7 mart kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) va O‘zbekiston o‘rtasida ilk bor 20 mln dollarlik valyuta ayirboshlash bitimi tuzildi. Bu O‘zbekistonga xorijiy valyutada qarz olish bilan bog‘liq valyuta risklarini himoya qilishga yordam beradigan birinchi shunday bitimdir, deya ma’lum qildi YeTTB.
Svop bitimlari — moliyaviy risklarni boshqarish uchun ishlatiladigan moliyaviy instrument hisoblanadi. Valyutaviy svop bitimi svop turlaridan biri bo‘lib, turli valyutadagi qarzlarni valyuta riskidan himoya qilish uchun foydalaniladi.
Ushbu tajriba bitimi yaqinda YeTTB tomonidan boshlangan derivativlar huquqini isloh qilish bo‘yicha texnik yordam bilan birgalikda O‘zbekiston Moliya vazirligining derivativlar bozorini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi va valyuta riskini boshqarishning muhimligini ta’kidlaydi.
YeTTBning O‘zbekistondagi rahbari Alkis Drakinosning ta’kidlashicha: «Ushbu bitim O‘zbekistonda mahalliy valyuta bozorini rivojlantirishdagi muhim bosqichdir. Bu valyuta risklarini boshqarishni ham, mamlakat real sektorini milliy valyutada kreditlashni ham osonlashtiradi. Ayniqsa, Markaziy Osiyo va undan tashqarida beqarorlik davrida juda muhim», — dedi u.
Bitimni amalga oshirish uchun Moliya vazirligi Xalqaro svoplar va derivativlar assotsiatsiyasining (ISDA) bosh kelishuvi bo‘yicha xalqaro yuridik kompaniyaning ijobiy huquqiy xulosasini oldi.
«Svop bitimi bo‘yicha eng yaxshi narx taklif qilgan YeTTB bilan ISDA bosh kelishuvi imzolandi va Osiyo taraqqiyot bankidan xorijiy valyutada jalb qilingan qarz mablag‘larining 20 mln AQSh dollari qismi bo‘yicha svop operatsiyasini amalga oshirildi. Qisqa qilib aytganda, ushbu ilk sinov svop opersiyasi orqali 20 million AQSh dollaridagi davlat qarzi milliy valyutadagi qarzga o‘girildi», — deya qayd etdi Moliya vazirligi.
Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, ilk sinov svop operatsiyasi O‘zbekiston moliya bozorida, xususan, davlat va xususiy sektor tomonidan jalb qilinayotgan tashqi qarz mablag‘larining xorijiy valyuta risklarini samarali boshqarishda xalqaro kontragentlar bilan derivativlardan foydalanishga yo‘l ochib beradi.
Xorijdan milliy valyutada investitsiya jalb qilish imkoniyati murakkabligi va cheklanganligini hisobga olganda, chet el valyutasidagi investitsiyalarni derivativ instrumentlar orqali so‘mga o‘girish muqobil vosita vazifasini bajaradi.
Derivativlar bozorini rivojlanishi O‘zbekiston kapital bozorida moliyaviy risklarni samarali boshqarishga, xorijda esa so‘mdagi aktiv va majburiyatlarni to‘g‘ri baholanishiga hamda milliy valyuta bozorini shaklanishiga xizmat qiladi.
Hozirda xalqaro kontragentlar bilan derivativ instumentlardan keng foydalanish maqsadida Moliya vazirligi YeTTB bilan birgalikda «Derivativ va REPO tranzaksiyalari qonunchiligini yaratish» loyihasi ustida ish olib bormoqda. Bundan tashqari, TCX fondi o‘zbek so‘miga xorijda bozor yaratish hamda O‘zbekistonda moliyaviy instrumentlar bo‘yicha tajriba va moliyaviy savodxonlikni rivojlantirishga o‘z xissasini qo‘shishga tayyorligini bildirdi.
Izoh qoldirish