2023 yil 8-9 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotining (IHT) 16-sammitiga O‘zbekiston Respublikasi ilk bor mezbon sifati rahbarlik qilmoqda. Mazkur tashkilot unga a’zo davlatlar (Turkiya, Eron, Pokiston, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Afg‘oniston, Tojikiston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Turkmaniston) o‘rtasida barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, mintaqaviy savdoni rivojlantirish, a’zo davlatlarning jahon savdosida rolini oshirish, a’zo mamlakatlarni bir-biri va boshqa davlatlar bilan bog‘laydigan transport va kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, samarali qishloq xo‘jaligi va sanoat salohiyatidan foydalanish, mintaqa xalqlari o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.
Tashkilot tarixi
Turkiya, Eron va Pokiston davlat va hukumat rahbarlari tomonidan 1964 yilda Istanbulda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan Rivojlanish uchun Mintaqaviy Hamkorlik (RMH) platformasining davomi sifatida Iqtisoqiy Hamkorlik Tashkiloti nomi bilan faoliyat yuritdi. Biroq, tashkilot 1979 yilda Erondagi inqilob sababli o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi.
1980 yillarning boshlarida uch davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar yana rivojlana boshlaganligi sababli hamkorlikni RMH tashkilotining huquqiy asosilari negizida, 1985 yilda Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti nomi bilan o‘z faoliyatini davom ettirishga qaror qilindi.
1992 yilda ushbu tashkilotga 7 ta yangi a’zo davlat jumladan, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston to‘la a’zo va Shimoliy Kipr esa kuzatuvchi sifatida qo‘shildi. Faoliyat doirasi yanada kengaygan IHTning umumiy maydoni 7 mln. kv. kilometrni tashkil etuvchi va taxminan 450 million aholiga ega bo‘lgan iqtisodiy jihatdan yetakchi mintaqaviy kuchga aylandi.
Tashkilotning davlat rahbarlari doirasidagi sammitlardan tashqari, tashqi ishlar vazirlari darajasidagi sammit va davriy yig‘ilishlari o‘tkazilib unda savdo, transport, qishloq xo‘jaligi, energetika, atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash, sanoat, moliya va iqtisodiyot sohalarida qo‘shma loyixalar tayyorlash va ularni nazorat qilish bo‘yicha kelishib olinadi.
Faoliyat mexanizmi
IHTning davlat va hukumat rahbarlari doirasidagi sammiti ikki yilda bir marta, tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishi yilda bir marta va bundan tashqari tarmoq vazirliklari, Mintaqaviy Rejalashtirish Kengashi (MRK) va Doimiy Vakillar Kengashi (DVK) yig‘ilishlari muntazam ravishda o‘tkazib kelinadi.
IHT kotibiyati Tehronda joylashgan bo‘lsada, tashkilot Bosh kotib tomonidan boshqariladi. Bosh kotibiyat tarkibi “Sanoat va qishloq xo‘jaligi”, “Savdo va moliya”, “Energetika, konlar va atrof-muhit”, “Transport va aloqa”, “Iqtisodiy tadqiqotlar va statistika” va “Loyiha tadqiqotlari” kabi boshqarmalaridan tashkil topgan. Hozirgi kunda IHT bosh kotibi vazifasini Xusrav Naziriy bajarib kelmoqda. Shuningdek, IHTning iqtisod masalalari bo‘yicha ofisi Turkiyada va ilmiy sohalar bo‘yicha ofisi Pokistonda joylashgan.
IHT tarkibidagi hududiy tashkilotlar qatoriga IHT Savdo-sanoat palatasi, IHT Savdo va taraqqiyot banki, IHT Sug‘urta kolleji va IHT Muhandislik-konsalting kompaniyasi kiradi. Shuningdek, Tehrondagi IHT Madaniyat instituti, Islomoboddagi IHT Bilim fondi va Anqaradagi IHT Ta’lim instituti mutaxassislari tashkilotning ekspertlari xisoblanadi.
Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida savdo va investitsiya, transport va kommunikatsiyalar, energetika, konlar va atrof-muhit, qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizm, loyihalar, iqtisodiy tadqiqotlar va statistika, inson resurslari va barqaror rivojlanish kabi sohalarda hamkorlik faoliyati olib borilmoqda.
IHT tomondan shu kunga qadar davlat va hukumat rahbarlari doirasida 15 marta sammitlar o‘tkazilgan bo‘lsa, oxirgi sammit 2021-yil noyabr oyida Turkmanistonda COVID-19 pandemiyasi sababli videokonferensiya tarzida bo‘lib o‘tgan. 2023-yilda O‘zbiston Respublikasi ilk bora tashkilot sammitiga mezbonlik qilmoqda.
O‘zbekiston va tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida tashqi savdo faoliyati
2022 yilda O‘zbekistonning IHTga a’zo davlatlar bilan umumiy tashqi savdo aylanmasi hajmi 12,3 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi. Shundan, O‘zbekistonning umumiy tovar va xizmatlar eksporti 5,7 mlrd. AQSh dollarini, import esa 6,6 mlrd. AQSh dollariga yetgan. Savdo aylanma hajmida Qozog‘iston, Turkiya va Qirg‘iziston yuqori ulushga ega davlatlar sirasiga kirgan.
Izoh qoldirish