Gidroenergetika sohasida Turkiya kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda

Gidroenergetika sohasida Turkiya kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda

Hozirda O‘zbekgidroenergo AJ rahbariyati Turkiyada bo‘lib, yangi loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik ishlarini amalga oshirish yuzasidan xizmat safari bilan bo‘lib turibdi.

Turkiya Respublikasiga tashkil etilgan xizmat safari dasturi doirasida yirik kompaniya rahbarlari bilan amaliy uchrashuvlar o‘tkazildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yil sayin mustahkamlanib borayotgani, ikki davlat munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilib, strategik sheriklik darajasiga olib chiqilgani e’tirof etildi.

Turkiya poytaxti Anqara shahrida joylashgan DOLSAR Engineering kompaniyasi bosh ofisida O‘zbekgidroenergo AJ Boshqaruvi raisi bilan ikki tomonlama hamkorlikka qaratilgan uchrashuv tashkil etildi.

DOLSAR Engineering kompaniyasi Boshqaruvi raisi Irfan Aker tomonidan tashkil etilgan samimiy qabulda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, sohada kompaniya tajribasini ishga solish, mamlakatimiz gidroenergetikasini yanada rivojlantirishga tegishli yo‘nalishlarda hissa qo‘shish borasida fikr bildirildi.

Uchrashuvda turk kompaniyasi bilan “O‘zbekiston-Turkiya biznes forumi”da imzolanishi rejalashtirilgan umumiy qiymati 52 mln. dollarga teng 3 ta loyiha doirasidagi shartnomalar ko‘rib chiqildi. Xususan:

  1. Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Pskom daryosida Toldiqsoy GES va Qorong‘ito‘qay GES (qo‘shma loyiha) qurilishi loyihalarining TIAsini ishlab chiqish (shartnoma qiymati: 5,8 mln doll.);
  2. Namangan viloyati Norin daryosida Norin GESlar kaskadi qurilishi loyihasi qurilishida PMS xizmatlari (shartnoma qiymati: 15,7 mln doll.);
  3. Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Pskom daryosida Pskom GES qurilishi loyihasining to‘g‘oni qurilishida PMS pudratchi xizmatlari (shartnoma qiymati: 30,5 mln doll.).

Kompaniya ekspertlarini qiziqtirgan savollarga javob berildi, ko‘zda tutilgan loyihalar yuzasidan ularning fikr-mulohazalari o‘rganildi.

Shuningdek, navbatdagi uchrashuv Anqara shahrida O‘zbekgidroenergo AJ Boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov hamda sohaviy yo‘nalishda nufuzli hisoblangan “Özaltin Holding” kompaniyasi Bosh direktori Muzeffer O‘zdemir o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlik doirasida istiqbolli loyihalar ustida ishlash, asosiy hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab olish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda “Özaltin Holding” kompaniyasi faoliyatiga oid taqdimot bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, turkiyalik hamkorlarga “O‘zbekgidroenergo” AJning istiqbolli loyihalari borasida ma’lumotlar taqdim etildi. Ushbu loyihalar bo‘yicha investitsiya kiritish orqali EPS+F, DXSh asosida hamkorlik qilish taklifi berildi.

O‘z navbatida, “Özaltin Holding” kompaniyasi Bosh direktori Muzeffer O‘zdemir kompaniyaning to‘g‘onlar qurish bo‘yicha katta taribasidan kelib chiqib, Pskom GES qurilishi loyihasi doirasida GES to‘g‘oni qurilishida (tender orqali) ishtirok etish istagini bildirdi.

Kompaniya vakillari bilan Pskem to‘g‘oni loyihasi texnik xarakteristikalari muhokama qilindi. Loyihaning tender shartlari, to‘g‘on turi, joylashuvi, geologik va seysmik holatlari yuzasidan kompaniya ekspertlarining fikr-mulohazalari o‘rganildi.

Bugun 5 iyun kuni Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston-Turkiya biznes forumi” doirasida O‘zbekgidroenergo AJ hamda DOLSAR Engineering kompaniyasi o‘rtasida Namangan viloyati Norin daryosida Norin GESlar kaskadi qurilishi loyihasi qurilishida PMS xizmatlarini ko‘rsatish borasida kelishuv bitimi imzolandi.

Shu bilan birga, “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov hamda “Özaltin Holding” kompaniyasi Bosh direktori Muzeffer O‘zdemir tomonidan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar