Korxonamiz eng yuqori xalqaro standartlarga mos keladigan dorilarni ishlab chiqarmoqda

Korxonamiz eng yuqori xalqaro  standartlarga mos keladigan dorilarni ishlab chiqarmoqda

Tadbirkorning tashrif qog‘ozi

Farmatsevtika sohasida mamlakatimizda ko‘zga ko‘ringan tadbirkor Mahmud Salamovich Quduzov 1964 yil 1 may kuni Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida tavallud topgan. U mehnat faoliyatini 1981 yilda oddiy ishchi – chilangar sifatida boshlagan. Keyinchalik Toshkent farmatsevtika institutida tahsil olgan va Sirdaryo shahrida dorixonada provizor-texnolog sifatida ish faoliyatini davom ettirgan.

U 1990 yillardan mahalliy va xorijiy farmatsevtika korxonalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritib, sohada katta amaliy va boshqaruv tajribasini orttirdi. Afg‘oniston, Qozog‘iston, Tojikiston kabi davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi.

Shundan keyin u muhim loyihaga kirishib, mustaqil farmatsevtika zavodini tashkil etishga qaror qildi. Yurtimizda tadbirkorlik uchun yaratilgan qulay sharoitlar tufayli Sirdaryo tumanida 6 gektar yer maydoni ajratilib, unda RIVER MED PHARM korxonasi barpo etildi. Zavod 2023 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida tantanali ravishda ishga tushirildi.

Ayni paytda korxonada 750 nafardan ortiq xodim mehnat qilmoqda va 70 dan ortiq turdagi import o‘rnini bosuvchi dori vositalari ishlab chiqarilmoqda. Korxonada GMP va ISO talablariga muvofiq ish tashkil etilgan bo‘lib, Yaponiya, Xitoy va Yevropa davlatlarining ilg‘or texnologiyalari joriy qilingan.

Tadbirkorning asosiy maqsadi – importga bog‘liqlikni kamaytirish, milliy farmatsevtika salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va yurtimiz brendini xalqaro bozorda munosib namoyon etishdan iborat.

Mahmud Quduzov turmush o‘rtog‘i Nodira Quduzova bilan birgalikda 2 o‘g‘il, 2 qizni voyaga yetkazishdi. Farzandlarining barchasi oliy ma’lumotli, ular mazkur oilaviy korxonada faoliyat yuritib, o‘z otalari bilan yelkadosh turib mehnat qilishmoqda. Qizlari Maftuna RIVER MED PHARM mas’uliyati cheklangan jamiyati sotuv bo‘limining sotuv ishlari bo‘yicha menejeri, katta o‘g‘li Jahongir korxona bosh direktori, qizlari Mohigul ham sotuv ishlari bo‘yicha menejer, kenja farzand Javohir esa buxgalter bo‘lib ishlashmoqda. Turmush o‘rtog‘i Nodira Quduzova ham MChJda sotuv ishlari bilan shug‘ullanadi.

Tadbirkor 1997 yili “Shuhrat” medali, 2025 yili “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi “Qizil yarim oy” jamiyatining I va II darajali medallari bilan ham mukofotlangan. U O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Sirdaryo tumani kengashi a’zosi sifatida ham samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Tadbirkorlikni qanday boshlagansiz? Tadbirkorlik uchun nega aynan dori-darmon ishlab chiqarish sohasini tanlagansiz? Oldin nima ish bilan mashg‘ul bo‘lgansiz?

– Men tadbirkorlik faoliyatimni boshlashimdan oldin, 1981 yilda Sirdaryo tumanidagi asfalt zavodida oddiy chilangar sifatida mehnat qilganman. Bu davr men uchun faqat ish tajribasi emas, balki hayot maktabi ham bo‘ldi.

1982 yilda Toshkent farmatsevtika institutiga o‘qishga kirdim va shundan keyin aynan farmatsevtika sohasi mening kelgusi hayotimni belgilab berdi.

Farmatsevtika – bu faqatgina biznes emas. Bu soha inson hayoti, salomatligi va qadriyatlari bilan bevosita bog‘liq. Ilk bor dorixonada provizor-texnolog sifatida ish boshlaganimda, har bir dori vositasi ortida bir insonning umidi, dardi va sog‘lig‘i turganini chuqur his qilardim.

Keyinchalik faoliyatim davomida ko‘plab xorijiy farmatsevtika korxonalarining ish tajribasi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Xususan, Chexiyaga qilgan xizmat safarlarim, u yerdagi zavodlarda joriy etilgan ilg‘or uskunalar va yuqori standartlar menga katta ilhom bag‘ishladi. Shu bilan birga, mahalliy aholining sifatli va samarali dori vositalariga bo‘lgan ehtiyoji yil sayin ortib borayotganini angladim.

Shundan so‘ng o‘z oldimga farmatsevtika sohasini yurtimizda yangi bosqichga olib chiqish, zamonaviy, raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadini qo‘ydim.

Men tadbirkorlikni faqat daromad manbai sifatida emas, balki yurt va insonlar uchun xizmat qilish vositasi, deb qabul qilganman. Ilk ishlab chiqarish loyihalarimdanoq shu tamoyilga amal qildim: avvalo sifat, shundan keyingina moliyaviy natija. Ana shu tamoyil menga har doim ishonch bag‘ishlab kelgan va jamoamga kuch bergan.

Dastlabki ishlab chiqarish bosqichlarida mahalliylashtirish darajasi past edi. Biroq men bunga muammo emas, balki imkoniyat sifatida qaradim. Ilmiy-amaliy izlanishlar, texnologik jarayonlarni chuqur o‘rganish va yuqori standartlarni joriy etish orqali bu ko‘rsatkichni bosqichma-bosqich oshirdik. Ishlab chiqarish quvvatlari kengaytirildi, yangi sexlar barpo etildi va eksport yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yildi.

Nega aynan shu sohani tanladim? Chunki farmatsevtika inson salomatligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Meni aynan shu jihat ilhomlantiradi. Har bir yangi ishlab chiqarilgan dori bir bemorning shifosi, har bir yaratilgan ish o‘rni esa bir oilaning umididir. Shu sababli farmatsevtika men uchun nafaqat kasb, balki hayot mazmuniga aylangan.

Tadbirkorligingizning rivojlanish tarixi qanday bo‘lgan? Bu ishni qachon va qay tarzda boshlagansiz?

– Mening tadbirkorlik yo‘lim bir kunda boshlanmaganligi haqida yuqorida aytib o‘tdim. Avval farmatsevtika sohasiga oddiy xodim sifatida qadam qo‘yganman. Toshkent farmatsevtika institutini tamomlagandan so‘ng, Sirdaryo shahridagi dorixonada oddiy provizor-texnolog sifatida mehnat faoliyatimni boshladim.

Bevosita tadbirkorlikka kirib kelishim esa 1990-yillarda dorixonalar tarmog‘ida rahbarlik lavozimlarida ishlash davrim bilan bog‘liq. O‘sha yillarda dori vositalarini tarqatish, sifat nazorati va hujjatlashtirish jarayonlari orqali farmatsevtika sanoatida ilk amaliy tajribalarni orttirdim. Shu tajribalar menda ishlab chiqarish sohasiga yanada chuqur kirib borish istagini shakllantirdi.

1997–2002 yillarda Lechevo Farm Sanoat va CORE Farm Sanoat qo‘shma korxonalarida bosh direktor sifatida faoliyat yuritib, Chexiya va Hindistondagi zavodlarda texnologik jarayonlarni o‘rgandim. Bu davr men uchun ilg‘or texnologiyalar, xalqaro standartlar va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish falsafasini chuqur anglash imkonini berdi.

Aynan shu yillarda yurtimizda ham xalqaro talablarga javob beradigan, sifatli va raqobatbardosh dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orzusi shakllandi.

Shu maqsad yo‘lida 2006 yilda Reka Med Farm qo‘shma korxonasiga asos soldim. Bu rahbarligimdagi ilk yirik ishlab chiqarish loyihasi bo‘ldi. Korxonada 350 ta ish o‘rni yaratildi, zamonaviy dori vositalari ishlab chiqarildi, zamonaviy uskunalar va muhofazalangan ishlab chiqarish maydonlari tashkil etildi.

Keyinchalik yanada keng qamrovli loyiha – RIVER MED PHARM korxonasini tashkil etdim. Ushbu korxonani qurish ishlari 2019 yilda boshlanib, 2023 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida tantanali ravishda ishga tushirildi.

Korxonani barpo etishga 30 mln. AQSh dollari miqdorida investitsiya yo‘naltirildi. Natijada 750 ta yangi ish o‘rni yaratildi, 70 turdagi import o‘rnini bosuvchi dori vositalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi hamda xorijga tibbiyot mahsulotlari eksport qilish imkoniyati yaratildi.

Bu sohada qanday natijalarga erishdingiz? Mahsulotingizni xorijga eksport qilyapsizmi?

– Mening nazarimda, farmatsevtika sohasidagi 35 yillik faoliyatim davomida muayyan yutuqlarga erishdim, deb hisoblayman.

Birinchidan, mahalliy farmatsevtika tarmog‘ida xalqaro standartlar asosida dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Natijada korxonada ko‘p yillar davomida erishilgan amaliy tajriba va zamonaviy texnologiyalar asosida import o‘rnini bosuvchi bir qator dori vositalari ishlab chiqarildi.

Ikkinchidan, ishlab chiqarish hajmi va mahsulot assortimenti yil sayin kengayib bormoqda. Ayni paytda 70 dan ortiq turdagi dori vositalari, jumladan infuzion eritmalar, antibiotiklar, burun spreylari va boshqa preparatlar ishlab chiqarilmoqda. Ularning barchasi milliy laboratoriyalarda GMP talablari[1] va ISO standartlariga[2] muvofiq ravishda nazoratdan o‘tkaziladi.

Uchinchidan, sohada bir necha yuz nafar yuqori malakali mutaxassislar – texnologlar, laboratoriya xodimlari va ishlab chiqarish mutaxassislari tayyorlandi.

To‘rtinchidan, mijozlar va bemorlar uchun sifatli, barqaror va ishonchli xizmat ko‘rsatish tizimi shakllantirildi.

Beshinchidan, mahalla va hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratildi, ishchi-xodimlar hamda ularning oilalari uchun barqaror ijtimoiy sharoitlar, salomatlikni muhofaza qilish, dam olish va ta’lim olish imkoniyatlari ta’minlandi.

Biroq men uchun eng katta yutuq – bu faqat ishlab chiqarilgan mahsulot yoki barpo etilgan korxona emas, balki xalq salomatligini mustahkamlash, aholining ish bilan bandligini ta’minlash, mahalliy iqtisodiyot barqarorligi va milliy farmatsevtika salohiyatining jadal rivojlanishiga muayyan darajada hissa qo‘shayotganimdir.

Mahsulotlarimiz xorijiy davlatlarga ham eksport qilinmoqda. Zavodning rasmiy veb-saytida korxona xalqaro standartlarga muvofiq dori vositalari ishlab chiqaruvchi sub’yekt ekani, shuningdek, zarur dori vositalarini mahalliy distribyutorlar va qo‘shni davlatlarga yetkazib berish orqali sog‘liqni saqlash sohasiga hissa qo‘shishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygani ochiq bayon etilgan.

Korxonamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati eng yuqori xalqaro standartlarga javob beradi. Shuning uchun dorilarimizga xorijda ham ehtiyoj katta. Ayni paytda glyukoza, levofloksatsin, metronidazol, natriy xlorid, ofloksatsin, ringer, flukonazol kabi dori mahsulotlarimizning turli variantlarini eksport qilyapmiz.

Eksportimiz hajmi yiliga o‘rtacha 1 mln. dollarni tashkil etmoqda. Kelgusida eksport miqdorini 2-3 baravarga oshirish borasida loyihalar tayyorlayapmiz va bu borada xorijiy hamkorlar bilan kelishuvlar qilyapmiz.

Faoliyatingizning hozirgi kuni haqida axborot bersangiz. Qayerda va nima ishlar bilan bandsiz?

– Mehnat faoliyatimning markazida RIVER MED PHARM korxonasi turadi. Korxona Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumani hududida joylashgan bo‘lib, “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” (Made in Uzbekistan) brendini xalqaro darajaga olib chiqish, aholi salomatligi uchun sifatli, samarali va iqtisodiy jihatdan maqbul dori vositalarini ishlab chiqarish maqsadida tashkil etilgan.

Ayni paytda RIVER MED PHARM korxonasida natriy xlorid, glyukoza, natriy gidrokarbonat, trisol, disol, ringer, metronidazol, flukonazol, ofloksatsin, nafazolin, sefazolin kabi inson salomatligi uchun o‘ta zarur bo‘lgan dori vositalari ishlab chiqarilmoqda.

Ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining aksariyati import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar bo‘lib, xorijdan keltirilayotgan preparatlar o‘rnini mahalliy ishlab chiqarish hisobiga qoplash imkonini beradi. Ayrim turdagi mahsulotlar esa eksportga ham yo‘naltirilmoqda.

Zavodda bugungi kunda 750 nafardan ortiq inson doimiy ish o‘rniga ega. Ular orasida yuqori malakali farmatsevtlar, texnologlar, laboratoriya xodimlari hamda muhandis-texnik mutaxassislar faoliyat yuritmoqda.

Korxonada mahsulot sifatiga alohida e’tibor qaratilgan. Shu maqsadda zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan laboratoriya va sifatni ta’minlash bo‘limi faoliyat ko‘rsatadi. Har bir dori vositasi xalqaro GMP talablariga muvofiq ravishda tekshiruvdan o‘tkaziladi. Ichki nazorat tizimi orqali mahsulotlarning barqaror sifati va xavfsizligi to‘liq ta’minlanadi.

Logistika va yetkazib berish tizimi ham samarali yo‘lga qo‘yilgan. Korxona huzurida tashkil etilgan maxsus avtotransport xizmati orqali dori vositalari mamlakatning barcha hududlariga, shuningdek, qo‘shni davlatlarga o‘z vaqtida va sifatli yetkazib beriladi.

Dorishunos uchun sal noqulay savol bermoqchiman. Nega ayrim bemorlarimiz xorij dorilarini yaxshi ko‘rishadi? Dorilaringizning sifati haqida nima deya olasiz?

– Men bu holatni, avvalo, o‘tmishdan meros bo‘lib qolgan muayyan stereotiplar, shuningdek, ayrim bemorlarda o‘zbek farmatsevtika sanoatining bugungi rivojlanish darajasi haqida yetarli ma’lumot mavjud emasligi bilan izohlayman.

Haqiqatdan ham, ayrim bemorlar, ayniqsa katta yoshdagilar va uzoq yillar davomida shifo izlab kelgan insonlar orasida xorijiy dori vositalariga nisbatan ishonch an’anaviy ravishda yuqori bo‘lib kelgan. Bu holat bir qator tarixiy va psixologik omillar bilan bog‘liq.

Mustaqillikning dastlabki yillarida mamlakatimizda dori ishlab chiqarish sohasida mahalliy imkoniyatlar cheklangan edi. Shu sababli, o‘sha davrda yuqori sifatli dori vositalarining aksariyati xorijdan olib kirilgan. Bu esa jamiyatda xorijiy preparatlarga nisbatan barqaror ishonch shakllanishiga sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, xorijiy brendlar uzoq yillar davomida o‘z mahsulotlarini faol targ‘ib qilib keldi. Ayrim hollarda esa dori vositalarining yuqori narxi go‘yo “sifat belgisi” sifatida qabul qilindi.

Boz ustiga, hozirga qadar ko‘plab bemorlar mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan qanday dori vositalari tayyorlanayotgani, ular qay darajada xalqaro talablarga javob berishi haqida to‘liq ma’lumotga ega emas. Shu ma’lumot yetishmasligi o‘z dorilarimizga bo‘lgan ishonchga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Aslida esa vaziyat allaqachon o‘zgargan. Bugun mamlakatimiz farmatsevtika sanoati korxonalari eng yuqori xalqaro standartlarga mos keladigan dori vositalarini ishlab chiqarmoqda. Jumladan, RIVER MED PHARM korxonasida GMP talablariga to‘liq javob beradigan ishlab chiqarish tizimi joriy etilgan. Barcha dori vositalari ISO sertifikatlashtirilgan laboratoriyalarda sinovdan o‘tkaziladi va har bir partiya mahsulotlar to‘liq sifat nazoratidan keyingina bozorga chiqariladi.

Dori vositalarining xavfsizligi biologik xavfsizlik tizimi orqali ilmiy jihatdan ham asoslanadi. Maxsus infuzion eritmalar, antibiotiklar, hamda sprey shaklidagi preparatlar xalqaro laboratoriyalar bilan hamkorlikda ishlab chiqariladi.

Shuningdek, har bir dori vositasining sifati nafaqat korxona ichki nazorati, balki davlat ekspertiza organlari va mustaqil tashqi laboratoriyalar tomonidan ham tekshiriladi. Mahsulotlarimizning nafaqat mahalliy bozorda, balki eksport qilinayotgan davlatlarda ham muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgani – ularning sifati va ishonchliligining eng muhim dalilidir, deb ishonch bilan ayta olaman.

Tadbirkorlikda katta yutuqlarga erishgansiz. Bunga yurtimizda yaratilgan sharoitlar, imtiyozlar, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashlar yordam berganmi?

– Yangi O‘zbekistonda tadbirkorlikni, xususan farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosati bizning faoliyatimizga chuqur va ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida qabul qilingan farmonlar va qarorlar, sohani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturlar, berilayotgan imtiyozlar ishlab chiqarishni kengaytirish, eksportni oshirish, malakali kadrlar tayyorlash hamda texnologiyalarni mahalliylashtirish yo‘lida bizga katta imkoniyatlar yaratmoqda.

Xususan, farmatsevtika sohasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun joriy etilgan bir qator soliq imtiyozlari: QQSdan ozod qilish, soliq ta’tillari, shuningdek, texnologik uskunalarni olib kirishda boj to‘lovlaridan ozod etish kabi choralar RIVER MED PHARM korxonasi faoliyati uchun mustahkam iqtisodiy asos bo‘ldi. Bu orqali biz yuqori texnologiyali uskunalar, sifatli xomashyo va zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalarini bemalol olib kirish imkoniga ega bo‘ldik.

GMP sertifikatlash va litsenziyalash jarayonlarida ham sezilarli yengilliklar mavjud. Davlat tomonidan joriy etilgan elektron litsenziyalash tizimi, aniq yo‘riqnomalar, mutaxassislar bilan ochiq muloqot muhiti hamda mahsulotlarni sertifikatsiya qilish jarayonlaridagi shaffoflik korxonaning tezkor ishlashi va mahsulot sifatiga xalqaro darajada e’tibor qaratishiga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va transfer texnologiyani yo‘lga qo‘yish uchun ham qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Prezident farmonlarida farmatsevtika tarmog‘iga xorijiy sarmoya kiritish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga oid qator imkoniyatlar belgilangan. Bu esa bizga Xitoy va Yaponiyadan zamonaviy uskunalar olib kirish, yangi texnologik liniyalarni ishga tushirish, vivariy va laboratoriyalar barpo etish imkonini berdi.

Xulosa qilib aytganda, davlat rahbariyati tomonidan yaratib berilayotgan qulay shart-sharoitlar va tizimli qo‘llab-quvvatlash tufayli biz bugungi natijalarga erisha oldik.

Biznesingizning ijtimoiy ahamiyati qanday? Masalan, qancha ish o‘rni yaratildi? Korxonangizning ehtiyojmand guruhlarga nisbatan ijtimoiy siyosati qanday? Xodimlaringizning ijtimoiy paketlari va daromad darajasi yetarlimi?

– Jamoa xodimlarining mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularning salomatligi va oilasi farovonligini ta’minlash doimo diqqat markazimizda turadi. Korxonada ijtimoiy paket, kafolatlangan maosh tizimi, dam olish xonalari hamda sog‘lom tashkiliy madaniyat shakllantirilgan.

Aslida farmatsevtika sohasi shunchaki biznes emas, balki yuksak ijtimoiy mas’uliyat va fidoyilikni talab qiladigan tarmoqdir. Agar ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar inson salomatligini mustahkamlash, aholining sog‘lom turmush tarzi va farovonligini ta’minlashga xizmat qilmasa, bu sohada katta va barqaror natijalarga erishib bo‘lmaydi.

Bugun korxonada 750 nafardan ortiq inson doimiy ish o‘rniga ega. Bu nafaqat xodimlarning, balki ularning oilalari, farzandlari, mahalla va tuman aholisining turmush darajasiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayni paytda korxonada xodimlarning o‘rtacha oylik ish haqi 4,4 mln. so‘mni tashkil etadi.

Korxonada mehnat qilayotgan xodimlarning aksariyati mahalliy aholi vakillaridir. Ayniqsa, ishchi ayollar uchun qulay mehnat sharoitlari yaratilgan bo‘lib, mehnat yuklamalari, ijtimoiy imtiyozlar va ish rejimi qonunchilik talablariga to‘liq muvofiq tarzda tashkil etilgan.

Ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining asosiy qismi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hisoblanadi. Bu esa xorijiy dori vositalari narxlariga bo‘lgan qaramlikni kamaytiradi, aholining iqtisodiy imkoniyatlariga mos narxlarda sifatli shifo olish imkonini yaratadi, davlatning valyuta sarfini qisqartiradi hamda ichki bozorda dori vositalari tanqisligining oldini oladi. Eng muhimi, ushbu jarayon aholi salomatligiga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Korxona joylashgan hududdagi mahalla va aholi uchun ham muntazam ravishda turli xayriya va xayr-saxovat ishlari amalga oshiriladi. Men uchun biznes faqat iqtisodiy foyda olish vositasi emas, balki jamiyat taraqqiyotiga, inson hayotiga va mahalla barqarorligiga hissa qo‘shish imkoniyatidir. Ana shu yondashuv korxona faoliyatining muhim missiyasini belgilab beradi.

Siz kelgusida bajarish uchun qanday loyihalarni ishlab chiqyapsiz yoki rejalashtiryapsiz?

– Yaqinda korxonamiz hayotida o‘ta muhim voqea yuz berdi. 2025 yil 4 dekabr kuni Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryo viloyatiga tashriflari chog‘ida davlatimiz rahbari korxonamiz faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ushbu uchrashuv davomida biz Prezidentimizga amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi rejalarimiz haqida atroflicha ma’lumot berdik.

Ayni paytda RIVER MED PHARM zavodi yiliga 135 mlrd. so‘mlik qiymatda 70 turdagi umumiy hisobda 114 mln. dona dori vositalarini ishlab chiqarmoqda. Mahsulotlarning qariyb 20 foizi xorijiy bozorlarga eksport qilinayotgani korxonaning raqobatbardoshligidan dalolat beradi.

2025 yil noyabr oyida loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilib, ishlab chiqarish quvvatlari yanada kengaytirildi. Natijada korxona yillik hisobda qo‘shimcha ravishda yana 30 mln. dona infuzion eritmalar, 70 mln. donadan ortiq quruq antibiotiklar hamda qariyb 20 mln. dona ko‘z va burun tomchilarini ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Kelgusi rejalarimiz esa yanada ulkan. Yaqin yillarda korxonada ishlab chiqariladigan mahsulot turlari 200 xilga yetkaziladi. Ushbu bosqichda shisha va plastik idishlarda in’yeksiya uchun eritmalar, shuningdek, tabletka va kapsula shaklidagi dori vositalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

2026-2030 yillarda qo‘shimcha 10 gektar maydonda 50 mln. AQSh dollari qiymatidagi zamonaviy farmatsevtika klasterini tashkil etishni rejalashtirganmiz. Ushbu klasterda 300 turdan ortiq dori vositalari, jumladan tabletkalar, kapsulalar, in’yeksiya va infuzion preparatlar, antibiotiklar, mazlar, suppozitoriylar hamda suspenziyalar ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Loyiha doirasida 1200 ta yangi ish o‘rni yaratilib, eksport hajmi bir necha baravar oshiriladi.

Importga bo‘lgan bog‘liqlikni kamaytirish va mahalliylashtirish darajasini oshirish ham asosiy maqsadlarimizdan biridir. Hozirda ushbu ko‘rsatkich 40 foizni tashkil etmoqda, kelgusida esa uni kamida 60 foizga yetkazishni rejalashtiryapmiz.

Innovatsion laboratoriyalar tashkil etish va transfer texnologiyalarni joriy etish orqali yangi dori turlarini mahalliy sharoitda ishlab chiqarish imkoniyatlarini yanada kengaytirish ustida ish olib boryapmiz.

Ayni paytda mahsulotlarimiz Tojikiston, Qozog‘iston va Afg‘oniston davlatlariga eksport qilinayotgan bo‘lsa, kelgusida eksport geografiyasini yanada kengaytirish va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini mustahkamlashni maqsad qilganmiz.

Biz belgilangan maqsadlarga albatta erishishimizga to‘la ishonamiz. Chunki yurtimizda yoshlar va mutaxassislar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, zamonaviy infratuzilma, ta’lim va ilm-fan sohasidagi keng imkoniyatlar, shuningdek, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor va tizimli qo‘llab-quvvatlash bizning rejalarimizni amalga oshirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

--------------------------------------------------------------------------------------------------------------------

[1] GMP (Good Manufacturing PracticeYaxshi ishlab chiqarish amaliyoti) talablari – bu dori vositalari va tibbiy buyumlar sifatini har bir ishlab chiqarish bosqichida nazorat qilishni ta’minlovchi, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan xalqaro standartlar va qoidalar majmuidir. Uning asosiy maqsadi xavfsiz, samarali va yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarishni kafolatlash hisoblanadi.

[2] ISO standartlari (Xalqaro standartlashtirish tashkiloti) – materiallar, mahsulotlar, jarayonlar va xizmatlar uchun talablar, spetsifikatsiyalar va ko‘rsatmalarni belgilovchi xalqaro hujjatlar bo‘lib, ular iste’molchilar uchun mahsulotlarning ishonchliligini ta’minlaydi.

Odil Olimjonov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

"Iqtisodiy sharh" jurnali №1/2026

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar