Fevral oyida O‘zbekistonning qaysi hududlarida eng yuqori ishbilarmonlik faoliyati kuzatildi (+infografika)

Fevral oyida O‘zbekistonning qaysi hududlarida eng yuqori ishbilarmonlik faoliyati kuzatildi (+infografika)

Monitoring natijalari shuni ko‘rsatdiki, joriy yilning 1 yanvaridan 28 fevraligacha bo‘lgan davrda respublikada soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20,8%ga oshgan.

Shu bilan birga Sirdaryo (52%), Buxoro (45,2%), Namangan (40,6%), Farg‘ona (40,4%), Qashqadaryo (39,8%) viloyatlarida va Toshkent shahrida (62%) soliq tushumlarining sezilarli o‘sishi qayd etildi.

Soliq tushumlarining o‘sishi iqtisodiyotdagi ijobiy o‘zgarishlar, jahon oltin bozoridagi narxlar konyunkturasi, soliq ma’muriyatchiligi tizimini takomillashtirish, jumladan, yangi ma’muriy vositalarni joriy etish, jarayonlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish, tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish va soliq qonunchiligi talablariga rioya qilish tartibini soddalashtirish hisobiga ta’minlandi.

Tahlil qilinayotgan davr uchun bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar 47,1%ga oshdi. Daromadning eng katta o‘sishi Jizzax (3,1 barobar), Xorazm (2,6 barobar), Andijon (2,2 barobar), Qashqadaryo (82,8%), Sirdaryo (84,3%) viloyatlarida kuzatildi.

Bojxona tushumlarining o‘sishi tashqi savdo aylanmasining o‘sishi, mamlakatning ishlab chiqarish quvvatlarini ko‘paytirish, bojxona ma’muriyatchiligi tartib-taomillarini soddalashtirish, jarayonlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish, shu jumladan bojxona organlari tomonidan risklarni boshqarish tizimini keng qo‘llash hisobiga ta’minlandi.

Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon tovarlar eksporti hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,4%ga oshgan. Tovarlar eksport hajmining o‘sishi Qashqadaryo (89,9%), Farg‘ona (58,8%), Namangan (46,4%) va Samarqand (44%) viloyatlarida qayd etildi.

O‘zbekiston eksportining o‘sishi sanoat mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari, kimyo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportining o‘sish sur’atlari bilan izohlanadi.

Joriy yilning 1 yanvaridan 28 fevraligacha bo‘lgan davrda tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,8%ga o‘sdi.

Berilgan kreditlar hajmining o‘sishi Toshkent (2,1 barobar), Xorazm (26,3%), Farg‘ona (17,7%), Namangan (17,4%) viloyatlarida kuzatilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, bazis davrda (2021 yil yanvar va fevral) iqtisodiyotning real sektoridagi yirik loyihalarga kreditlar ajratilgan. Hisobot davrida asosan ushbu loyihalar uchun kreditlarni qaytarish bo‘yicha operatsiyalar amalga oshirilmoqda.

Tahlil qilinayotgan davrda O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi 46,6%ga o‘sdi. Birjada savdo faolligining sezilarli o‘sishi Xorazm (76,3%), Jizzax (53%), Toshkent (51%) viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (48,2%) va Toshkent shahrida (92,8%) kuzatilmoqda.

Ushbu hududlarda tuzilgan bitimlar hajmining o‘sishi avtomobil benzini, dizel yoqilg‘isi, qora metallar, paxta tolasi, polietilen, ozuqabop bug‘doy, qurilish materiallari, spirtli ichimliklar va boshqalar kabi tovarlar savdosini ko‘paytirish orqali ta’minlanmoqda.

Bu davrda 15 750 ta yangi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etilib, ularning eng ko‘pi Samarqand (2 121), Andijon (1 598), Toshkent (1 279), Farg‘ona (1 207) viloyatlarida va Toshkent (2 573) shahrida ro‘yxatga olingan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Karamat Nurillayev


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar