Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik va xizmatlarni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash hamda chorva, parranda va baliq mahsulotlarini ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar ijrosiga bag‘ishlagan videoselektor bo‘lib o‘tmoqda.
«6 oy avval yoshlarga yer ajratish bo‘yicha topshiriq bergandim. Yerni adolatli taqsim qilish, yoshlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha bu tajriba bo‘ldi. Agar har bir hudud rahbari tizimni tushunib ishlay olsa, ishsizlar keskin kamayadi.
Bosh vazir o‘rinbosarlariga talab qattiq bo‘ladi. Mana ko‘ryapsizlar, Samarqandda, Farg‘onada «yer sotuvchilar» paydo bo‘ldi. Pora bilan qo‘lga tushyapti. Bo‘ldi, u zamon tugadi. Endi yer faqat auksionda sotiladi yoki ijaraga beriladi. Kimga yer kerak bo‘lsa, davlat auksionida qatnashsin, haloli bo‘lsin, yerni sotib olsin», — dedi Prezident.
Davlat rahbari Surxondaryoda boshlanayotgan tajriba asosida, ishsiz aholiga qishloq xo‘jaligi yerlarini 10 yil muddatga dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun ijaraga berish tartibi joriy qilinishi, 2021 yildan boshlab qariyb 100 ming gektar g‘alladan bo‘shagan yer maydonlari ishsiz aholiga dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun berilishini ma’lum qildi.
«Bu tarixiy imkoniyat bo‘ladi. Yerni haqiqiy egasi — xalqqa beramiz. Ishsizlar, kam ta’minlanganlarni agar hayotdan umidi bo‘lib, ishlayman, munosib turmushda yashayman, desa ularga imkoniyat yaratib beramiz, ijaraga yer beriladi, ular shundan o‘z oilasini boqadi», — dedi Prezident.
Izoh qoldirish