Ryespublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonga koronavirusning «omikron» shtammi kirib kelishining oldini olish uchun qator mamlakatlar bilan aviaqatnovlar to‘xtatildi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.
SSV xabarida aytilishicha, so‘nggi kunlarda Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Isroil, Italiya, Niderlandiya, Chexiya, Avstraliya, Misr hamda Janubiy Afrika mintaqasi mamlakatlarida koronavirusning yangi «omikron» shtammi keng tarqalib, epidemiologik vaziyat keskinlashib borayotganligi munosabati bilan, qator davlatlarda, xususan AQSh, Avstriya, Germaniya, Slovakiya, Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘istonda qo‘shimcha karantin cheklovlari joriy etilmoqda.
Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida yangi yil arafasida mamlakatda epidemiologik vaziyatning barqarorligini saqlab qolish va mamlakat hududiga koronavirus infeksiyasining yangi «omikron» shtammi kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qarorlar qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 3 dekabrdan 2022 yil 10 yanvarga qadar Janubiy Afrika Respublikasi, Botsvana, Namibiya, Zimbabve, Mozambik, Madagaskar, Lesoto, Esvatini, Tanzaniya va Gonkong bilan xalqaro aviaqatnovlar (kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali respublika hududiga kirish) to‘xtatildi.
Mazkur davlatlarning fuqarolari va ushbu davlatlarda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, so‘nggi 14 kun davomida yuqoridagi davlatlarda bo‘lgan uchinchi davlat fuqarolari O‘zbekiston hududiga kiritilmaydi.
Mas’ul vazirlik va idoralar ushbu davlatlardagi mavjud epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda ular bilan xalqaro aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash yuzasidan taklif kiritib borishadi.
Izoh qoldirish