Ochiq muloqot orqali tadbirkorlikni rivojlantirish
Davlat rahbarining tadbirkorlar bilan Ochiq muloqoti biznesni qo‘llab-quvvatlash va qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga qaratilgan zamonaviy iqtisodiy siyosatning muhim mexanizmlaridan biriga aylandi. Ushbu muloqotlar davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlab, tadbirkorlarni qiynayotgan dolzarb masalalarni bevosita muhokama qilish va ularga yechim topish uchun samarali maydon yaratmoqda.
Ochiq muloqotlar yakunlari bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini soddalashtirish, ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish hamda biznesning moliyaviy resurslarga erishish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, tadbirkorlik faoliyati tartib-taomillarini takomillashtirish bilan bir qatorda, tadbirkorlarning ijtimoiy mas’uliyatini oshirish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish va eksportga yo‘naltirilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu kabi kompleks yondashuv kichik biznesning nafaqat ichki bozorda barqaror faoliyat yuritishi, balki xalqaro bozorlarga faol chiqishi uchun ham mustahkam zamin yaratmoqda.
So‘nggi yillarda mazkur yondashuv amaliy natijalar berdi. Kichik biznes mamlakat yalpi ichki mahsulotining yarmidan ko‘prog‘ini, eksportning uchdan bir qismidan ortig‘ini hamda sanoat ishlab chiqarishining salmoqli ulushini ta’minlamoqda. Xususan, 2025 yilda kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 52,2 foizni, eksportdagi ulushi 36,6 foizni, sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi esa 28,5 foizni tashkil etdi.
Ushbu ko‘rsatkichlarning barqaror o‘sishi tadbirkorlik sektori iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishning muhim omiliga aylanib borayotganini hamda O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalarini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratayotganini ko‘rsatadi.
2025 yilda tadbirkorlik faoliyatiga nazar
O‘tgan yil O‘zbekiston iqtisodiyotida kichik biznesning hal qiluvchi o‘rnini yana bir bor tasdiqladi. 2025 yilda uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 52,2 foizni, eksportdagi ulushi 36,6 foizni, sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi esa 28,5 foizni tashkil etdi.
Kichik biznesning eng yuqori ulushi savdo sohasida 83 foiz, qurilishda 75,6 foiz va xizmatlar sohasida 47,2 foiz qayd etildi.
Ushbu ko‘rsatkichlar tadbirkorlik faolligi iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratishning muhim omillaridan biriga aylanganini ko‘rsatadi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil davomida mamlakatda 82,4 mingta yangi korxona tashkil etildi, faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarning umumiy soni esa 493 mingtaga yetdi.
Yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub’yektlari soni bo‘yicha savdo sohasi yetakchilik qildi. Ushbu sohada 30,2 mingta korxona ish boshladi. Shuningdek:
- qishloq xo‘jaligida — 9,9 mingta;
- sanoatda — 9,5 mingta;
- yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida — 7,2 mingta;
- qurilishda — 4,5 mingta;
- axborot va aloqa sohasida — 3,1 mingta;
- tashish va saqlash sohasida — 2,6 mingta;
- sog‘liqni saqlash sohasida — 1,8 mingta yangi korxona tashkil etildi.
Boshqa faoliyat turlari hissasiga 13,3 mingta yangi korxona to‘g‘ri keldi.

Hududlar kesimida ham tadbirkorlik faolligining sezilarli jonlanishi kuzatildi. Eng ko‘p yangi korxona Toshkent shahrida 18,4 mingta, Toshkent viloyatida 8,5 mingta, Xorazm viloyatida 7,2 mingta, Samarqand viloyatida 6,5 mingta va Farg‘ona viloyatida 6,4 mingta tashkil etildi. Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon, Buxoro va Namangan viloyatlarida esa 4,2 mingtadan 4,8 mingtagacha yangi korxona ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Nisbatan kam faol hududlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida ham ijobiy dinamika saqlanib qoldi. Bu tendensiya tadbirkorlik faolligi mamlakatning barcha hududlarida kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarning hududlar bo‘yicha taqsimotiga ko‘ra, ularning eng katta qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi 96,5 mingta, ya’ni mamlakatdagi jami korxonalarning qariyb beshdan bir qismi. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati 46,6 mingta, Samarqand viloyati 45,4 mingta, Farg‘ona viloyati 41,8 mingta va Qashqadaryo viloyati 37,8 mingta bilan qayd etildi.
Ushbu ma’lumotlar O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes iqtisodiyotning asosiy o‘sish manbalaridan biri bo‘lib qolayotganini hamda uning barqarorligi oshib borayotganini tasdiqlaydi. Korxonalar sonining ko‘payishi, ularning tarmoqlar va hududlar bo‘yicha diversifikatsiyasi, shuningdek eksportdagi faol ishtirok biznes muhitini liberallashtirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar natijasidir.
Xulosa
2026 yilda o‘tkaziladigan Prezidentning tadbirkorlar bilan oltinchi Ochiq muloqoti biznes uchun dolzarb masalalarni muhokama qilish va yangi tashabbuslarni ishlab chiqishning muhim maydoni bo‘ladi.
Muloqot doirasida tashqi iqtisodiy faoliyat, soliq siyosati, infratuzilma, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish hamda yangi eksport bozorlarini o‘zlashtirishga oid takliflarga alohida e’tibor qaratiladi.
Mazkur tadbir ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va raqobatbardosh hamda barqaror iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish