Qashqadaryoda birinchi “Mebel klasteri” va “Mebel akademiyasi”ni tashkil etmoqchiman

Qashqadaryoda birinchi “Mebel klasteri” va “Mebel akademiyasi”ni tashkil etmoqchiman

Tadbirkorning tashrif qog‘ozi

Taniqli tadbirkor Salomat Komilova 1954 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. 1976 yilda Moskva davlat texnika institutining “yog‘ochga ishlov berish va mebel sanoatini avtomatlashtirish va kompleks mexanizatsiyalash” fakultetini tamomlagan.

Dastlab 1976 yildan “Qarshiindustriya” birlashmasida injener – texnolog, so‘ngra “Namanganmebel” fabrikasida ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i, keyinchalik “Qarshiindustriya” birlashmasiga qarashli yog‘ochga ishlov berish zavodida bosh injener-texnolog vazifalarida faoliyat yuritgan.

U ta’sis qilgan “Qarshimebel” mas’uliyati cheklangan jamiyati Qashqadaryo viloyatida mebelsozlik sanoatiga asos solgan birinchi ishlab chiqarish korxonasi hisoblanadi. Bu yerda ko‘p turdagi yumshoq va qattiq mebel jihozlari, sifatli va zamonaviy oshxona, mehmonxona, yotoqxona mebellari ishlab chiqariladi.

“Qarshimebel” MChJga Turkiya, Germaniya va Xitoy davlatlaridan lazerli temir kesadigan va payvandlaydigan yangi avlod texnika va texnologiyalari olib kelingan.

Salomat Komilova respublika va viloyat miqyosida o‘tkazilgan ko‘plab ko‘rik-tanlovlarning g‘olibi bo‘lgan. U 2011 va 2014 yillarda “Tashabbus” ko‘rik-tanlovida viloyatda 1-o‘rinni egalladi va respublika bosqichida “Eng saxovatli tadbirkor” nominatsiyasini qo‘lga kiritdi. 2016 yilda O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi va Respublika Markaziy banki tomonidan ta’sis etilgan “Eng yaxshi biznes loyiha” respublika ko‘rik -tanlovi, 2019 yilda O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovning “Yilning eng ilg‘or tadbirkor ayoli” nominatsiyasi bo‘yicha viloyat va respublika, 2024 yilda “Yilning eng yaxshi ish beruvchi tadbirkor ayoli” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.

2015 yilda “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan.

U Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida mahalliy sanoat tizimida rahbar bo‘lib ishlagan rahmatli turmush o‘rtog‘i Hamidjon aka Komilov bilan birgalikda 4 nafar farzand va 12 nafar nabirani tarbiyalashdi.

S. Komilova viloyat va shahar kengashlari deputati sifatida ham viloyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga muhim hissa qo‘shib kelmoqda.

– Tadbirkorlik uchun nega aynan mebelsozlik sohasini tanlagansiz? Shu haqida gapirib bersangiz.

Mening mebelsozlik sohasini tanlaganim shunchaki tasodif yoki shunchaki biznes qilish ishtiyoqi bo‘lmagan. Buning ortida katta professional poydevor va davr taqozosi yotibdi. O‘sha paytda menda ikkita katta kuch bor edi: birinchisi – qo‘limdagi texnologik bilim va kasbiy ishonch, ikkinchisi – ayol kishiga xos bo‘lgan uy shinamligini yaratish ishtiyoqi.

Men Moskvada aynan shu soha bo‘yicha muhandis-texnolog mutaxassisligiga o‘qiganman. Mebel sanoatining barcha jabhalari: xomashyo sifatidan boshlab, dastgohlar ishi, ishlab chiqarish zanjiri va texnologik jarayonlargacha puxta o‘rganganman.

1976 yil o‘qishni tugatib, yurtimizga qaytganman, mebelsozlik sanoati korxonalarida ishlaganman va tajriba orttirganman.

Mustaqillikning ilk yillari iqtisodiy jihatdan juda murakkab va qiyin kechdi. Ishsizlik yuqori, tizimlar esa qayta shakllanayotgan edi. Eski davlat korxonalari to‘xtab qolgan bir paytda, xususiy sektorga, ayniqsa, mahalliy ishlab chiqarishga talab ortib borayotgan edi.

O‘shanda, 90-yillar boshlarida Eron, Xitoy, Rossiya, Hindiston kabi davlatlarga tashrif buyurib, mebel bozorlarini o‘rgandim. Men xorijdan qimmat mebel olib kelishdan ko‘ra, o‘zimizda, mahalliy ishchi kuchi va xomashyo bilan yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mumkinligini muhandis sifatida aniq ko‘ra oldim.

Avvaliga ko‘pchilik “Ayol kishi, buning ustiga shunday og‘ir inqiroz davrida, nega aynan erkaklar kasbi hisoblangan mebelsozlikka kirishyapti?” deb hayron bo‘lgan. O‘sha davrda ayol rahbar sifatida og‘ir sanoat yoki ishlab chiqarishda ishlashi ko‘pchilikda shubha uyg‘otardi. Sizni jiddiy qabul qilishlari uchun erkaklarga qaraganda ancha ko‘proq mehnat qilishingiz, sohani mukammal bilishingiz kerak edi.

Albatta, ayol rahbar sifatida o‘sha qiyin yillarda sexlarni boshqarish, dastgohlar tilini tushunish va erkak ustalar bilan til topishish oson bo‘lmagan. Biroq sohani ipidan-ignasigacha bilishim, texnologik jarayonlarni juda yaxshi tushunishim menga katta ustunlik berdi. Meni nafaqat rahbar, balki o‘z ishining professional ustasi sifatida hurmat qila boshlashdi.

Mebelsozlik men uchun shunchaki texnik jarayon emas. Bu – ayol kishining nafis didi, ijodkorligi va muhandislik aniqligining go‘zal uyg‘unligidir. Biz o‘sha og‘ir yillarda kichik bir sexdan boshlab, bugungi yirik ishlab chiqarish darajasigacha yetib keldik.

Bugun orqaga qarab, o‘sha qiyinchiliklarga to‘la yillarda to‘g‘ri yo‘l tanlaganimga yana bir bor iqror bo‘laman. Bu soha menga qat’iyatni, inqirozlardan qo‘rqmaslikni va eng muhimi – insonlar hayotini go‘zallashtirishdan zavq olishni o‘rgatdi.

Siz Qashqadaryo viloyatida birinchi mebel korxonasini tashkil qilgansiz, ya’ni viloyatda shu tarmoq paydo bo‘lishiga asos solgansiz. Bu qanday yuz bergan?

Mustaqillikning ilk yillarida Qashqadaryoda mebel sanoati degan tushunchaning o‘zi yo‘q edi. Taxtaga qayta ishlov berish korxonasi bo‘lardi, xolos. Ularning faoliyati asosan qurilish sohasida, xususan ko‘p xonadonli uylar uchun eshik, rom, shift va pol uchun qoplamalar ishlab chiqarish edi.

Viloyat aholisi esa mebelni asosan Toshkentdan yoki xorijdan juda qimmat narxga olib kelishardi. Qashqadaryodek katta va salohiyatli vohada birinchi mebel korxonasiga asos solish mas’uliyati aynan mendek ayol kishining zimmasiga tushdi.

Moskvada olgan oliy ma’lumotim, muhandis-texnolog sifatidagi bilimlarim, mebelsozlik sanoatidagi tajribam ishlab chiqarishni qanday tashkil qilishni aniq ko‘rsatib turardi.

Lekin viloyatda bu sohani mutlaqo noldan boshlash kerak edi. Na tayyor xomashyo bazasi, na zamonaviy dastgohlar va eng yomoni, sohani tushunadigan tayyor mutaxassislar bor edi. Esimda, ilk faoliyat boshlagan yillarimizda men nafaqat rahbarlik qilganman, balki sexda mahalliy yigitlarga yog‘ochga ishlov berish, texnologiya sirlari va chizmalar bilan ishlashni ham o‘zim o‘rgatganman. Mahalliy kadrlarni tayyorlaydigan birinchi “ustoz-shogird” maktabini ham mana shu sexda tashkil qildik.

Hammasi 1995 yilning boshida boshlandi. Shu yili Qarshi shahrida mebel ishlab chiqaradigan dastlabki korxona – “Mebel” fabrikasini batamom noldan tashkil etishga bel bog‘ladim. Boshida bor-yo‘g‘i 9 nafar ishchi bilan ishga kirishdik. Bu 9 nafar – mening birinchi jamoam, mebelsozlik maktabimizning tamal toshini qo‘ygan insonlardir.

O‘sha paytda ko‘pchilik menga shubha bilan qaragan, “Qashqadaryoda mebel ishlab chiqarib bo‘larkanmi?” – deyishgan. Biroq biz ishimizni to‘xtatmadik. Birinchi mahsulotlarimizni tayyorlab chiqarganimizda ularni sotish nihoyatda qiyin kechdi.

Biz uchun o‘sha og‘ir yillarning haqiqiy xaloskori viloyatimizdagi sovxozlardan biri bo‘ldi. Sovxoz rahbariyati bizga katta hajmdagi mebel buyurtma berdi: idoraviy jihozlar, ishchilar uchun yotoqxona mebeli, oshxona jamlanmalari. Shartnomani barter usulida – mol ayirboshlash yo‘li bilan tuzishga kelishdik. Biz mebel yetkazib berdik, sovxoz esa o‘z navbatida bizga o‘zining yetishtirgan mahsulotlari bilan hisoblashdi. Shu qiyinchiliklar orasida biz tajriba orttirdik, bozorni o‘rgandik, korxonamizni oyoqqa turg‘azdik.

2003 yilda korxona rivojida haqiqiy burilish yuz berdi. Ya’ni shu yili korxonaga Xitoy Xalq Respublikasidan zamonaviy texnologiyalar olib olib keldik. Mavjud texnologiyalar tubdan modernizatsiya qilinib, korxona qayta jihozlandi. Yog‘ochni kesish va ishlov berish, mebel ishlab chiqarish va yig‘uv, pardozlash (bo‘yash va silliqlash), payvandlash, tikuvchilik sexlari ishga tushirildi. Natijada korxona zamonaviylashdi, unda yangi ish o‘rinlari yaratildi, ishlab chiqarish sur’ati oshdi, mahsulot sifati yaxshilandi, ishchi-xizmatchilarning moddiy manfaatdorligi ta’minlandi. Dastlab 9 nafar ishchi faoliyat boshlagan fabrikada 95 kishi ishlay boshladi.

Biz nafaqat viloyatda birinchi mebel korxonasini ochdik, balki Qashqadaryoda sanoatning butun boshli yangi bir tarmog‘i paydo bo‘lishiga asos soldik. Bugun vohada mebel ishlab chiqaruvchilar ko‘payganini ko‘rib faxrlanaman, chunki ularning barchasi biz ochgan o‘sha birinchi yo‘ldan ketishmoqda.

Biznesingizning hozirgi kuni haqida axborot bering. Qanday mahsulotlar ishlab chiqarasiz? Ularni qayerlarda sotasiz? Qanday loyihalarni amalga oshirdingiz, ular viloyatga va iste’molchilarga nima berdi?

Bugungi kunda bizning korxonamiz zamonaviy va yuqori texnologiyali yirik ishlab chiqarish majmuasiga aylandi. Zamonaviy trendlar va yangi texnologiyalar asosida mahsulotlarimiz sifati va turini keskin kengaytirdik.

Hozirda biz xaridorlarga mebel mahsulotlarining juda keng assortimentini taklif etyapmiz. Ishlab chiqarishimiz bir nechta yo‘nalishni qamrab olgan:

– xonadonlar uchun premium va shinam mebellar: yuqori sifatli oshxona to‘plamlari, yumshoq mebellar, yotoqxona va mehmonxona garniturlari;

– biznes va idoralar uchun mebellar: zamonaviy ofis stollari, kreslolar, qabulxona mebellari va konferensiya zallari uchun maxsus to‘plamlar;

– ijtimoiy soha mebellari: maktablar, bog‘chalar va tibbiyot muassasalari uchun ekologik toza, xavfsiz va ergonomik mebellar.

Umuman olganda 350 turdagi mebel mahsulotini ishlab chiqaramiz. Mahsulotlarimiz nafaqat Qashqadaryo vohasida, balki respublikamizning boshqa hududlarida ham sotilmoqda. Shuningdek, yirik korporativ buyurtmachilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida ishlaymiz. Markaziy Osiyo davlatlariga mahsulot eksportini yo‘lga qo‘yish ustida ham faol ish olib boryapmiz.

Yillar davomida biz viloyatimiz uchun ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatga molik ko‘plab yirik loyihalarni hayotga tatbiq etdik. Viloyatdagi yangi qurilgan zamonaviy maktablar, davlat tashkilotlari, bank filiallari, tibbiyot muassasalari va yirik mehmonxonalarni to‘liq mahalliy mebellar bilan jihozlash loyihalarini muvaffaqiyatli yakunladik.

Bu loyihalar viloyatimizga va iste’molchilarga juda ko‘p narsani berdi. Jumladan, ilgari xorijdan qimmat narxda olib kelinadigan sifatli mebellarni viloyatning o‘zida, ancha hamyonbop narxlarda ishlab chiqarib, mahalliy byudjet va aholi mablag‘larini tejashga erishdik.

Korxonamiz kengayishi hisobiga yuzlab mahalliy yoshlar va xotin-qizlarni doimiy, yaxshi daromadli ish bilan ta’minladik. Ularga zamonaviy raqamli dastgohlarda ishlash texnologiyasini o‘rgatdik.

Mahsulotlarimiz bevosita viloyatning o‘zida ishlab chiqarilgani uchun, xaridorlarimizga uzoq yillik kafolat va tezkor servis xizmatini taqdim eta olamiz.

Bizning bosh maqsadimiz – viloyatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar brendini respublika va xalqaro miqyosda yanada yuqori darajaga olib chiqishdir.

Mamlakatimizda mebel korxonalari juda ko‘p. Raqobatda yutib chiqish uchun mahsulot sifatli va arzon bo‘lishi kerak. Bunga qanday erishyapsiz?

Bugungi kunda bozorda raqobat haqiqatdan ham juda kuchli. Bunday muhitda nafaqat yashab qolish, balki yetakchi bo‘lish uchun mahsulotning sifatli va arzon bo‘lishini ta’minlash har bir ishlab chiqaruvchining eng bosh maqsadidir.

Bu muvozanatga shunchaki mahsulot ustiga qo‘yiladigan foydani kamaytirish hisobiga emas, balki ilmiy yondashuv va ishlab chiqarishni to‘g‘ri tashkil etish orqali erishamiz. Bizning sirlarimiz quyidagilardan iborat:

1.Ishlab chiqarishni to‘liq avtomatlashtirish. Inson omili va qo‘l mehnati qanchalik ko‘p bo‘lsa, xatolik ehtimoli shunchalik yuqori va jarayon sekin bo‘ladi. Biz sexlarimizni Germaniya, Xitoy va Italiyaning eng zamonaviy, kompyuterlashtirilgan dastgohlari bilan jihozlaganmiz. Raqamli dastur asosida ishlaydigan bu uskunalar xomashyoni millimetrigacha aniqlikda kesadi va ishlov beradi. Bu bizga mahsulot sifatini yuqori darajaga ko‘tarish, ishlab chiqarish tezligini oshirish, vaqtni tejash va tannarxni tushirish imkonini yaratadi.

  1. Chiqindisiz texnologiya. Mebel tannarxini oshiradigan eng katta omillardan biri, bu xomashyoning isrof bo‘lishidir. Biz korxonamizda maxsus kompyuter dasturlari yordamida laminat yoki yog‘och plitalarini eng optimal usulda bichishni yo‘lga qo‘yganmiz. Chiqindi miqdori minimal darajaga tushirilgan.

Hatto qolgan kichik yog‘och qirindilari va bo‘laklarini ham qayta ishlab, isitish yoki boshqa maqsadlarda ishlatamiz. Chiqindi kamaygani sari mahsulotning tannarxi ham arzonlashadi.

  1. Xomashyoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish. Biz bozordagi vositachilardan voz kechganmiz. Mebel uchun zarur bo‘lgan furnituralar, matolar va asosiy xomashyolarni yirik ishlab chiqaruvchi zavodlarning o‘zidan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ulgurji tarzda sotib olamiz. Bu materiallar narxini ancha arzonlashtiradi va natijada tayyor mebellarimiz xaridor uchun hamyonbop bo‘ladi.
  2. Professional kasbiy mahorat va nazorat. Ishlab chiqarishning har bir bosqichida texnik nazoratni juda qattiq qo‘yganmiz. Korxonamizda “Sifat nazorati bo‘limi” mavjud bo‘lib, ular har bir detalni xaridorga yetib borishidan oldin tekshiruvdan o‘tkazadi. Sifatli xomashyo va yuqori texnologiya to‘g‘ri birlashganda, mahsulot yillar davomida o‘z qiyofasini yo‘qotmaydi. 2011 yilda korxona jamoasi sifat bo‘yicha xalqaro ISO-9001 sertifikatiga ega bo‘ldi.

Qisqacha aytganda, biz sifatdan voz kechmagan holda, zamonaviy texnologiyalar va oqilona menejment evaziga xarajatlarni qisqartiramiz. Shuning uchun ham mahsulotlarimiz hamyonbop va raqobatdoshdir.

Biznesingizga mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yaratilgan qanday imtiyozlar, qo‘llab-quvvatlash va yaratilgan sharoitlar yordam berdi?

So‘nggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlikka, ayniqsa, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va xotin-qizlar biznesiga ko‘rsatilayotgan e’tibor biz kabi korxonalarning rivojlanishida juda katta burilish yasadi. Mustaqillikning ilk yillaridagi sharoit bilan bugungi kundagi imkoniyatlarni solishtirsak, farqi yer bilan osmoncha. Korxonamizning yangi bosqichga chiqishida davlatimiz tomonidan yaratilgan quyidagi tizimli imtiyozlar va sharoitlar eng asosiy turtki bo‘ldi:

  1. Mahalliylashtirish dasturlari. Mebel sanoati mahalliylashtirish dasturiga kiritilgani bizga juda katta imkoniyat berdi. Davlat xaridlari tizimidagi shaffoflik mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun alohida imkoniyatlarni ato etmoqda. Jumladan, viloyatimizdagi maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar va davlat idoralarini jihozlash bo‘yicha o‘tkazilgan tenderlarda mahalliy korxona sifatida ishtirok etib, g‘olib bo‘lyapmiz. Bu bizni doimiy va yirik buyurtmalar hajmi bilan ta’minlaydi.
  2. Bojxona va soliq imtiyozlari. Biz ishlab chiqarishni zamonaviylashtirish uchun xorijdan olib keladigan yuqori texnologiyali dastgohlar va uskunalar bojxona bojlaridan ozod etilgan. Shuningdek, mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan, mebel sanoati uchun zarur bo‘lgan ayrim xomashyo va furnituralarni olib kirishda berilgan tarif imtiyozlari mahsulotlarimiz tannarxini pasaytirishga va bozorda arzon narxni saqlab qolishimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam beryapti.
  3. Imtiyozli kreditlar va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash. Ishlab chiqarishni kengaytirish va aylanma mablag‘larni ko‘paytirish uchun Tadbirkorlikni rivojlantirish jamg‘armalari va banklar tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlar ayni muddao bo‘ldi. Bu mablag‘lar evaziga biz yangi sexlarni qurdik, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirdik va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratdik.
  4. Xotin-qizlar tadbirkorligiga alohida e’tibor. Bugungi kunda ayollar biznesini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Ayol rahbar sifatida turli grantlar, subsidiyalar va biznesni rivojlantirish dasturlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Bu nafaqat moliyaviy, balki ma’naviy jihatdan ham katta dalda bo‘ldi va korxonamizda xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash ko‘lamini kengaytirishimizga yo‘l ochdi.
  5. Tekshirishlar kamaygani va byurokratiyaga chek qo‘yilgani. Ilgari tadbirkor vaqtining ko‘p qismi turli nazorat organlari bilan muloqot qilishga ketardi. Hozirda tekshirishlarga e’lon qilingan moratoriylar va barcha jarayonlarning raqamlashtirilgani (elektron soliq, elektron bojxona) tufayli bor e’tiborimizni faqat ishlab chiqarishga, sifatni oshirishga va yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratyapmiz.
  6. Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar tizimi. So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan tadbirkorlar bilan ochiq va bevosita muloqotlar yo‘lga qo‘yilgani biz kabi ishbilarmonlar uchun juda katta yordam bermoqda. Har yili muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkaziladigan uchrashuv va videoselektor yig‘ilishlarida tadbirkorlarning muammolari bevosita eshitilmoqda, har bir taklifga javob berilmoqda va shu muloqotlar yakunida yangi qarorlar, yangi imtiyozlar e’lon qilinmoqda.

Men o‘z navbatida har yili ushbu uchrashuvlarda ishtirok etishga harakat qilib kelaman. Bunday uchrashuvlar natijasida soliq va bojxona imtiyozlari, imtiyozli kreditlar, yangi dasturlar haqida birinchi manbadan xabardor bo‘lamiz. Bu faqat axborot emas, balki tadbirkorning ishiga bo‘lgan ishonch, davlat bilan tadbirkor o‘rtasidagi teng hamkorlikning ramzidir. Har safar bunday uchrashuvlardan yangi reja, yangi ilhom, yangi imkoniyatlar bilan qaytamiz. Bu – davlat siyosatining tadbirkorlikka bo‘lgan chin e’tiborining yaqqol ifodasi, deya olaman.

Qisqacha aytganda, davlat tomonidan yaratilgan bu sharoitlar bizga kelajakka ishonch bilan qarash, tavakkal qilish va mahalliy brendlarni yuqori darajaga olib chiqish uchun qanot bo‘lmoqda.

Siz nechta ish o‘rni yaratdingiz? Jumladan, jamoangizda qancha odam ishlaydi va daromad darajasi qanday? Ularga boshqa yordamlar ham ko‘rsatasizmi?

Tabiiyki, korxonamiz rivojlanib borgani sari mening zimmamdagi eng katta mas’uliyat – bu yangi ish o‘rinlari yaratish va vohadoshlarimizni doimiy ish bilan ta’minlash bo‘ldi. Mustaqillikning ilk yillarida bir nechta ishchi bilan boshlangan kichik ustaxonamiz bugungi kunga kelib yirik jamoaga aylandi.

Hozirgi kunda korxonamizda 95 nafardan ziyod mahalliy aholi vakili doimiy ish o‘rniga ega. Ularning orasida tajribali mebel ustalari, muhandis-dizaynerlar, zamonaviy raqamli dastgoh (ChPU) operatorlari, yuristlar va iqtisodchilar bor.

Ayol rahbar sifatida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qarataman – jamoamizning qariyb 30 foizini ayollar tashkil etadi, qolaversa, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillarini ham ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratganmiz. Ular asosan mebel dizayni, matolar bilan ishlash, tikuvchilik va hisob-kitob, menejment yo‘nalishlarida faoliyat yuritishadi.

Bizda mehnatga haq to‘lash tizimi bozor talablariga to‘liq javob beradi va xodimning malakasi hamda bajargan ish hajmiga asoslanadi. Ishchilarimizning o‘rtacha oylik maoshi 4 milliondan 7 million so‘mgacha. Yuqori malakali muhandislarimiz va murakkab dastgoh operatorlarimiz undan ham ko‘proq daromad olishadi.

Eng muhimi, maoshlar o‘z vaqtida beriladi va bizda xodimlarni moddiy rag‘batlantirish, ya’ni reja bajarilganda beriladigan mukofot (bonus) tizimi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Biz faqat maosh berish bilan cheklanib qolmaymiz. Men uchun har bir ishchi – mening oilam a’zosidek gap. Ularning ijtimoiy himoyasi uchun bir qator tizimli yordamlarni tashkil qilganmiz. Jumladan, ishchilarimiz uchun sexning o‘zida shinam oshxona tashkil etilgan bo‘lib, har kuni sifatli issiq ovqat bilan bepul ta’minlanadi. “Ustoz-shogird” maktabi va bepul ta’lim mavjud. Sohaga qiziqqan, lekin hunari yo‘q yoshlarni ishga qabul qilib, ularga mebel sirlarini mutlaqo bepul o‘rgatamiz.

Oilasida to‘y-ma’raka bo‘lgan, farzandi talaba bo‘lgan yoki sog‘lig‘ida muammosi bor ishchilarimizga korxona hisobidan moddiy yordamlar ajratiladi.

Men doim bir gapni takrorlayman: xodim ishga kelayotganda uyidagi muammolarni o‘ylamay, faqat halol mehnat qilish va sifatli mahsulot yaratish haqida qayg‘urishi kerak. Uning ijtimoiy muammolarini hal qilish esa - rahbar sifatida mening burchimdir. Jamoamizning farovonligi – korxonamiz barakasining bosh siridir.

Biznesingizning ijtimoiy ahamiyati bormi va u qanday? Ya’ni hududingizda yashayotgan ehtiyojmand oilalarni ham qo‘llab-quvvatlaysizmi?

Biznesning ijtimoiy ahamiyati – bu mening nafaqat rahbarlik, balki insoniylik va onalik burchimdir. Tadbirkorlik shunchaki foyda ko‘rish emas, balki atrofingdagi odamlarning og‘irini yengil qilish, jamiyatga naf keltirish demakdir. Har kuni loaqal birgina baxti kemtik inson qalbiga malham bo‘lish – ayotimning bosh shiori. Ayniqsa, mustaqillikning ilk yillaridagi yetishmovchiliklarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan ayol sifatida, men bugun muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zishning qadrini juda yaxshi bilaman.

Mahallamiz va hududimizdagi ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha quyidagi tizimli ijtimoiy loyihalarni amalga oshirib kelamiz:

  1. “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagilarni ish bilan ta’minlash. Biz mahalliy hokimlik va mahalla raislari bilan doimiy aloqada bo‘lib turamiz. Hududimizdagi boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand yoki ishsiz ayollarni, shuningdek, bandligi ta’minlanmagan yoshlarni korxonamizga jalb qilamiz. Biz ularni nafaqat ishga olamiz, balki “ustoz-shogird” an’anasi asosida mutlaqo bepul hunarga o‘rgatamiz. Bu ularga vaqtinchalik yordam emas, balki butun umr boqadigan doimiy daromad manbaini beradi.
  2. Ehtiyojmand oilalar xonadonlarini bepul jihozlash. Biz har yili korxonamiz foydasidan alohida mablag‘ ajratib, hududimizdagi kam ta’minlangan, nogironligi bor a’zosi bo‘lgan yoki chin yetim bolalarni tarbiyalayotgan oilalarga moddiy va amaliy ko‘mak beramiz. Masalan, yangi ro‘zg‘or qurayotgan, lekin sharoiti og‘ir bo‘lgan oilalarning qizlariga kelinlik mebellarini sovg‘a sifatida tayyorlab beramiz. Imkoniyati cheklangan yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari uyda dars qilishlari uchun ularga maxsus parta, stol-stullar va kitob javonlarini bepul yetkazib, o‘rnatib beramiz.
  3. Xayriya tadbirlari va mahalla infratuzilmasi. Barcha bayramlarimiz – Yangi Yil, Mustaqillik, Ramazon va Qurbon hayitlari, Navro‘z ayyomi kunlarida mahallamizdagi kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olish, ularga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatish biz uchun an’anaga aylangan. Shuningdek, hududimizdagi maktab yoki bog‘chalarning mebel jihozlari eskirib, ta’mirtalab bo‘lib qolgan bo‘lsa, ularni o‘z hisobimizdan yangilab yoki ta’mirlab berishni ham o‘zimizning ijtimoiy mas’uliyatimiz deb bilamiz.

Mening eng katta maqsadim – Qashqadaryoda faqat mebel sotib pul topish emas, balki mana shu voha odamlarining duosini olish, ularning hayotiga go‘zallik va iliqlik olib kirishdir. Biznesning haqiqiy barakasi ham mana shu xayrli ishlarning ortidan keladi, deb ishonaman.

Juda ko‘p shogird tayyorlabsiz. Bunga qanday erishdingiz va shogirdlaringiz qayerlarda ishlashyapti?

Bu savol tadbirkor sifatidagi faoliyatimning eng faxrli qismidir. Muhandis-texnolog sifatida olgan bilimlarimni o‘z vaqtida faqat o‘zim uchun ishlatganimda, bugun bunday katta natijalarga erisha olmagan bo‘lardik. Sanoatda kadrlar tayyorlash degani butun boshli maktab yaratish demakdir.

Ha, to‘g‘ri aytdingiz, yillar davomida yuzlab shogirdlar tayyorladim va men buni o‘z biznesimning eng katta boyligi deb bilaman. Ilk ish boshlagan yillarimizda Qashqadaryoda tayyor mebel mutaxassislari umuman yo‘q edi. Shu sababli, men majburlikdan va ayni paytda sohaga bo‘lgan muhabbatim tufayli korxonamiz qoshida “Ustoz-shogird” maktabini tashkil qilganman. Bu maktabda yoshlar uchun o‘quvlar tashkil etib, mebel sanoatiga oid yangiliklar, innovatsion texnologiyalar, zamonaviy butlovchi buyumlar va yangi atamalarni qo‘llash bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazib kelaman.

Mening maktabimni o‘tagan yigit-qizlar bugun nafaqat bizning korxonamizda, balki juda ko‘p joylarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritishmoqda. Qolaversa, zavodimizdagi eng mas’uliyatli lavozimlarni, sex rahbarligini, bosh texnolog va dizaynerlik vazifalarini aynan o‘zimiz tarbiyalagan shogirdlarimiz egallab turishibdi.

Siz kelgusida qanday loyihalarni ishlab chiqyapsiz yoki rejalashtiryapsiz? 2025 va 2030 yillarga mo‘ljallangan islohotlarni chuqurlashtirish va mebelsozlikni rivojlantirish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar rejalaringizga qanday ta’sir qiladi?

Mamlakatimizda qabul qilingan strategiyalar, xususan, 2030 yilgacha mo‘ljallangan rivojlanish dasturlari va mebelsozlik sohasini sanoat darajasiga olib chiqish bo‘yicha belgilangan tizimli islohotlar bizning rejalarimiz uchun eng asosiy yo‘l xaritasi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda davlatimiz tomonidan mebelsozlik klasterlarini tashkil etish, mahalliy xomashyo bazasini mustahkamlash va eksportni rag‘batlantirish borasida yaratilayotgan sharoitlar bizning 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan istiqbolli loyihalarimizga juda katta ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Kelajakdagi bosh maqsadlarimiz va yangi loyihalarimiz quyidagilardan iborat:

  1. Qashqadaryoda birinchi “Mebel klasteri”ni tashkil etish. Davlatimizning sohani klasterlashtirish siyosatidan ruhlanib, biz Qashqadaryo viloyatida to‘liq zanjirli yirik mebel klasterini tashkil etishni rejalashtiryapmiz. Bu loyiha doirasida xomashyoni qayta ishlash, furnitura ishlab chiqarish, dizayn markazi va tayyor mahsulotni yig‘ish sexlari bir joyda jamlanadi. Bu viloyatda mahsulot tannarxini yana 20-25 foizga arzonlashtirish va yuzlab yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
  2. Raqamli texnologiyalar va “Aqlli mebel” ishlab chiqarish. 2030 yilgacha bo‘lgan davrda iste’molchilarning talabi sezilarli darajada o‘zgaradi. Biz ishlab chiqarishga sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni (Industry 4.0) yanada chuqurroq olib kirmoqchimiz. Rejalarimizdan biri – zamonaviy va kichik hajmli xonadonlar uchun transformer mebellar hamda simsiz quvvatlagichlar va aqlli tizimlar bilan jihozlangan “Smart” mebellar liniyasini yo‘lga qo‘yishdir. Injener-texnolog sifatida bu loyihalarni shaxsan o‘zim loyihalashtiryapman.
  3. Eksport bozoriga chiqish. Islohotlar doirasida mahalliy brendlarning xalqaro bozorga chiqishi uchun transport va logistika xarajatlarini subsidiyalash tizimi joriy etildi. Bu imkoniyatdan foydalanib, biz 2026-2030 yillar davomida mahsulotlarimizni qo‘shni Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston bozorlariga barqaror eksport qilishni maqsad qilganmiz. Mahsulotlarimiz “Made in Uzbekistan” brendi ostida xorijda ham o‘z o‘rniga ega bo‘ladi.
  4. Yashil iqtisodiyot va ekologik toza mahsulotlar. Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil texnologiyalarga o‘tish bo‘yicha katta qadamlar tashlanmoqda. Biz ham o‘z navbatimizda ishlab chiqarishda faqat ekologik toza, inson sog‘lig‘i uchun mutlaqo xavfsiz bo‘lgan (Ye1 standartlariga javob beradigan) xomashyo va bo‘yoqlardan foydalanishni to‘liq yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Chiqindilarni qayta ishlash quvvatini esa 100 foizga yetkazamiz.
  5. “Mebel akademiyasi”. Shogird tayyorlash bo‘yicha ko‘p yillik tajribamga tayangan holda, korxonamiz qoshidagi “Ustoz-shogird” maktabini zamonaviy “Mebel akademiyasi”ga aylantirmoqchiman. Bu yerda yoshlarga nafaqat mebel yasash, balki 3D modellashtirish, dizayn va zamonaviy dastgohlarni dasturlashni professional darajada o‘rgatamiz.

Xulosa qilib aytganda, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan oqilona islohotlar biz kabi tadbirkorlarga kuch va ishonch bermoqda. Biz yaratilgan bu imkoniyatlardan unumli foydalanib, Qashqadaryo viloyatini respublikamizning eng yirik mebel sanoati markazlaridan biriga aylantirish uchun bor bilim va tajribamizni ishga solamiz.

Yosh tadbirkorlarga, ayniqsa, o‘z yo‘lini topishga harakat qilayotgan xotin-qizlarimizga aytadigan eng muhim oltin qoidam bitta: hech qachon inqiroz va qiyinchiliklardan qo‘rqmang, chunki eng mustahkam poydevor aynan mashaqqatlar ichida quriladi. O‘z bilimingizga ishoning va kasbingizning haqiqiy professionali bo‘ling, shunda muvaffaqiyatning o‘zi sizni qidirib keladi!

Odil Olimjonov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

"Iqtisodiy sharh" jurnali №7/2026

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar