Koronavirus epidemiyasi tufayli jahonda oziq-ovqat tovarlariga bo‘lgan talab va ishlab chiqarish sikllarida kuzatilayotgan noaniqlik, investorlarda ushbu sohaga ishonchni pasaytirmoqda. Bu haqda Euronews xabar qildi.
“Hozirga kelib tadbirkorlarda foydadan ko‘ra yo‘qotishlar yuzaga kelmoqda, treyderlar esa ishonchsiz aktivlardan tezroq voz kechishga harakat qilmoqda”, deyiladi xabarda.
"Spartan Capital Securities" yetakchi iqtisodchisi Piter Kardiloga ko‘ra, jahonda yuz berayotgan voqealar ta’siri natijasida kundan-kunga zarar ko‘rayotgan kompaniyalar soni oshib bormoqda.
“Shunday qilib, birinchi hisobot choragida biz juda jiddiy va qiyin sinovlarga duch kelishimiz mumkin”, degan u.
Dunyoning alkogol ichimliklar ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniyalardan biri “Diageo” kutilayotgan daromadning pasayishi haqida ogohlantirgan. Kompaniyadagi salbiy prognoz Xitoyda ko‘plab restoranlarning yopilishi, koronavirus tufayli yuzaga kelgan boshqa majburiy cheklovlar bilan bog‘liq.
"The Associated Press"ning biznes bo‘limi muharriri Set Satelning so‘zlariga ko‘ra, shunga o‘xshash sabablar bilan turizm sohasi ham juda katta yo‘qotishlarga duch kelmoqda, xususan, sayohat qilish cheklovlari kundan-kunga ortib bormoqda. "Ko‘plab aviakompaniyalar allaqachon Xitoyga parvoz qilishni to‘xtatgan, biroq hozirga kelib virus Yevropa va Yaqin Sharqda ham juda tez tarqalmoqda", degan u.
Koronavirusning tarqalishi avtomobillar bozorida ham talabning keskin pasayishiga ham olib kelgan. Moody’s reyting agentligi yil davomida sotuvlar 2,5 foizga pasayishini taxmin qilgan. Bu ko‘rsatkich avvalgi prognozlarga qaraganda 2,5 baravar salbiydir.
Izoh qoldirish