Infografika: 2017-2022 yillarda Qoraqalpog‘iston Republikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi (+video)

Infografika: 2017-2022 yillarda Qoraqalpog‘iston Republikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi (+video)

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari 2017-2022 yillarda amalga oshirilgan faol islohotlar jarayonida Qoraqalpog‘iston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi asosiy o‘zgarishlarni tahlil qildi.

2017-2022 yillarda Qoraqalpog‘iston Republikasining yalpi hududiy mahsulot (YaHM) 10,9 trln. so‘mdan 29,9 trln. so‘mga, uning real hajmi esa 37,1%ga oshdi. Aholi jon boshiga YaHM 5,9 mln. so‘mdan 15,2 mln. so‘mga ko‘payishi ta’minlandi. Mazkur davrda aholi soni 7,3%ga ko‘payib, 2 mln. kishiga yetdi.

Hududda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 6,8 trln. so‘mdan 17,8 trln. co‘mga oshib, real hajmi 21,3%ga o‘sdi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishda esa real hajmi 24%ga, 2017 yildagi 5 trln. so‘mdan 2022 yilda 14,4 trln. so‘mga oshdi.

Ko‘rsatilayotgan xizmat turlarining kengayishi va ularga talabning tobora ortishi natijasida bozor xizmatlari hajmi 3,6 trln. so‘mdan 10,4 trln.so‘mga yetdi va 2,1 baravar ko‘paydi.

Mazkur davrda infratuzilmani rivojlantirishga katta e’tibor qaratilib, 2017-2022 yillarda 2943 km suv ta’minoti tarmoqlari va 90,8 km gaz quvurlari foydalanishga topshirildi.

Aholini ijtimoiy muhofaza qilish va munosib turmush sharoiti yaratish borasida aholini munosib uy-joy bilan ta’minlash kabi vazifalarni hal etish muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, o‘tgan olti-yetti yil mobaynida viloyatda 5 308 ming kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi, maktabgacha ta’lim muassasalarida 19,5 ming, maktablarda 118 ming joy yaratildi.

Aholi turmush sharoitini yaxshilash maqsadida o‘tgan olti yil mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasida 157 mingga yaqin ish o‘rni yaratildi.

Hududda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar umumiy qiymati 4,8 mlrd. dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilishiga imkoniyat berdi. Natijada hududda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 2017 yildagi 19,2 mingdan 2022 yilda 30,3 minggacha ya’ni 58%ga o‘sdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar