Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 5,8 foizga o‘sdi, bu o‘tgan yilning shu davridagi o‘sish sur’atlaridan (6,2%) bir oz kamroq.
Jahon iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatadigan geosiyosiy beqarorlikning davom etishiga qaramay, umuman olganda, asosiy savdo sheriklari bo‘lgan mamlakatlarda qulay iqtisodiy muhit shakllandi. Shunday qilib, 9 oy yakunlariga ko‘ra Qozog‘istonda YaIM 4,7 foizga, Qirg‘izistonda 4,2 foizga o‘sdi. Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy rivojlanish vazirligining hisob-kitoblariga ko‘ra, yanvar-avgust oylarida Rossiya yalpi ichki mahsuloti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,5 foizga o‘sdi.
O‘zbekistonda inflyasiya sekinlashmoqda. Yanvar-sentyabr oylarida narxlar 5,1 foizga o‘sdi, bu o‘tgan 5 yilning shu davriga nisbatan past. Tahlil qilinayotgan davrda oziq-ovqat inflyasiyasi 5,6 foizgacha sekinlashdi (2022 yilning 9 oy davomida - 10%). Nooziq–ovqat mahsulotlari narxlari 4,8 foizga (2022 yilning shu davriga nisbatan 7,9%), xizmatlar narxi - 4,7 foizga (4,8%) oshdi.
Asosiy kapitalga investitsiyalar hajmining o‘sishi 2022 yilning 9 oyidagi 3,3 foizdan 2023 yilning shu davridagi 11,8 foizgacha sezilarli darajada oshdi. Markazlashtirilmagan investitsiyalar bo‘yicha ikki xonali o‘sish dinamikasi kuzatilmoqda - joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida 13,6 foizga o‘sgan. Xususan, to‘g‘ridan – to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb qilish bo‘yicha yuqori o‘sish sur’atlari qayd etildi - 16,3% (shu bilan birga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 47 foizga oshdi), tijorat banklarining kreditlari hisobiga - 27%. Aholi mablag‘lari hisobidan investitsiyalari 10,6 foizga oshdi.
Joriy yilda davlat tomonidan kafolatlangan kreditlarning 23,5 foizga o‘sishi hisobiga markazlashtirilgan investitsiyalar 1,3 foizga oshdi.
Shunday qilib, investitsiyalar tarkibida markazlashtirilmagan investitsiyalarning ulushi o‘sishda davom etmoqda - 86,9% (2022 yil yanvar–sentyabr oylarida - 85,5%).
Tahlil qilinayotgan davrda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ishlab chiqarishning o‘sishi kuzatildi.
Qishloq xo‘jaligi jadal sur’atlar bilan – joriy yilning 9 oyida 4,1 foizga o‘sdi, 2022 yilning yanvar-sentyabr oylarida esa 3,6 foiz o‘sgan. O‘simlikchilik, chorvachilik va o‘rmon xo‘jaligi tezlashdi, baliqchilik mahsulotlari yetishtirish biroz sekinlashdi – 10,9% (2022 yil yanvar-sentyabr oylarida – 18,1%).
2023 yilning 9 oyida sanoat 5,7 foizga o‘sdi, bu 2022 yilning yanvar-sentyabr oylariga nisbatan 5,3 foizga yuqori. Asosiy drayver – ishlab chiqarish sanoati bo‘lib, u 6,4 foizga (2022 yilning 9 oyida 5,4%) o‘sishni ko‘rsatdi, shuningdek, suv ta’minoti, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish tarmoqlarida ham ishlab chiqarish oshdi. Tog‘-kon sanoati sohasida garchi 0,4%ga o‘sish kuzatilgan bo‘lsa-da, lekin bu o‘tgan yilga nisbatan (1,1%) past. Energiya ta’minoti, gaz yetkazish va havoni konditsionerlashtirish sohasida o‘sish sur’ati 2022 yilning yanvar-sentyabr oylarida 14,7 foizdan joriy yilning 9 oyida 8,9 foizgacha pasaydi.
Shuningdek, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish o‘sish sur’ati 2022 yilning 9 oyidagi 27 foizdan 2023 yilning shu davridagi 7,7 foizgacha sekinlashganini ham qayd etish lozim.
Joriy yil qurilish sohasi dinamikasida biroz pasayish kuzatilmoqda. Shunday qilib, 2022 yilning 9 oyi davomida o‘sish 6,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilning yanvar-sentyabr oylarida u 5,6 foizgacha sekinlashdi.
Tahlil qilinayotgan davrda bozor xizmatlari ko‘rsatish hajmi 12,1 foizga (2022 yil yanvar-sentyabr oylarida – 15,4%) oshdi. Barcha tarmoqlarda o‘sish kuzatilmoqda. Jumladan, axborot-kommunikatsiya xizmatlari – 24,8%, ta’lim – 23,5%, moliyaviy xizmatlar – 18,2%, turar joy va umumiy ovqatlanish xizmatlari – 10,9%, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar – 10,2% eng yuqori o‘sish sur’atlarini ko‘rsatdi. Transport xizmatlari hajmi 7,3 foizga oshdi. Yuk tashish va yo‘lovchilar aylanmasining o‘sish sur’atlari sekinlashdi.
Chakana savdo aylanmasi hajmi 7 foizga oshdi, ammo bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan – 10,8% past.
2023 yilning yanvar-sentyabr oylarida tashqi savdo hajmi 22,1 foizga o‘sib, 44,8 milliard dollarni tashkil etdi. Sezilarli o‘sishga qaramay, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan – 29,4 foizga kamroq. Eksport 23,5 foizga oshib, 17,7 milliard dollarni, import 21 foizga oshib, 27 milliard dollarni tashkil etdi.
Eksport hajmining o‘sishi chet elga oltin yetkazib berishning qariyb 90 foizga, shuningdek, mashina va transport uskunalari 44 foizga, xizmatlar 21 foizga, tayyor mahsulotlar 20 foizga, oziq-ovqat mahsulotlarining 19 foizga o‘sishi bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda mashina va transport uskunalari importi 45 foizga, yoqilg‘i mahsulotlari 45 foizga, tayyor mahsulotlar 14 foizga, kimyo mahsulotlari 14 foizga o‘sdi.
***
Umuman olganda, 9 oy yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston iqtisodiyoti rejalashtirilgan rivojlanish vektori doirasida ijobiy o‘sish tendensiyasini davom ettirdi. Investitsion faollikning o‘sishi ichki va tashqi muammolarni yengishga yordam beradi, bundan tashqari inflyasiyaning pasayishi tendensiyasi davom etmoqda, bu esa iqtisodiy muhitni barqarorlashtirishga olib keladi. Shu bilan birga, qo‘shimcha xatarlar milliy valyuta kursining o‘zgaruvchanligi va byudjet taqchilligining oshishi bilan yuzaga keladi.
Yil yakunida O‘zbekiston iqtisodiyotining jadal o‘sish sur’atlari davom etishi kutilmoqda.
Ruslan Abaturov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish