Markaziy bank: Joriy yilda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishi umumiy inflyasiya darajasidan yuqori bo‘ldi

Markaziy bank: Joriy yilda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishi umumiy inflyasiya darajasidan yuqori bo‘ldi

Joriy yil oktyabr oyida iste’mol narxlari yuqori inflyasion bosim sharoitida shakllanib, o‘tgan oyga nisbatan 1,4 foizga oshdi. Narxlarning oshishiga, asosan, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining sentyabr oyiga nisbatan 2,3 foizga qimmatlashishi sabab bo‘ldi. Yanvar-oktyabr oylarida respublika bo‘yicha inflyasiya darajasi 7,8 foizni tashkil etdi. Bunda, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishi (10 foiz) umumiy inflyasiya darajasidan yuqori, nooziq-ovqat tovarlari (6,9 foiz) va xizmatlar narxlari o‘zgarishi (5,2 foiz) esa past darajada shakllandi. Joriy yilning o‘tgan 10 oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari yuqori oshishiga karantin sharoitida birlamchi iste’mol tovarlariga bo‘lgan talabning sezilarli darajada oshishi hamda sentyabr-oktyabr oylarida ayrim tovarlar narxlariga taklif omillari ta’siri bilan izohlanadi.

Bunda, oktyabr oyi davomida tuxum (17,7 foizga), o‘simlik yog‘i (11,2 foizga), paxta yog‘i (13,6 foizga), shakar (9,8 foizga) hamda sabzavot mahsulotlari narxlarida mavsumiy (5,8 foizga) yuqori o‘sish kuzatildi. Yilning yanvar-oktyabr oylarida, Toshkent shahrida narxlar o‘rtacha 10,9 foizga, Toshkent viloyatida 8,2 foizga, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida mos ravishda 8,1 va 8 foizga oshib, respublika umumiy ko‘rsatkichidan yuqori shakllangan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Andijon, Namangan hamda Farg‘ona viloyatlarida inflyasiya respublika ko‘rsatkichidan pastroq darajada shakllandi. Umuman olganda, oktyabr oyida yillik inflyasiya darajasi 11,5 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga (16,3 foiz) nisbatan 4,8 foiz bandga sekinlashdi. Yillik inflyasiya darajasining pasayishi, asosan, 2019 yilning avgust oyidagi tartibga solinadigan narxlar oshirilishi ta’sirlarining tugab borishi bilan izohlanadi.

Oziq-ovqat tovarlari 2020 yilning yanvar-oktyabr oylarida oziq-ovqat tovarlari narxlari respublika bo‘yicha o‘rtacha 10 foizga qimmatlashib (o‘tgan yilning mos davrida 11,4 foiz), umumiy inflyasiya darajasiga nisbatan yuqori bo‘ldi. Hududlar kesimida tahlil qilinganda, Toshkent shahri (13,2 foiz) va Jizzax viloyatida (11 foiz) oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oshishi respublika bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichdan yuqoriroq, Surxondaryo viloyatida (7,7 foiz) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (7,8 foiz) esa pastroq darajani qayd etdi. Bunda, ushbu davrda oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida go‘sht va yog‘-moy mahsulotlari, guruch, shakar, tuxum, sabzavotlar, xususan, kartoshka hamda sabzi narxi sezilarli darajada qimmatlashdi.

Go‘sht mahsulotlari

Joriy yilning dastlabki 10 oyida go‘sht mahsulotlari narxi respublika bo‘yicha o‘rtacha 15 foizga, shundan, mol go‘shti 18,2 foizga va qo‘y go‘shti 22,1 foizga qimmatlashdi. Bunda, avgust oyining ikkinchi yarmidan karantin cheklovlarining yumshatilishi natijasida kechikkan talabning yuzaga chiqishi (umumiy ovqatlanish sohasi faoliyatining tiklanishi hamda aholi orasida to‘y va boshqa marosimlar o‘tkazilishiga ruxsat berilishi) hamda chorva ozuqasi narxining qimmatlashishi ushbu mahsulotlar narxlariga oshiruvchi bosimni yuzaga keltirdi.

