Shavkat Mirziyoyev 22 sentyabr kuni «Ipoteka kreditidan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.
Qarorda ipoteka kreditlari bo‘yicha soliq imtiyozlarini qo‘llash shartlari takomillashtirildi.
Qarorga muvofiq 2023 yil 1 yanvardan boshlab dastlabki badalning va ipoteka krediti bo‘yicha foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya berilgan fuqarolarning uy-joylarni sotib olish, qurish yoki rekonstruksiya qilish uchun olingan ipoteka kreditlarini hamda ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni to‘lash uchun yo‘naltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortilmaydi.
Soliqqa tortilmaydigan daromadlar hajmi oshdi
Shuningdek, imtiyoz qarz oluvchi va birga qarz oluvchilar daromadining bir soliq davrida mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 80 baravaridan (73,6 mln so‘m) oshmagan qismiga tatbiq etiladi. Hozir bu miqdor qariyb 5 barobar kam — 15 mln so‘m.
Bundan tashqari, 2023 yildan boshlab ipoteka krediti hisobiga sotib olingan, qurilgan va rekonstruksiya qilingan mol-mulk unga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran 36 oy ichida begonalashtirilganda, mazkur qarorning 1-bandida nazarda tutilgan daromadlar belgilangan tartibda soliqqa tortiladi.
Ta’mirlanmagan uylar uchun ham subsiyadiya ajratiladi
1 noyabrdan boshlab “korobka” holatdagi uy-joylar uchun ipoteka kreditlari hamda subsidiya ajratishga ruxsat beriladi.
Shu bilan birga 2021 yilda yangi tartib asosida ipoteka kreditlari ajratishning maqsadli parametrlari doirasida berilgan subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xabarnomalarning amal qilish muddati 2022 yil 31 dekabrga qadar uzaytiriladi.
Banklar byudjet ssudasi ajratadi
Bundan tashqari, davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash uchun jalb etilgan mablag‘lar hisobidan “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJga banklar tomonidan aholiga berilgan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish uchun 3 yil muddatga 12 foiz stavkada va foiz to‘lovlarini har 6 oyda to‘lash sharti bilan 300 mlrd so‘mgacha byudjet ssudasi ajratiladi.
Bunda kompaniya resurslarni tijorat banklariga 1 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda marja qo‘llagan holda joylashtiradi.
Uy-joylar va ipoteka kredit olishda fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish uchun viloyatlar markazlarida ipoteka markazlari tashkil etiladi.
Ta’kidlab o‘tish kerakki, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozoridagi talab o‘zgarishlari doimiy ravishda tahlil qilib kelinmoqda. Ko‘chmas mulk bozori tahlili shuni ko‘rsatdiki, bir oy ichida O‘zbekistonda uy-joy savdosi 30%ga oshgan. Markaz mutaxassislari buni joriy yilning avgust oyida ipoteka kreditlash hajmining keskin o‘sishi bilan izohlashmoqda, bu esa o‘z navbatida barcha hududlarda sotuvlarning ijobiy dinamikasiga ta’sir ko‘rsatdi.
Izoh qoldirish