Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksi haqida

Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksi haqida

Tadqiqot natijalari ayollar uchun qonunlarda belgilangan huquqlar bilan ularning amaldagi imkoniyatlari o‘rtasida sezilarli tafovut mavjudligini ko‘rsatdi.

“Ayollar, biznes va qonun” tadqiqoti ayollarning iqtisodiy imkoniyatlariga ta’sir ko‘rsatadigan qonunlar va islohotlarni kuzatib boradi. Tadqiqotning 11-nashrida dunyoning 190 ta mamlakati ishtirok etdi; tahlilda 2025 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra ma’lumotlardan foydalanildi.

Indeks 10 ta indikator asosida hisoblanadi: xavfsizlik, erkin harakatlanish huquqi, ish bilan bandlik, mehnatga haq to‘lash, nikoh, ota-onalik, bolalarni parvarish qilish, tadbirkorlik, aktivlar va pensiya. Bu yil ilk bor qonunlarning amalda qanday bajarilayotgani ham baholandi.

Asosiy xulosalar

Agar ish bilan bandlik va tadbirkorlik sohasidagi gender tafovut bartaraf etilsa, jahon yalpi ichki mahsuloti 20 foizgacha o‘sishi mumkin.

Ayollar va erkaklar o‘rtasidagi ish haqidagi tafovut sabab jahon iqtisodiyoti yalpi ichki mahsulotning 7 trillion dollargacha qismini yo‘qotmoqda.

Dunyoning hech qaysi mamlakatida ayollar erkaklar bilan teng iqtisodiy imkoniyatlarga ega emas. Ayollarning atigi 4 foizi tenglikka yaqin sharoitlar mavjud mamlakatlarda yashaydi.

Ayollar erkaklarda mavjud huquqlarning o‘rtacha 67 foiziga ega. Bu huquqlar amalda ishlashi uchun zarur bo‘lgan davlat siyosati va institutlar esa faqat 47 foiz darajasida shakllangan.

Zarur qonunlarning faqat uchdan biri zo‘ravonlikka qarshi qaratilgan. Shu bilan birga, ularni amalga oshirishda 80 foiz holatda muammolar kuzatiladi.

Ayollar o‘z biznesini ochish huquqiga ega. Ammo kredit olish imkoniyatida tenglik faqat yarim holatlarda ta’minlangan.

Mamlakatlarning yarmidan kam qismi bolali oilalarga moliyaviy yoki soliq imtiyozlari orqali qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatadi.

Bolalarni parvarish qilish xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha choralar faqat 30 foiz holatda mavjud. Kam daromadli mamlakatlarda esa bunday xizmatlar atigi 1 foiz darajasida yo‘lga qo‘yilgan.

Markaziy Osiyo va Ozarbayjondagi huquqiy normalarning qiyosiy tahlili

O‘zbekiston 100 balldan 82,1 ball to‘plab, umumiy huquqiy indeks bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi o‘rinni egalladi (Qirg‘iziston — 79,6; Qozog‘iston — 73; Ozarbayjon — 72,18; Tojikiston — 70,22; jahon bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich — 67).

O‘zbekiston bilan mintaqa mamlakatlari orasidagi eng past ko‘rsatkich o‘rtasidagi farq qariyb 12 ballni tashkil etadi.

Mehnat huquqlari sohasida O‘zbekiston 91,75 ball to‘plab, mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘ldi (Qozog‘iston — 83,25; Tojikiston — 87,5; Qirg‘iziston — 75; Ozarbayjon — 75). O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi farq 17 ballga yetadi.

Ish haqi ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston 100 ball to‘plab, Qirg‘iziston bilan birgalikda eng yuqori natijani qayd etdi (Qozog‘iston — 75; Ozarbayjon — 50; Tojikiston — 56,25). O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi farq 50 ballni tashkil etadi.

Ota-onalik ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston 62,5 ball to‘pladi (Qozog‘iston va Tojikiston — har biri 75 balldan).

Bolalar parvarishi ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston va Qozog‘iston 100 balldan to‘pladi (Qirg‘iziston — 91,75; Ozarbayjon — 75; Tojikiston — 41,75). O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi farq 58 balldan ortiqni tashkil etadi.

Bolalar parvarishi va tadbirkorlik sohalari bo‘yicha O‘zbekiston mintaqa bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichlardan barcha yo‘nalishlarda yuqori natijalarni qayd etmoqda.

Tadbirkorlik sohasida O‘zbekiston 75 ball to‘plab, Qozog‘iston va Ozarbayjon bilan birgalikda yetakchi mamlakatlar qatoriga kirdi (Qirg‘iziston va Tojikiston — har biri 50 balldan).

