Prezident mahalliy sanoat tarmog‘idagi ichki imkoniyatlarni safarbar etish bo‘yicha topshiriq berdi

Prezident mahalliy sanoat tarmog‘idagi ichki imkoniyatlarni safarbar etish bo‘yicha topshiriq berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida charm va ipak sanoatida mavjud imkoniyatlarni ishga solish, joylarda Sayxunobod tajribasi asosida aholi bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Yig‘ilish avvalida hozirda amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari bilan birga tez fursatda mahallada yuzlab ish o‘rni va eksportbop mahsulot yaratadigan, yuqori daromad keltiradigan kichik va o‘rta korxonalar kerakligi ta’kidlandi.

Bu borada eng katta zaxira mahalliy sanoat tarmoqlari hisoblanadi. Shu munosabat bilan uchta muhim soha – charm, gilam va pillachilik sanoatida hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolar bor.

Yig‘ilishda ayrim vazir va hokimlar bu soha tadbirkorlarini eshitmayotgani, tayyor imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalana olmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

O‘tgan yili charmsanoatda ishlab chiqarish hajmi o‘sib, qariyb 3 trillion so‘mga yetdi. Lekin, shuni yarmi Andijon va Farg‘onaga to‘g‘ri keladi.

Respublikadagi jami terining 40 foizini beradigan Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Surxondaryo va Xorazmning charmsanoatdagi ulushi ularning imkoniyatiga mos emas.

Mahsulotiga bozor topish, aylanma mablag‘ masalalari sababli ayrim korxonalar o‘tgan yilni zarar bilan yakunlagan. O‘tgan yili charmsanoat eksportida tayyor mahsulot ulushi atigi 30 foiz bo‘lgan.

Davlatimiz rahbari ikki yil oldin 155 gektar joy ajratilib, charmga ixtisoslashgan 16 ta kichik sanoat zonasi qilinganini qayd etdi.

Ohangaron va Urgut tumanlarida loyihalar boshlangan bo‘lsa-da, Nurafshon shahrida, Uychi, Angor, Qo‘qon, Qo‘shtepa, Oltinko‘l, Sharof Rashidov tumanlari, Namangan shahri, Shahrixon, Samarqand, Hazorasp, Buxoro, Nukus tumanlari, Qarshi shahrida bu ishlar lozim darajada tashkil etilmagani tanqid qilindi.

Sohada yangi loyihalar uchun 40 million dollar arzon resurs ajratilgani, xalqaro kredit liniyalaridan 100 million dollar jalb etilganiga qaramay, mutasaddilar bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Sohada eng asosiy masalalardan biri, bu – xom ashyo.

Klasterlarda qoramolni ko‘paytirish bilan birga, aholi xonadonlari va terini qayta ishlash korxonalari bilan kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish 25 ta tumanda chorvachilik klasterlari tashkil qilingan.

Lekin, yer ajratish va kredit masalasi to‘liq hal qilinmagani uchun barcha klasterlarning ham faoliyati hali yurib ketgani yo‘q. Masalan, 19 ta klasterga yetarli yer maydonlari ajratilmagan.

Aytilgan muammoli masalalardan kelib chiqib “Charmsanoat” uyushmasi faoliyatini tubdan o‘zgartirish zarurligi ta’kidlandi.

Joriy yilda Sharof Rashidov va Ohangaron tumanlarida bittadan yirik charm klasterini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

Bunda ekologiyaga javob beradigan suv tozalash inshooti va bino qurish uchun 40 million dollar arzon resurs yo‘naltiriladi. Bu yerdagi tayyor loyihalarga 7 yilda bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan tabiiy va sun’iy charmdan mahsulot chiqaruvchi xorijiy brendlar joylashtiriladi.

Xorijiy brend jalb qilgan har bir korxonaga sorsing kompaniyalari uchun sarflangan xarajatni 30 ming dollargacha qismini qoplab berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, 14 ta kichik sanoat zonasida 100 million dollarlik loyihalarni boshlash, 11 ta chorva klasteriga ozuqabop ekin ekish uchun yer masalasini to‘liq hal qilish vazifasi qo‘yildi.

Prezidentimiz gilam ishlab chiqaruvchilarning xom ashyo muammosidan xabari borligini ta’kidladi.

O‘tgan yili gilam korxonalariga markazlashgan holda polipropilen olib kelish tizimi yo‘lga qo‘yilgani o‘z samarasini berdi.

Bu yil ham shu tajriba davom ettirilib, mablag‘ ikki karra ko‘paytiriladi.

Gilam ishlab chiqarish, sotish va valyuta tushishigacha bo‘lgan vaqtni inobatga olib, tadbirkorga polipropilen 1 yilgacha muddatga beriladi.

Davlatimiz rahbari ipakchilikdagi muammo va imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tdi.

Oxirgi yetti yilda bu sohaga katta e’tibor berilib, klaster tizimi joriy qilindi. Jumladan, 74 ta pilla-ipakchilik klasteri va 11 ta urug‘chilik korxonasi tashkil qilindi. Tut maydonlari 40 ming gektardan 55 ming gektarga ko‘paydi.

Buni hisobiga, pilla yetishtirish hajmi 2,5 barobar oshib, 26 ming tonnaga yetdi, ipak mahsuloti eksporti 3 barobar ko‘paydi.

Yig‘ilishda sohaga ipak qurtini parvarishlash, kasallikdan saqlash agrotexnikasi va innovatsiyalari kirib kelmagani hisobiga urug‘dan pilla olishda yo‘qotishlar saqlanib qolayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, dunyoda ipak mahsuloti importini 45 foizi to‘g‘ri kelayotgan Yevropa bozoriga chiqish muhimligi qayd etildi.

Eksportda ipakdan tayyor mahsulot ulushini, jumladan, pillani chuqur qayta ishlab, tayyor ipak mahsulotlari, mato va uy tekstili ishlab chiqaradigan quvvatlarni ko‘paytirish zarur.

Pillachilik uchun ozuqa bazasi bo‘lgan tutzorlarda yangi navli hosildor tut ekishini kengaytirish muhim. Bizdagi 1 million gektarga yaqin paxta maydoniga bir-ikki qatordan tut ekilsa, 50-60 ming tonna ozuqa zaxirasini shakllantirish mumkin.

Pillani xarid narxi pastligi uchun pillakorlarda manfaatdorlik past. Shuning uchun ipakchilikni rivojlantirish bo‘yicha kuni kecha imzolangan Prezident farmoni bilan pilla xarid narxi 25 foizga oshirildi.

Pillakorlar daromad va ijtimoiy soliqlardan ozod qilindi, tutzorlar uchun yer solig‘ining 10 foizi to‘lanadi.

Mutasaddilar va hokimlarga yangi tutzorlar tashkil qilsa bo‘ladigan 105 ming gektar yer ajratish topshirildi. Bu yerlar lotlarga bo‘linib, auksionda beriladi, auksiondagi yerning boshlang‘ich narxi 10 foiz etib belgilanadi.

Yig‘ilishda ipak olishning muqobil usullarini yo‘lga qo‘yish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, Xitoyda kanakunjut qurtini parvarishlab, ipak olish keng yo‘lga qo‘yilgan.

Bu yangi yo‘nalishni o‘zimizning iqlim sharoitimizdan kelib chiqib tatbiq qilish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga kanakunjut o‘simligi va qurti urug‘larini olib kelib, Ipakchilik institutida sinov ishlarini boshlash topshirildi.

Umuman, hokimlar va soha mutasaddilariga pilla mavsumini sifatli tashkil etib, hosil yo‘qotishsiz yig‘ib olinishini ta’minlash bo‘yicha qator topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari sohadagi korxonalar rahbarlari bilan muloqot qilib, ularning muammolari va takliflarini eshitdi.

Mutasaddilarga:

- ishlab chiqaruvchilarga Yevropa bozorlariga chiqish uchun talab etiladigan sertifikat olishiga ko‘maklashish;

- xorijiy davlatlardagi savdo uylarida milliy charm, gilam va ipak mahsulotlarini ham joylashtirish, yangi savdo uylarini ochish;

- Andijon, Samarqand, Xorazm va Toshkent viloyatlarida o‘rta bo‘g‘in xodimlarini 6 oyda tayyorlaydigan markazlarni tashkil qilish;

- Kooperatsiya portalida faqat haqiqiy ishlab chiqaruvchilar qatnashadigan tartibni joriy qilish va tadbirkorlar ko‘targan boshqa masalalar yechimi bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.

Yig‘ilishda kun tartibidagi ikkinchi masala – barcha joylarda “Sayxunobod” tajribasini jadallashtirish muhokama qilindi.

Bu borada boshlangan ishlar natijasida aprel oyini o‘zida 365 ming aholi bandligi ta’minlangani va tadbirkorlikka jalb qilingani qayd etildi.

Banklar o‘z mijozlarining muammolarini hal qilib, 115 ming aholiga ishli bo‘lishga ko‘maklashdi.

Mahallalarda 70 mingta mikro-loyiha amalga oshirildi, 465 ming gektar tomorqa yerlariga ekin ekildi.

Davlatimiz rahbari "Sayxunobod" tajribasi doirasidagi ishlar hamma hududlarda ham birdek tashkil qilinmayotganini ko‘rsatib o‘tdi. Masalan, 7 ta tuman o‘rganilganda, 17 ta mahallada ishlar sustligi aniqlandi.

Yoki, ishga tushgani aytilgan 1 mingdan ziyod xonadondagi mikro-loyihalar joyida o‘rganilganda, 76 tasi yoki 7 foizi o‘z tasdig‘ini topmadi. Shu bois, sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun tuman darajasidagi 382 nafar mas’ullar ishdan olingan.

Prezidentimiz bandlik va aholi daromadi masalasi birinchi darajali ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ta’kidlab, bu borada oqsoqlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida barcha darajadagi rahbarlarni ogohlantirdi.

Yana bir muhim masala – tartibli va xavfsiz mehnat migratsiyasi.

Joriy yilning yanvar-mart oylarida mehnat migratsiyasidan 58 ming nafar, aprelda 57 ming nafar fuqaromiz qaytib kelgan. Yil oxirigacha yana 250-300 ming nafari qaytishi prognoz qilinmoqda.

Ularni ishga joylashtirish, ijtimoiy masalalariga ko‘maklashish muhimligi ta’kidlandi.

Mutasaddilarga migratsiya bo‘yicha yagona axborot platformasini yaratib, “mahalla yettiligi” tizimi bilan integratsiya qilish, xorijda mehnat qilayotgan va qiyin vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimizga ko‘maklashish, qaytgan fuqarolarni ishga joylashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar