Markaziy bank boshqaruvi 2023 yil 16 martdagi yig‘ilishda asosiy stavkani 1 foiz bandga (f.b.) pasaytirib, yillik 15 foizdan 14 foiz darajada belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Oxirgi marta 14 foizlik stavka 2018 yil boshida va 2020 yil oxirida amal qilgan. Bir yarim yil o‘tgach, 2022 yil mart oyida Markaziy bank stavkani birdaniga uch foiz bandga — 17 foizga oshirdi. O‘tgan yili regulyator stavkani ikki marta 16 foizga, iyul oyi oxirida esa 15 foizga tushirdi.
Stavkaning pasayishi iqtisodiy ko‘rsatkichlarni oshiradi va iqtisodiyotning o‘sishni rag‘batlantiradi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) ushbu ta’sirlarni baholadi.
Tahlil shuni ko‘rsatdiki, asosiy stavkaning 1 foiz bandga tushishi natijasida bazaviy ssenariyga nisbatan mamlakat YaIM 0,55 foizga ko‘payadi.
Bundan tashqari, nominal foiz stavkasining tushishi real foiz stavkalarni pasaytiradi va aholi iste’molini rag‘batlantiradi. Markaz tadqiqotining natijalari shuni ko‘rsatadiki, stavka tushishi aholiga berilayotgan kreditlar miqdorini 2,6 foizga ko‘paytiradi. Natijada, bazaviy ssenariyga nisbatan aholi yalpi iste’moli 0,2 foizga ortadi.
Shuni ta’kidlash kerakki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, asosiy stavkaning 1 foiz bandga o‘zgarishi kredit stavkalarini o‘rtacha 0,6 foiz bandga, depozit stavkalarni 0,35 foiz bandga o‘zgartiradi.
Shunday qilib, asosiy stavkaning pasayishi tijorat banklari kredit stavkalarini pasaytirib, xususiy investitsiyalarni rag‘batlantiradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, kredit stavkalarining pasayishi yalpi investitsiyalar hajmini 0,68 foizga ko‘paytiradi.
Mutaxassislarning fikricha, asosiy stavkaning 1 foiz bandga pasayishi iqtisodiyot tarmoqlari tomonidan berilgan kreditlar hajmini quyidagicha ko‘paytiradi:
- Qishloq xo‘jaligida 3,6 foizga;
- Qurilishda 2,8 foizga;
- Sanoatda kreditlar hajmini 2,7 foizga;
- Savdoda 1,3 foizga;
- Transport va kommunikatsiyada 1,1 foizga.
Ma’lumot uchun: Tadqiqot qisqa muddatda iqtisodiy samaralar ta’sirini baholash uchun xalqaro amaliyotda keng tarqalgan IS-LM modelidan foydalanilgan holda o‘tkazildi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
tel: (78) 150 02 02 (417)
Izoh qoldirish