Xavfsizlik ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston va Tojikiston 25 balldan to‘pladi (Qirg‘iziston — 50; Ozarbayjon — 31,25; Qozog‘iston — 0).

Pensiya ta’minoti sohasida Qozog‘iston 71,75 ball bilan eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi (O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston — har biri 66,75 balldan; Ozarbayjon — 65,5).

“Ish” indikatori bo‘yicha O‘zbekiston 91,75 ball to‘plab, Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yetakchi o‘rinni egalladi (Qozog‘iston — 83,25; Tojikiston — 87,5; Qirg‘iziston va Ozarbayjon — har biri 75 balldan).

«Ish» indikatori bo‘yicha Qirg‘iziston va Ozarbayjon ko‘rsatkichlari O‘zbekistonnikidan 16,75 ballga past.

Barcha Markaziy Osiyo mamlakatlari erkin harakatlanish huquqi, nikoh tuzish huquqi va mulkiy huquqlar ko‘rsatkichlari bo‘yicha maksimal 100 ball to‘pladi.

Umuman olganda, mintaqa asosiy huquqiy modernizatsiya bosqichini bosib o‘tdi va endi qabul qilingan normalarni amaliyotda samarali tatbiq etish hamda institutsional asoslarni mustahkamlashga ko‘proq e’tibor qaratishi kutilmoqda.

O‘zbekistonning gender ko‘rsatkichlari

O‘zbekiston iqtisodiyotida ayollarning ishtirok darajasi 43,6 foizni tashkil etadi. Jahon banki gender tengligini ta’minlashga qaratilgan huquqiy asoslarni shakllantirishda sezilarli taraqqiyot kuzatilayotganini qayd etadi. O‘zbekistonning umumiy ko‘rsatkichlari (Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 100 ballik shkalada):

1) Umumiy huquqiy indeks - 82,1 (80,62);

2) Qo‘llab-quvvatlovchi choralar indeksi (institutsional mexanizmlar) - 59,08 (55,61);

3) Huquqni qo‘llash amaliyotini baholash indeksi - 57,2 (64,87).

Qonunlarning amalda ijro etilishi ko‘rsatkichi bo‘yicha respublika o‘rtacha mintaqaviy ko‘rsatkichdan (Yevropa va Markaziy Osiyo) 8 bandga past.

Qonunchilik normalari bilan ularni qo‘llab-quvvatlovchi mexanizmlar o‘rtasidagi farqlar mehnat, ish haqi va ota-onalik kabi indikatorlarda kuzatiladi. Ayniqsa, xavfsizlikni ta’minlash sohasida sezilarli tafovut qayd etilgan.

Xavfsizlik indikatori bo‘yicha huquqiy asos ko‘rsatkichi 25 ballni, qo‘llab-quvvatlovchi mexanizmlar 58,25 ballni, huquqni qo‘llash amaliyoti esa 9,38 ballni tashkil etadi.

Mehnat indikatori bo‘yicha huquqiy asos 91,75 ballga baholangan, qo‘llab-quvvatlovchi choralar 25 ballni, huquqni qo‘llash amaliyoti esa 50,06 ballni tashkil etadi.

Qonunchilik va uning amalda bajarilishi o‘rtasidagi eng yaxshi muvozanat erkin harakatlanish, mulkiy huquqlar va tadbirkorlik indikatorlari bo‘yicha kuzatiladi.

Tadbirkorlik indikatori bo‘yicha huquqiy asos 75 ballga baholangan, qo‘llab-quvvatlovchi mexanizmlar 95 ballni, huquqni qo‘llash amaliyoti esa 62,5 ballni tashkil etadi.

Mulkiy huquqlar indikatori bo‘yicha huquqiy asos 100 ballni, qo‘llab-quvvatlovchi choralar 50 ballni, huquqni qo‘llash amaliyoti esa 71,88 ballni tashkil etadi.

O‘zbekiston Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida davlat xaridlarini amalga oshirishda gender masalalarini hisobga oluvchi qonunchilik normalari mavjud bo‘lgan uchta mamlakatdan biri sifatida qayd etilgan.

Xulosa

O‘zbekiston ayollarning iqtisodiy imkoniyatlari bo‘yicha huquqiy indeksga ko‘ra Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egallaydi. Shu bilan birga, qabul qilingan qonunlar va ularning amaldagi ijrosi o‘rtasidagi farq saqlanib qolmoqda. Bu, ayniqsa, xavfsizlik, bandlik va ota-onalik sohalarida yaqqol namoyon bo‘ladi.

Ziyoda Rizayeva

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar