Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Markaziy bank inflyasiyaning yil yakuni bo‘yicha prognozini yillik 11-12,5 foiz darajasida saqlab qoldi va Hukumat bilan birgalikda unga erishish uchun barcha zaruriy choralarni ko‘radi.

Asosiy stavka bo‘yicha kelgusidagi qarorlar inflyasiyaning joriy va prognoz dinamikasining shakllanishi, shuningdek ichki va tashqi xatarlarni baholash asosida qabul qilinadi.

Inflyasiya va inflyasion kutilmalar. Joriy yilning sentyabr oyida yillik inflyasiya darajasi 11,7 foizni tashkil etdi. Shuningdek, yoz mavsumi davomida narxlar o‘sishining sezilarli sekinlashishidan so‘ng sentyabr oyida inflyasiyaning ma’lum darajada tezlashishi kuzatildi.

Joriy yil sentyabr oyida inflyasiya sur’atlari avgustga nisbatan tezlashdi. Inflyasiyaning tezlashishi, asosan, karantin cheklovlari bekor qilinganidan so‘ng yalpi talabning tiklanishi, mavsumiy omillar va ayrim asosiy tovarlar narxlarining o‘sishi bilan bog‘liq bo‘ldi.

Meva va sabzavotlar narxlarining yillik o‘sishi sentyabr oyida 13,9 foizni tashkil etdi. Bazaviy inflyasiya darajasi esa, aksincha, pasayuvchi tendensiyaga ega bo‘ldi va yillik 11,9 foizgacha pasaydi.

Sentyabr oyining so‘nggi o‘n kunligi hamda oktyabr oyida ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining (shakar - 19,9 foizga, kungaboqar yog‘i - 17,9 foizga, un - 2,6 foizga) o‘sishi sezilarli darajada tezlashdi. Bu, o‘z navbatida, taklif omillarini tartibga solish bo‘yicha choralar ishlab chiqish, xususan, tovarlar bozorida raqobatni rivojlantirish hamda asosiy oziq-ovqat mahsulotlarning jahon bozorlaridagi narxlari va mahalliy narxlar o‘rtasidagi nomutanosibliklarni bartaraf etish zaruriyatini yuzaga keltiradi.

Bu borada amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni inobatga olib, inflyasiyani oshiruvchi ushbu omillarning ta’siri qisqa muddatli xarakterga ega bo‘lishi hamda uzoq muddatli inflyasiya trendiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmasligi kutilmoqda.

Aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining inflyasion kutilmalari joriy yilning avgust oyiga nisbatan sezilarli o‘zgarishlarsiz qoldi. Shu bilan birga, sezilgan inflyasiya darajasi va inflyasion kutilmalar amaldagi inflyasiyaga nisbatan yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

O‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga ko‘ra, respondentlar kelgusi oylarda narxlarning oshishini, birinchi navbatda, pandemiya ta’siri, monopol tovar va xizmatlar narxlarining qimmatlashishi hamda raqobat muhitining yomonlashuvi bilan izohlashmoqda.

Iqtisodiy faollik. 2020 yilning III choragida iqtisodiy o‘sishning bosqichma-bosqich tiklanishi va iqtisodiy faollikning jonlanishi tendetsiyalari kuzatildi.

III chorak yakunlari bo‘yicha iqtisodiy o‘sish I yarim yillikka nisbatan biroz tezlashib, 0,4 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, qisqa muddatli prognoz davrida iqtisodiy o‘sish dastlabki hisob-kitoblarga nisbatan past bo‘lishi kutilmoqda. Bu uy xo‘jaliklari daromadlarining karantin davrida pasayganlligi, iste’moldagi ehtiyotkorona yondashuv va iqtisodiyot ayrim tarmoqlarining to‘liq tiklanmaganligi sababli o‘sish sur’atlarining inqirozdan oldingi darajasiga yetishi uzoqroq vaqt talab etishi bilan bog‘liq.

Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish hajmi 2,7 foiz bandga qisqargan bo‘lsa, ko‘rsatilgan xizmatlar hajmining o‘sish sur’ati 1,8 foizgacha pasaydi. Qishloq xo‘jaligida esa, aksincha, ijobiy dinamika kuzatilib, o‘sish sur’ati 2019 yilning mos davriga nisbatan tezlashdi va 3,4 foizni tashkil etdi.

Banklararo to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan o‘tkazmalarning umumiy soni iyul-avgust oylaridagi pasayishdan so‘ng sentyabr oyida tiklana boshlandi va o‘tgan oyga nisbatan 6,3 foizga oshdi.

Avgust-sentyabr oylari davomida savdo va pullik xizmat ko‘rsatish sohasida naqd pul tushumlari hajmi o‘sishining tiklanishi kuzatildi. Sentyabr oyida naqd pul ko‘rinishidagi tushumlar va boshqa daromadlar hajmi o‘tgan oyga nisbatan 23,2 foizga oshgan bo‘lsa (shu yilning yanvar oyiga nisbatan 5,9 foizga), oktyabr oyida o‘rtacha kunlik o‘sish sur’ati sentyabrga nisbatan 6,3 foizni tashkil etdi.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda iqtisodiyot tarmoqlarda kutilayotgan o‘sish tendensiyalari va 2019 yilning IV choragida oldingi choraklarga nisbatan iqtisodiy o‘sish sur’atlarining pastroq bo‘lganligini hisobga olgan holda 2020 yil yakuni bo‘yicha YaIM o‘sish sur’atining 1-1,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Pul-kredit sharoitlari. III chorakda iqtisodiyotda ijobiy real foiz stavkalari saqlanib qoldi. Banklararo pul bozorida depozitlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari foiz koridori doirasida shakllandi va sentyabr oyida yillik 14,8 foizni tashkil etdi.

Joriy yil sentyabr oyida asosiy stavkaning pasaytirilishi, pul bozoridagi operatsiyalar hajmining oshishi hamda foiz stavkalarning maqbul darajasini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan choralar iqtisodiyotda foiz stavkalarining bir maromda pasayib borishida o‘z aksini topdi. Milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalar joriy yil sentyabr oyida 19,8 foizgacha pasaydi.

Jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi bank depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalar esa sentyabr oyida 17,3 foizni va yuridik shaxslarniki bo‘yicha 14,8 foizni tashkil etdi.

Joriy yil aprel oyidagi so‘m kursining to‘g‘rilanishidan so‘ng almashuv kursi dinamikasi ma’lum bir tebranishlar bilan xarakterlnib, asosan xorijiy valyutaga bo‘lgan ichki fundamental talab va taklif omillari ta’sirida shakllanmoqda. Joriy yil III choragida so‘mning almashuv kursi qariyb 1,5 foizga qadrsizlandi. 2020 yilning yanvar-sentyabr oylari davomida esa almashuv kursi devalvatsiyasi 8,6 foizni tashkil etdi.

Xatarlar va noaniqliklar. Kelgusi oylarda, iqtisodiyotda inflyasiyani oshiruvchi xatarlarning yuzaga kelish ehtimolligi past darajada saqlanib qolmoqda.

Asosiy xatarlar pandemiyaning keng tarqalishi, cheklov choralarining joriy etilish ko‘lami, asosiy savdo-hamkor davlatlarda ishbilarmonlik faolligining tiklanib borish tezligi hamda jahon bozoridagi narxlar kon’yukturasi bilan bog‘liq.

Mavsumiy omillar natijasida ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishini yaqin istiqbolda inflyasiyani oshiruvchi omil sifatida yuzaga chiqishi mumkin va bunda kerakli hajmdagi tovarlar taklifini barqaror darajada ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, ishlab chiqarish zanjiri va logistika kanallarining sekinroq tiklanishi natijasida narxlarning oshishi xatari ham saqlanib qolmoqda.

Bunda, Markaziy bank ichki va tashqi sharoitlar ta’sirida inflyasiya omillari va xatarlari mohiyatini sinchkovlik bilan o‘rganishda davom etadi hamda inflyasiyaning prognoz dinamikasidan kelib chiqib, asosiy stavka bo‘yicha tegishli qarorlarni qabul qiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar