Tashrif qog‘ozi
Anvar Abdulahadovich Zaxidov – AQShda yashaydigan fizik olim, nanotexnologiya va materialshunoslik sohasida O‘zbekistondan yetishib chiqqan eng taniqli olimlardan biri. 1953 yil 2 mayda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Hozirgi vaqtda AQShda Dallasdagi Texas universitetida (The University of Texas at Dallas) fizika professori va ilm yurtining Nanotexnologiyalar instituti (Alan MacDiarmid NanoTech Institute) rahbarlaridan biri sifatida faoliyat yuritadi. Anvar Zaxidovning Hirsh indeksi 75 ga teng (h=75) – bu o‘zbekistonlik olimlar orasida eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi (uning ilmiy ishlariga 41 150 dan ziyod marotaba iqtibos keltirilgan).
Anvar Zaxidov 1975 yilda Toshkent politexnika institutining (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti) muhandislik-fizika fakultetini tamomlagan. 1981 yilda Moskvaning Troitsk shahridagi SSSR Fanlar akademiyasi Spektroskopiya institutida nomzodlik dissertatsiyasini (fizika bo‘yicha PhD, optika) himoya qilgan.
1980-yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida “Molekulyar va organik tuzilmalar” laboratoriyasi mudiri, keyinchalik esa Issiqlik fizikasi bo‘limida ishlagan. 1990-1995 yillarda Yaponiya (Kioto, Osaka, Okadzakidagi Molekulyar fanlar instituti) va Italiyaning (Bologna Inst Nanotechnology) yetakchi universitetlarida taklif etilgan professor bo‘lgan. 1996-2001 yillarda Honeywell (sobiq AlliedSignal) kompaniyasida katta ilmiy xodim lavozimida ishlab, istiqbolli materiallarni ishlab chiqish bilan shug‘ullangan.
2001 yilda Dallasdagi Texas universitetiga o‘tib, u yerda Alan G. MacDiarmid NanoTech Institute asoschilaridan biri bo‘lgan. Ayni paytda fizika fani professori va institut direktorining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Professor Zaxidov nanotexnologiyalar va nanomateriallar, uglerod nanotrubkalari, foton kristallari, organik elektronika hamda OLED, yangi avlod quyosh elementlari, perovskit kvant materiallari, yuqori o‘tkazgichlar va fullerenlar sohasidagi tadqiqotlari bilan keng tanilgan.
Anvar Zaxidov 400 dan ziyod ilmiy nashr muallifi bo‘lib, materialshunoslik va nanotexnologiyalar sohasida eng ko‘p iqtibos keltirilgan tadqiqotchilar qatoriga kiradi. Uning ilmiy ishlari uglerod nanotrubkalaridan shaffof plyonkalar va tolalar, egiluvchan elektronika, yuqori samarali quyosh elementlari, shuningdek, xossalari boshqariladigan foton materiallarini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan. Professor nanotexnologiyalarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun Fellow American Physical Society (2009), Fellow American Association for the Advancement of Science (2020), Asian-American Engineer of the Year (2003) kabi nufuzli mukofotlar sohibi hisoblanadi.
AQShda ko‘p yillar davomida faoliyat olib borganiga qaramay, Anvar Zaxidov O‘zbekiston bilan ilmiy aloqalarni ham saqlab qolgan. U mamlakatda ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalarda bir necha bor qatnashgan va o‘zbek ilmiy muassasalari bilan hamkorlikni qo‘llab-quvvatlagan. Ayni paytda Anvar Zaxidov Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Samarqand kvant markaziga rahbarlik qilmoqda. U 2023 yilda nufuzli “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” unvoniga sazovor bo‘lgan.
Samarqand kvant markazi va uning innovatsiyalari haqida
– Anvar Abdulahadovich, Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlikdagi loyihangiz haqida gapirib bersangiz, u nima bilan shug‘ullanadi?
– Biz Samarqand kvant markazini 2023 yil avgust oyida Samarqand davlat universiteti rektori, professor Xolmuradov Rustam Ibragimovichning tashabbusi va bevosita rahbarligida tashkil etdik. Bu qanday sodir bo‘ldi? Men bu yerga kelib, 2023 yil may oyida Quantum materials mavzusi bo‘yicha konferensiya tashkil qildim, unda Rossiya kvant markazi (RQC) vakillari, jumladan, bugungi kungacha uning direktori bo‘lib kelayotgan Ruslan Yunusov ham ishtirok etgan edi. RQC – bu 100 foiz nodavlat tashkilotdir. Uni 2010 yilda fizikaning muhim yo‘nalishlarini, ayniqsa kvant texnologiyalarini rivojlantirishni moliyalashtirishni boshlagan taniqli fiziklar guruhi tuzgan. Ular dunyoda birinchilardan bo‘lib kvant kompyuterini yaratishni boshlab, salmoqli yutuqlarga erishishdi. Men ularni juda yaxshi bilaman, Rossiyada ham ko‘p ishlaganman.
2015 yilda Moskva po‘lat va qotishmalar institutida (MPQI) innovatsion laboratoriya tashkil etilishining boshida turganman. Shuningdek, Peterburgdagi ATMO universitetida “Pero-Lab” laboratoriyasiga rahbarlik qilaman. Ehtimol, Rossiya megagrantini qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik olimlardan biri va MDHdan chiqqan sanoqli chet elliklardan biriman. Bu juda katta grant, keyinchalik esa biz Rossiya Prezidenti grantini ham yutib oldik. Va mana shu Rossiya kvant markazidagi hamkorlarning tashabbusi bilan, RQC’ga o‘xshab, Samarqand kvant markazini (SQC) tuzdik, uning oldiga O‘zbekistonda boshlang‘ich kvant texnologiyalarini yaratish vazifasi qo‘yilgan edi. O‘sha paytda biz kvant kompyuteriga da’vo qilmagan edik. Bizning vazifamiz yangi kvant materiallarini, kvant nuqtalarini va tabiatda uchramaydigan shu kabi yangi materiallarni yaratishdan iborat edi. Xususan, uch yil davomida mening rahbarligim ostida turli tarkibga ega bo‘lgan, takrorlanuvchan perovskit kvant nuqtalari yaratildi. Ta’kidlash joizki, aynan ushbu ob’yektlarni kashf etganligi uchun 2023 yilda uch nafar olim (jumladan, peterburglik Aleksey Ekimov) Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Bugungi kunda kvant nuqtalari ko‘plab zamonaviy texnologiyalarning negizini tashkil etadi. Masalan, Samsung kompaniyasi displey va ekranlarining QLED (Quantum Dot LED) deb atalishi ham bevosita mazkur texnologiya bilan bog‘liqdir.
Shu tariqa, biz Samarqand kvant markazida kvant nuqtali quyosh oynalari texnologiyasini o‘ylab topdik. Biz yaratgan va patentlagan QDga ega shaffof oynalar allaqachon amaliy qo‘llanilib kelinmoqda: jumladan, Samarqanddagi “SamGlass” zavodida biz ularni ishlab chiqarish liniyasini yo‘lga qo‘ydik. Ularda Samarqand kvant markazida yaratiladigan kvant nuqtalarini joriy etmoqdamiz. Bu Markaziy Osiyodagi yagona shunday natijadir. Ular quyoshdan ultrabinafsha nurlarni yutib, ko‘rinadigan sohaga qayta nur sochadi va bu qayta nurlanish oynaning chet qismida joylashgan yuqori samarali fotovoltaik o‘zgartirgichlar tomonidan yutiladi. Ularni sirtdan ko‘rib bo‘lmaydi. Shu tariqa biz elektr energiyasini ishlab chiqaramiz. Ma’lum bo‘lishicha, agar ushbu kvant nuqtalari polimer plyonkalarga kiritilib, masalan, issiqxonalar shu bilan yopilsa, biz qayta nurlanuvchi yorug‘lik spektrini shunday tartibga sola olamizki, u o‘simliklar tomonidan yaxshiroq so‘riladi, fotosintez jarayoni yaxshiroq kechadi, o‘t-o‘lan va pomidorlar yaxshiroq o‘sadi. Biz ularni hatto “kvant pomidorlari” yoki, misol uchun, ko‘katlar, rukkola deb ataymiz. Biz yanada barra bo‘lgan, yaxshiroq o‘sadigan va hosildorligi 30 foizga yuqori bo‘lgan kvant rukkolasini o‘stirdik. QD-plyonkalar o‘rnatilgan bunday issiqxonalar ham Samarqand universitetida yaratilgan va professor Toshpulat Rajabov rahbarlik qilayotgan Agrobiotexnologiyalar instituti mutaxassislari tomonidan sinovdan o‘tkazilgan.
– Texnologiya ishlay boshladimi?
– Ha, boshladi va bu ish davom ettirilmoqda. Hozir ular Janubiy Koreya mutaxassislari bilan birgalikda ulkan aqlli issiqxona qurishmoqda. Biz mana shu aqlli issiqxonaga o‘z plyonkalarimizni o‘rnatamiz. Bu loyiha Jahon banki tomonidan ikkita loyiha doirasida moliyalashtirilgan. Biri BIRD deb nomlanadi – qiymati 600 ming dollarlik Business Initiative Research Development. Shuningdek, bizda 150 ming dollarlik investorlar ham bor edi: “Agromir” va Samarqanddagi yana bir korxona – “Plastik-Stekloplastik”. Ular bizga 150 ming dollar berishdi. Afsuski, byurokratik to‘siqlar tufayli grantning faqat 400 ming dollarini o‘zlashtirishga muvaffaq bo‘ldik. Lekin shunga qaramay, bizda tayyor mahsulot bor va biz ishni davom ettirish istagidamiz.
– Mahsulot allaqachon yaratilgan, uning tijoriy jihatdan talabgirligi qanday, hozirning o‘zidayoq uni qo‘llasa bo‘ladimi?
– Ha, Jahon banki bizdan juda mamnun va ishlarni moliyalashtirishni davom ettirishga tayyor. Bu mahsulot yaratilgan, biroq uni yanada takomillashtirish kerak. Masalan, plyonkalarni uch qavatli qilish zarur. Hozir ular bir qavatli va yil davomidagi sinovlar ta’sirida ilk ko‘rinishini yo‘qotgan, bu tabiiy jarayon, negaki ular yangi texnologiyalar hisoblanadi. Agar biz o‘zimizning bu aqlli QD-plyonkalarimizdan kilometrlab ishlab chiqarganimizda, O‘zbekiston agrar mamlakat sifatida o‘zining barcha issiqxonalarini “aqlli” issiqxonalarga aylantirishi mumkin edi va biz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yanada yaxshiroq yetishtirgan bo‘lar edik. Bilasiz, hozirda issiqxonalarimizda odamlar gaz yoqadi. Bu yaxshi emas, atrof-muhit ifloslanyapti, hatto rezina ballonlarni ham yoqishadi. Dehqonlarimiz ham amallab kun ko‘rishi, pul topishi kerak. Ular kvant texnologiyalari asosidagi plyonkalardan foydalanishlari ham mumkin edi. Lekin bu eng ilg‘or texnologiya emas, shunchaki yangi kashfiyotlar asosida yaratilgan oddiy amaliy fan.
Darvoqe, “SamGlass” ishlab chiqarayotgan oynalarni hozircha oz miqdorda ishlab chiqaryapmiz va ayrim mahalliy korxonalarga, jumladan, investorimiz – “Agromir” va Samarqand davlat universiteti binolariga o‘rnatishga ulgurdik. Lekin biz Jahon banki mablag‘lar muddatini uzaytirib, yangi pul ajratsa yoki investorlar mablag‘ kiritsa, faoliyatimizni kengaytirishni maqsad qilganmiz. Rejalarimiz kengayib bormoqda.
Kvant kompyuterlari haqida
– Siz bu hali boshlanishi va Samarqand kvant markazini yanada rivojlantirish maqsadidamiz, degan edingiz…
– Endi mening maqsadim yanada jiddiy va murakkab – O‘zbekistonda o‘z kvant kompyuterimizni yaratish. Bu juda qimmat turadigan loyiha bo‘lib, yangi turdagi kubitlarni yaratishni talab qiladi. Biz bu bilan tadqiqiy ma’noda shug‘ullanamiz.

Biroq tijoriy kvant kompyuterlari AQSh, Xitoy, Kanada va Fransiyada allaqachon yaratilgan. Ular juda qimmat turadi. Masalan, tadqiqot darajasidagi oddiy QC: kvant kompyuteri o‘nlab million dollar tursa, sanoat darajasidagi tijoriy kompyuter 500 milliondan bir necha mlrd. dollargacha baholanadi. Masalan, yaqinda Saudiya Arabistoni (Fransiya kompaniyasi bilan hamkorlikda) sanoat darajasidagi o‘zining tijoriy kvant kompyuterini qariyb bir yarim mlrd. dollarga sotib oldi. Janubiy Koreya QC yaratish bo‘yicha tadqiqotlarga taxminan 2,5 mlrd. dollar mablag‘ yo‘naltirmoqda. Xitoy esa bu sohaga har yili 15 mlrd. dollar sarflamoqda.
– Kvant kompyuterlari o‘zi nima uchun kerak?
– Chunki bu kelajak demakdir. AQSh bunga bejiz o‘nlab milliardlar sarflamayapti. Buni davlat emas, asosan yirik korporatsiyalar amalga oshirmoqda – Google, IBM, Microsoft bizning bugungi texnologiyalarimizni, xususan, sun’iy intellektni tubdan o‘zgartirib yuboradigan yirik sanoat kvant kompyuterlarini yaratish uchun o‘nlab mlrd. dollar sarflamoqda. SI kvant kompyuterlari bilan birlashganda, insoniyat yangi eraga qadam qo‘yadi. O‘zbekiston ham bu davrga birgalikda qadam qo‘yadigan davlatlar safida bo‘lishi kerak. Esingizda bo‘lsa, yaqin vaqtgacha O‘zbekistonda samolyotlar ishlab chiqarilgan. Dunyodagi atigi 8 ta millat o‘z samolyotini yarata olgan va O‘zbekiston ham ularning orasida edi... Biroq biz samolyotsozlikni boy berdik. Traktorsozlik, energetika, elektronika kabi sohalarda boshqa ko‘plab hi-tech texnologiyali gigantlarni ham. Hozir bularning o‘rnini to‘ldirmoqdamiz va buni yangi, ilg‘or yo‘nalishlarda amalga oshirishimiz kerak. Kvant texnologiyalari esa ayni paytda eng oldingi safda turadi. Bugun O‘zbekiston Markaziy Osiyoda shaxmat, futbol, dzyudo, kurash va boksdagi yutuqlar hisobiga oldinga chiqdi, bu juda yaxshi natija. Biz buyuk madaniyat obidalarini yaratmoqdamiz: Islom sivilizatsiyasi markazi, mana, yaqindagina katta mablag‘ sarflangan Al-Buxoriyning ajoyib va betakror maqbarasida bo‘ldim, bularning barchasi juda to‘g‘ri. Ya’ni, O‘zbekiston madaniy-tarixiy, muhim yo‘nalishlarga, sport va qurilishga milliardlab mablag‘ sarflashga qodir. Afsuski, ilg‘or texnologiyalar va fundamental ilm-fan hali yutuqlarimizni tatbiq etish uchun bunday munosib e’tibor, baho va qo‘llab-quvvatlanishga erishgani yo‘q. Agar biz shu tariqa harakatsiz bo‘lishda davom etaversak, u holda uchinchi dunyo mamlakatlari qatorida qolib ketamiz. Men buni keskin va hech tortinmasdan aytyapman, chunki yoshim bir joyga borib qolgan, hayotda ko‘p narsani ko‘rganman. Yoshim 74 da, 70 ga to‘lganimda haj uchun Makkaga emas, Buxoroga – Ibn Sinoning oldiga borganman. Chunki buyuk bobomiz Abu Ali ibn Sino ming yil oldin, birinchi Renessans davridayoq butun jahon ilm-fanini – tibbiyot, falsafa, fizika va boshqa ko‘plab fanlarni olg‘a siljitgan buyuk daho bo‘lgan. Oradan ming yil o‘tib, biz uchinchi Renessans ostonasida turibmiz. Uzoq kelajakni ko‘zlagan holda oqilona siyosat olib borayotgan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bor. Davlatimiz rahbari o‘z strategik qarashiga ega. Menga yangi O‘zbekiston va yangi Renessans g‘oyasi juda yoqadi. Men xalqimizga yuqori texnologiyali jamiyat qurishga yordam berish uchun o‘z Vatanimga qaytdim. Lekin hozircha faqat yozda kelyapman, chunki yilning 9 oyi davomida Amerikaning Texas shtatida ishlayman – nanomarkazni boshqaraman, ma’ruzalar o‘qiyman, aspirantlar bilan ishlayman, shuningdek, Qozog‘iston bilan ham hamkorlik qilaman. Qozog‘iston ilm-fan sohasidagi global poygaga O‘zbekistondan biroz oldin qo‘shildi.

Hech qanday xatoliksiz ishlaydigan kvant kompyuteri eng ilg‘or bo‘lishi mumkin. Hozircha bunday qurilma hech qayerda yo‘q va bu kabi tadqiqotlar katta mablag‘ talab qiladi. O‘ylaymanki, bizda ham o‘zbek metsenatlari bor. Masalan, Alisher Usmonov. Men uni juda hurmat qilaman, u buyuk inson, biz u kishi bilan tengdoshmiz. Uning jahon bo‘yicha va O‘zbekistonda ilm-fan va madaniyatga qanday yordam berayotganini hayrat bilan kuzataman. Boshqalar ham bor: Fattoh Shodiyev, Mahmudov – ular metallar sohasi bilan shug‘ullanishadi, Jahongir Ortiqxo‘jayev bor, u tibbiyot va amaliy asbob-uskunalar sohasida ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish uchun ayniqsa ko‘p ish qilmoqda. Ularning hammasi yurtimiz rivojiga katta yordam bermoqda. Agar ular bizning sohaga ham e’tibor qaratib, o‘z miqdori va tushunchalariga ko‘ra unchalik katta bo‘lmagan, arzimas – aytaylik, yigirma-o‘ttiz million mablag‘ni ajratishsa, davlat ham shuncha mablag‘ bersa, biz ilmiy xodimlar Qozog‘istonda Singapur bilan hamkorlikda yaratilgan SP Qubitera turidagi kvant kompyuterini xususiy tadqiqot markazi negizida O‘zbekistonda yaratishga o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lar edik.
– Samarqanddagi markazingizda qancha odam ishlaydi?
– Hozircha unchalik ko‘p emas. Jahon bankining BIRD granti vaqtida 30 ga yaqin odam ishlardi. Hozir esa Jahon bankini moliyalashtirish jarayoni yakunlandi, shuningdek, Innovatsiyalar vazirligining ikkita loyihasi va grantlari ham o‘z nihoyasiga yetdi. Afsuski, ilmiy-texnik kengashlarning byurokratiyasi tufayli yana yangi grantlarni yuta olmadik. U yerda o‘tirgan ayrim amaldorlar hujjatlarni noto‘g‘ri yoki vaqtida to‘ldirmaganimizni aytib, shu asosda qaror chiqarishadi. Ularni o‘zlari sidqidildan bajaradigan ko‘plab sirkulyarlar, rasmiy qoidalar ko‘proq tashvishga soladi. Ular jiddiy ilmiy natijalarga qanday erishish kerakligini tushunmay, ba’zida o‘zlari ham bilmagan holda hamma narsani barbod qilishadi. Afsuski, hozir vaziyat shunday. Biz ular tufayli shu tariqa moliyalashtirishdan mahrum qoldik... Bu O‘zbekistondagi tadqiqotchilarning katta muammosidir. Byurokratlar armiyasining haddan tashqari qoidabozligi tufayli biz sur’atni ham, odamlarni ham yo‘qotdik. Bu yerda hatto kvant kompyuterlari haqida o‘ylash ham qiyin, avvalo jamoani qayta tiklash, natijadan o‘ta jiddiy manfaatdor bo‘lgan mutaxassislarni yig‘ish kerak. Shuning uchun ham, yuqorida tilga olganimdek, Amerikada jahondagi eng ilg‘or kvant kompyuterlarini faqat Google, IBM, Microsoft kabi korporatsiyalar yaratgan.
– Hozir markazingizga davlat tomonidan qanday yordam lozim?
– Davlat mahalliy olimlarning ishlanmalarini rivojlantirishga ko‘maklashishi, shuningdek, o‘z idoralaridagi byurokratik qoidabozlik va sustkashlikdan qutulishga harakat qilishi kerak. Bundan tashqari, investitsiyalar bilan yordam beradigan tijorat tuzilmalariga yuzlanishi zarur. Agar metsenatlarimiz vatanimizga qaytishga tayyor bo‘lgan xorijdagi mutaxassislarga e’tibor qaratib, ishlarni yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam berishsa, bu davlat uchun katta ko‘mak bo‘lar edi. Agar Alisher Usmonov, Fattoh Shodiyev, Jahongir Ortiqxo‘jayev va boshqa ko‘plab metsenatlar (shu joyda ajoyib va muvaffaqiyatli biznesmenlarning ismlarini takrorlashdan qo‘rqmayman) Rossiya kvant markaziga o‘xshab tashkil etilishi kerak bo‘lgan shunday xususiy tuzilmaga yordam bera olsalar, jadal ilgarilash sodir bo‘lgan bo‘lar edi, chunki ularning o‘zi muvaffaqiyatdan manfaatdor bo‘lib, byurokratiyaga e’tibor qaratishmasdi. Zero, kvant kompyuteri ularga real foyda keltirishni boshlaydi va investitsiyalari yuz chandon qaytib keladi. Bizning biznesmenlar asl muvaffaqiyat nima ekanini va u qanday qilib karra foyda keltirishini yaxshi bilishadi. Biz hatto kvant kompyuteri asosidagi innovatsion xizmatlarni atrofimizdagi qo‘shni davlatlarga ham sotishimiz mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, ularga QC uchun yangi kvant dasturiy ta’minotini ham sotishimiz mumkin: O‘zbekistonda Q uchun yangi kvant algoritmlarini ishlab chiqadigan dasturchilar kogortasi bor. Buyuk ajdodimiz Al-Xorazmiy birinchi algoritmlarni yaratgani kabi, shogirdlar pleyadasini, kvant algoritmlari bo‘yicha ekspertlarni tarbiyalagan professor Dilnoza Muhamadiyeva ham shular jumlasidan. Bejizga “algoritm” so‘zi algebra va o‘nli hisob tizimining buyuk ixtirochisi ismidan kelib chiqmagan. Bizga yangi “Kvant Al-Xorazmiylar” kerak va ularni tezroq tayyorlash lozim. Shu maqsadda SamDU rektori Rustam Xolmurodovning tinimsiz qo‘llab-quvvatlashi ostida Samarqandda SQCda bo‘lajak dasturchilarni tezkor tayyorlash uchun ta’lim darajasidagi u qadar qimmat bo‘lmagan kvant kompyuterlarini zudlik bilan sotib olmoqdamiz. Tez orada qo‘shnilarimiz ham bularning barchasi – kvant kompyuterlarimizdagi vaqt uchun ham, o‘zlarining xalq xo‘jaligi sohasidagi yirik vazifalarini hal qilishga yordam beradigan yangi kvant algoritmlari uchun ham haq to‘lashadi. Bu xuddi ularning bizga gaz, neft, suv, nodir metallar yoki oltin uchun haq to‘lashidek gap. Kvant hisob-kitoblari – kelajak oltinidir. Ularning hammasi bizning xizmatlarimizdan foydalanadi. Ular bizga ishonch bildiradi. Ular bugungi murakkab dunyodagi siyosiy to‘siqlar yoki turli sanksiyalar tufayli xorijiy kvant kompyuterlaridan foydalana olmasligi mumkin, lekin bizning Markaziy Osiyo kvant kompyuterlari va kvant algoritmlarimizdan foydalanishadi. Ammo buning uchun bularning barchasini yaratish kerak. Bular hozircha bizda yo‘q. Hatto Turkiyada ham kvant kompyuterlari bor, Hindistonda to‘liq mukammal bo‘lmasa ham o‘z qurilmalari mavjud. Bizda esa hozircha hech biri yo‘q, lekin tez orada 2-3 kubitlik ta’limga mo‘ljallangan ko‘rinishda bo‘ladi, keyin esa sheriklar bilan birgalikda 5-10 kubitlik qilamiz. Bu ham muammo. Yaratilayotgan kompyuterlar xatoliklar bilan ishlaydi. Masalan, 96 yoki hatto 99 foiz... lekin baribir xatoliklar bor. Baribir 1-4 foiz xatolik qoladi. Bu juda ko‘p. Hech qanday xatosiz ishlaydigan kvant kompyuterini yaratish kerak. U hali dunyo bo‘yicha yaratilgani yo‘q. Har bir mamlakatda kuchli kvant kompyuterlari bor, qayerdadir kuchli, qayerdadir nisbatan kuchsiz, lekin ularning barchasi xatoliklar bilan ishlaydi. O‘ylaymanki, 2029 yilga borib (balki undan ham ertaroq) Xitoy yoki Amerikada nihoyat “error-free” deb ataladigan va xatosiz ishlaydigan kvant kompyuteri paydo bo‘ladi. O‘shanda ular barcha kodlarni maxfiylikdan chiqara oladilar. Bu barcha xavotir bilan kutayotgan halokatli kvant kuni bo‘ladi.
Ilm-fanni rivojlantirish haqida
– Sizningcha, hozir O‘zbekistonda ilm-fanni yanada yaxshiroq rivojlantirish uchun nima qilish kerak?
– O‘zbekistonda fanni yanada yaxshiroq rivojlantirish uchun yangi ilmiy tuzilmalarga jiddiy ravishda katta miqdorda kapital mablag‘ kiritish kerak. Bu faqat mavjud bo‘lgan davlat tuzilmalari orqali amalga oshmasligi ham mumkin. Ular bizda bor va yaxshilanmoqda, biroq men bu yerda ularning g‘azabi va hatto qahriga uchrash xavfi ostida ko‘p bor ta’kidlaganimdek, ular juda sekin ishlaydi va o‘ta byurokratlashgan... Homiylarimni tanqid qilayotganim uchun Alloh meni kechirsin... lekin ularga qanchalik qiyinligini tushunaman, shuning uchun xususiy startap kompaniyalari va nohukumat innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyalarini tashkil etgan holda ularga yordam berish lozim.
Baribir yangi nodavlat, xususiy tuzilmalar orqali investitsiyalar jalb qilish zarur. Startap kompaniyalar va xorijiy investitsiyalar orqali ham. Kvant kompyuteri – bu o‘z vaqtida atom bombasi qanchalik jiddiy masala bo‘lgani kabi muhim masala. II jahon urushi oxirida sobiq Ittifoq oldida keskin savol tug‘ilgan edi: atom bombasiga ega bo‘lgan mamlakat o‘zini himoya qila oladi, u o‘zini himoya qiladi va ilg‘or davlatlar qatoriga chiqadi. O‘shanda Sovet Ittifoqi buni amalga oshira olgan, biroq boshqa ko‘plab davlatlar, masalan, Yaponiya va Germaniya buni uddalay olmagandi.
Qolaversa, sobiq Ittifoqda eng yaxshi va qudratli termoyadro qurolini ham o‘zlari yaratishgan. Biroq o‘sha paytda u katta mablag‘lar yo‘naltirgan, ajoyib tashkilotlar tuzgan, mablag‘ni ayamagan va eng zo‘r olimlarni jalb qilgan. Eng muhimi, byurokratiya, tenderlar, ortiqcha rejalashtirish kabi to‘siqlar unutilgan. Hozir O‘zbekistonda ham xuddi shunday yo‘l tutish kerak. Yoki boshqa bir misol: koinot. Korolyov kosmik raketalarini yaratgan. Men O‘zbekistonda ham o‘z kosmik yo‘nalishimiz va texnologiyalarimiz bo‘lishi kerak deb hisoblayman. Shukrki, Prezidentimiz Rosatom va Rossiya bilan hamkorlikda hozir Jizzaxda kichik quvvatli atom stansiyalarini qurmoqda. Kimlargadir bu yoqmasa ham, bu ulkan yutuq. Zamonaviy dunyoga atom energetikasisiz kirib bo‘lmaydi. U xavfsiz va juda yaxshi. Biroq buni faqat fiziklar tushunadi, boshqalarni esa sekin-asta bunga ishontirish lozim. Qolaversa, O‘zbekistonda uran bor. Davlatimiz rahbari to‘g‘ri ish olib bormoqda, men shaxsan o‘zim uzoq vaqtdan beri shug‘ullanib kelayotgan quyosh, shamol energiyasi bilan bir qatorda, yangi turdagi o‘zgartirgichlarni, ya’ni atom energiyasi, koinot va kvant kompyuterini yaratyapmiz. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari – kelajagimiz uchun muhim sohalardir.
– Kvant kompyuterlari O‘zbekiston iqtisodiyotiga va taraqqiyotiga qanday yordam berishi mumkin?
– Kvant kompyuterlari juda katta yordam bergan bo‘lardi. Birinchidan, kvant kompyuterlari energetika sohasidagi masalalarni hal qilishi mumkin. O‘zbekistondagi asosiy muammo – bu suv, energiya va atmosferaning ifloslanishi. O‘zbekiston – ajoyib mamlakat, biroq Toshkentda havo juda ifloslangan, odamlar kasallanmoqda. Bu yerda nafas olib bo‘lmayapti, allergiya kasalliklari kuchaygan, havo zaharlangan. Xitoy va Pekinda ham xuddi shunday holat bo‘lgandi, lekin ular bu masalani hal qilishdi.
O‘zbekiston bu muammoni hal qilishi uchun datchiklar masalasini to‘g‘rilab olishi kerak, bunday datchiklar tezkor tahlil qiluvchi kvant datchiklari bo‘lishi mumkin. Ana shu chiqindilarni yo‘q qiladigan yangi katalizatorlarni yaratish lozim. Toshkent va Samarqanddagi bir guruh hamkasblarim bilan Google uchun katta loyiha yozdik. 5 mln. dollarlik XPrize competition uchun. Biz hatto 100 ta davlat ichidan ikkinchi turga o‘tib, 80 talik guruhga kirdik. Google kompyuteri tozalash masalalarini, shuningdek, suv muammosini hal qilishga yordam beradi. O‘zbekistonda suv masalasi yaqin bir necha yil ichida halokatli muammoga aylanadi. Agar uni to‘g‘ri ishlatib, suv xo‘jaligi tizimlari to‘g‘ri hisob-kitob qilinsa, buning oldini olish mumkin. Bu soha bilan mening rahmatli otam, O‘zbekiston irrigatsiyasining asoschilaridan biri, professor Abdulahad Zaxidov shug‘ullangan. U hatto “Markaziy Osiyoning suv xo‘jaligi tizimlari” nomli kitob ham yozgan, unda agar suvdan noto‘g‘ri foydalanilsa, Orol qurib qolishini o‘z vaqtida oldindan bashorat qilgan. U buni kompyuterlar yordamida hisoblab chiqqandi. Ha, otam o‘sha paytdayoq kompyuterlardan foydalanishni taklif qilgan va O‘zR Fanlar akademiyasi Kibernetika institutida shunday dasturlar tuzilib, 70-yillarning kompyuterlarida suv xo‘jaligi resurslarini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimlari yaratilgan. Biroq buning uchun o‘sha paytdagi oddiy kompyuterlarning quvvati yetarli bo‘lmagan. Hozir ham xuddi shunday. Hamma narsani hisobga olish uchun katta va qudratli kvant kompyuterlari zarur, o‘zgaruvchilar esa juda ko‘p. Chunki hamma narsa o‘zgaryapti, muzliklar kamroq erib, suv shimilib ketyapti, sho‘rlanyapti, uni kimdir bizdan tortib olyapti, bug‘lanish yuz bermoqda va hokazo. Tushunyapsizmi, endi biz uni nafaqat afg‘onlar, qirg‘izlar, qozoqlar, tojiklar bilan, balki turli davlatlar bilan bo‘lishishimiz kerak. Bu juda katta muammo. Aytgancha, bu haqda otamning shogirdi, professor Abror Qodirov ham batafsil yozgan.
Bundan tashqari, yana bir keskin muammo bor – energiya va energetika tarmoqlari, shuningdek, tibbiyot sohasida jiddiy muammolar mavjud, ayniqsa, bu global isish hamda joriy yilning iyul oyida boshimizdan kechgan kuchli jazirama sharoitida hamyurtlarimizning, ayniqsa bolalarning salomatligi bilan bog‘liq. Eng muhimi esa mamlakat xavfsizligi masalasi. Agar hozir kiberxavfsizlik tizimlarini yarata olmasak... Bilamizki, banklar o‘rtasida, harbiylar o‘rtasida va davlat tuzilmalari o‘rtasidagi butun kommunikatsiya kodlanadi. Hatto telefon yoki elektron pochta orqali bir-birimizga yuboradigan xabarlarimiz, Telegramdagi yozishmalarimiz ham, barchasi kodlar bilan himoyalangan, to‘g‘rimi? Garchi SI turli ko‘rinishdagi xakerlarga katta yordam bera boshlagan bo‘lsa ham, bu kodlar hozircha ishonchli. Biroq boshqa davlatlar qudratli kvant kompyuterini yaratsa, ular bu kodlarni daqiqalar, hatto soniyalar ichida fosh qilishadi. O‘shanda, masalan, hamma banklar o‘z maxfiyligini yo‘qotadi va odamlar o‘z jamg‘armalaridan mahrum bo‘lishlari mumkin. Bir kunda. Harbiy sirlar va boshqalarni aytmasa ham bo‘ladi.
– Ya’ni, biz o‘z tizimlarimizni yaratishimiz kerakmi?
– Ha, biz o‘z tizimlarimizni barpo etishimiz va buni kvant kompyuterlari, kvant aloqasi tizimlari, kvant internet yordamida amalga oshirishimiz zarur. Biz o‘z kvant kodlarimizni yaratishimiz kerak. Signallarni kvant aloqa liniyalari orqali uzatadigan kvant kodlarini (bu alohida vazifa bo‘lib, biz uzatish tizimlarimizni himoya qilish uchun Quantum Photonic Center’ni tashkil etgan holda SQCda bu masalada allaqachon ish boshlaganmiz). Tasavvur qiling, masalan, rahbarlarimiz telefon orqali gaplashadi, qaysidir mamlakat esa bularning barchasini o‘qib chiqadi va ularning suhbatini teskari ma’nodagi matnga almashtirib qo‘yadi. Ana o‘shanda falokat yuz beradi. Yoki bitta yo‘nalishda uchishi kerak bo‘lgan samolyotlar bir-biri bilan to‘qnashib, yerga qulaydi. Kemalar to‘qnashib ketadi. Bu dahshatli holat bo‘lardi. Shuning uchun yangi, kvant kodlari bilan himoyalaniladigan eraga tezroq qadam qo‘yish kerak. Buni tushunarli tilda anglata oldim, deb o‘ylayman.
– Bugungi kunda trendda bo‘lgan sun’iy intellektning kelajagi haqida qanday fikrdasiz?
– Menimcha, sun’iy intellektning (SI) kelajagi bir tomondan porloq, boshqa tomondan esa xavfli. Chunki hatto SI ustida ishlaydigan olimlarning o‘zi, jumladan, mening hamkasblarim ham bundan xavotirda. Ko‘rib turganimizdek, SI – bu o‘ziga xos olam. U qaysidir onda itoat qilmay qo‘yishi yoki nazorat qilib bo‘lmaydigan qarorlarni chiqarishi mumkin. Shuning uchun bu murakkab yo‘nalish. Balki aynan kvant kompyuterlari uni qandaydir jilovlab turishga yordam beradi. Lekin umuman olganda, u hozir hayotimizni tubdan o‘zgartirib yubormoqda. Masalan, men dars beraman, lekin talabalar sun’iy intellektdan foydalanadi, aldaydi. Masalalarni o‘zlari yechmaydi, hammasini SI qilib beradi. Imtihonlarni tezda topshirib qo‘yishadi, buni tekshirib ham bo‘lmaydi. Hatto matematiklar ham faqat matematiklar yecha oladigan ko‘plab masalalarni endi SI bajarayotganidan shikoyat qilishmoqda. Demak, matematiklar kerak emas ekan-da? Haqiqiy bilimga ega bo‘lgan matematiklar. Bu yaxshi emas, matematiklar kerak, chunki ular ijodkor, sun’iy intellekt esa unday emas. Ularning hafsalasi pir bo‘lib, ishlashni to‘xtatsa-chi yoki hech narsani tushunmaydigan byurokratlar ularning hammasini ishdan bo‘shatsa-chi, SI esa yaxshi olim bajara oladigan ishni qila olmaydi. Bu jiddiy xavf. Buni e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Unda ijodkorlik yo‘q. Bor, lekin u shunchaki allaqachon mavjud ma’lumotlarni tahlil qiladi, xolos. U yangi hech narsa yaratmaydi. Mana shunisi yomon.
– AQShdagi ishlanmalaringiz fanning qaysi sohalariga qaratilgan?
– Ishlanmalarim va patentlarim juda ko‘p. Biz tabiatda uchramaydigan eng yangi materiallarni yaratyapmiz. Masalan, O‘zbekistonda kvant nuqtalarini yaratdim. Darvoqe, ular asosida kvant kompyuterlarini yasash mumkin. Fransiyada kvant nuqtalari asosida ishlaydigan kvant kompyuteri bor, lekin u boshqacha nuqtalar, biz yaratayotgan emas. Ehtimol, biz o‘z nuqtalarimizni shunga moslashtirarmiz.
Umuman olganda, biz uglerod nanotrubkalari, fullerenlar deb ataluvchi uglerod molekulalarini yaratamiz. Men o‘z vaqtida Yaponiyada fullerenlar asosida yangi o‘ta o‘tkazgichlar, yangi magnit materiallar, yangi fotoo‘tkazgichlar, yangi quyosh elementlarini yaratganman. Bularning barchasini Yaponiyada, Italiyada amalga oshirganman. Bu endi go‘yoki ortda qolgan bosqich, lekin biz uglerod asosida materiallar yaratishda davom etyapmiz. Ularni, ehtimol, eng muhim degan bo‘lardim. Biz ham siz bilan uglevodorodlardan tuzilganmiz. Masalan, grafit, grafen uchun rus olimlari – mening qadrdon do‘stim Konstantin Novosyolov va Andrey Geym Nobel mukofotini olishdi. Afsuski, ularning ikkisi ham Osiyoga ketib qolishdi. Kostya Singapurda ishlayotganiga, adashmasam, o‘n yilcha bo‘ldi. Andrey Geymni esa o‘tgan oy yoki bir necha oy oldin Gonkongga ishga olib ketishdi.
Umuman olganda, fikrimcha, hozir butun kelajak G‘arbiy yarimshardan, Yevropa va Amerikadan Osiyoga – Xitoy, Singapur, Gonkong, Tayvanga ko‘chib o‘tadi. Biz ham o‘ziga xos Osiyomiz. Shunday ekan, kim bilan birga ekanimizni, qaysi Osiyo bilan ekanimizni hal qilishimiz kerak. Biz mustaqil, buyuk mamlakatmiz. O‘zbekiston kelajagi buyukdir, lekin u o‘z kelajak yo‘li qayerda ekanini to‘g‘ri anglab yetishi kerak, deb o‘ylayman!
Jamoliddin Turdimov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
"Iqtisodiy sharh" jurnali №9/2026
Izoh qoldirish