Onlayn platformada tadbirkorlik uchun savdoga chiqarish bo‘yicha hokim yordamchisi taklifi grafasini ochilsa va ushbu jarayonni bevosita kuzatib turish imkoni yaratib berilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Ssuda olish jarayonida kambag‘al xonadonlarga chorva molini ssudaga berish tartibini ishlab chiqish zarur, hozir bu amaliyotda yo‘q. Imtiyozli kredit olib, to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirganlarga imtiyoz sifatida kvitansiyada ko‘rsatilgan summadan keshbek ajratib berish ham aholining tadbirkorlikka qiziqishini oshirishi mumkin.
– Agar sizda byudjet, vaqt va resurslar bo‘yicha hech qanday cheklov bo‘lmasa, mahallangizda qaysi loyihani amalga oshirgan bo‘lardingiz?
– Mahallada chorvachilik bilan shug‘ullanish imkoni bor. Buning uchun tomorqalarda chorvachilik uchun zarur ozuqa mahsulotlarini yetishtirib, sog‘in sigirlar olib berib, ularni boqish va sog‘ib olingan sut mahsulotlarini mini separator yordamida qayta ishlagan holda bozorda sotish choralarini ko‘rardim.
– 2025 yilda o‘z oldingizga mahallangizni rivojlantirish bo‘yicha qanday yangi maqsad va rejalar qo‘ygansiz? Siz ishlayotgan mahalla 5 yildan keyin qanday bo‘lishiga ishonasiz?
– 2025 yil bir qator loyihalarni amalga oshirishni reja qilib qo‘yganmiz. Jumladan, yil yakuniga qadar Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan 2 ta tadbirkorning kichik korxonasi filialini ishga tushirish (1 ta oziq-ovqat mahsulotlari va uksus ishlab chiqarish sexi) va 1 ta 20 o‘rinli tikuv sexini ishga tushirishni reja qilganmiz. Besh yildan keyin mahalla hududida ishsizlik batamom bo‘lmaydi, kambag‘allik darajasi ham 2 foizdan pastga tushadi.
– Bu tizimdagi ish tajribasidan so‘ng, o‘zingizni kelajakda qayerda tasavvur qilasiz? Sizning shaxsiy rivojlanishingiz uchun mahallada ishlash qanday foyda berdi?
– Men mahallada aholi bilan ishlashda katta tajriba orttirdim desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu bilan to‘xtab qolish niyatim yo‘q, hali o‘qib izlanadigan jihatlarim juda ko‘p. Kelajakda o‘z ustimda ishlagan holda to‘plagan tajriba va ko‘nikmalarimni davlatimizning ravnaqi va rivoji yo‘lida ishlatib, samarali mehnat qilish niyatim bor. Bosh maqsadim – vatanimga yanada yaxshiroq xizmat qilib, aholi roziligi va duosini olish!
Jamoliddin Turdimov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
"Iqtisodiy sharh" jurnali №9/2025
Izoh qoldirish