Ma’lumot uchun: joriy yil oktyabr oyida birja savdolariga qo‘yilgan sheluxa yil boshiga nisbatan 36,5 foizga (1 612 so‘mdan 2 200 so‘mgacha), paxta shroti narxi esa 16,4 foizga(2 750 so‘mdan Z 200 so‘mgacha) qimmatlashdi. Go‘sht mahsulotlari narxlarini barqarorlashtirishda asosiy e’tibor go‘sht taklifini oshirish, xususan, yirik chorvachilik fermalarini tashkil etish, chorva ozuqasini arzonlashtirish hamda go‘sht mahsulotlari importida raqobat sharoitlarini yaxshilash va xarajatlarni kamaytirishga qaratilishi lozim.

Shakar mahsuloti

Ta’kidlash lozimki, shakar narxi yil boshiga nisbatan respublika bo‘yicha o‘rtacha 15,7 foizga oshdi va narxlar o‘sishining asosiy qismi sentyabr-oktyabr oylariga to‘g‘ri keldi. Bunda, ichki bozorda taklif bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar shakar mahsulotlari narxi oshishining asosiy omillaridan bo‘ldi. Hududlar kesimida, shakar narxining eng yuqori o‘sishi Navoiy viloyatida (20,4 foiz) qayd etilgan bo‘lsa, eng past o‘sishi Surxondaryo viloyatida (11,1 foiz) kuzatildi. Jahon bozorida shakar narxining pasayishi hamda shakar eksport qiluvchi asosiy davlatlarda ishlab chiqarish hajmining oshishi fonida mamlakatimizga ushbu mahsulotni import qilish sharoitlarining yaxshilanishi kelgusida shakar narxining barqarorligini ta’minlashga xizmat qilishi mumkin.

Bug‘doy uni

2020 yilning yanvar-oktyabr oylarida bug‘doy uni respublika bo‘yicha o‘rtacha 12,9 foizga qimmatlashdi. Pandemiya davrida asosiy oziq-ovqat tovarlariga, xususan, bug‘doy uniga ham talabning keskin oshishi natijasida mart-may oylarida ushbu tovar narxida yuqori o‘sish kuzatildi. Tahlillar mamlakatimizda va asosiy savdo hamkor davlatlar – Rossiya hamda Qozog‘istonda joriy yilgi bug‘doy hosilining kutilgandan ko‘proq bo‘lganligini, kelgusida ushbu mahsulot narxining yuqori oshishiga sabab bo‘ladigan omillarning yo‘qligini ko‘rsatmoqda.

Guruch

Joriy yilning dastlabki 10 oyida guruch narxi respublika bo‘yicha o‘rtacha 13,2 foizga o‘sdi. Hududlar kesimida guruch narxining eng yuqori o‘sish darajasi Qoraqalpog‘iston Respublikasida (19,3 foiz) va eng past o‘sish darajasi Surxondaryo viloyatida (7,8 foiz) kuzatildi. Tadbirkorlar hamda guruch yetishtiruvchi dehqonlar bilan olib borilgan o‘rganishlarda, bu yilgi mavsumda suv tanqisligi kuzatilganligi sababli guruch hosili kutilgan hajmidan sezilarli darajada kam bo‘lganligi qayd etildi. Bu, o‘z navbatida, kelgusida ushbu mahsulot narxiga ma’lum darajada qo‘shimcha bosimni yuzaga keltirishi mumkin.

Yog‘-moy mahsulotlari

2020 yilning yanvar-oktyabr oylari davomida yog‘-moy mahsulotlari narxlari respublika bo‘yicha o‘rtacha 20,2 foizga, xususan, o‘simlik yog‘i 23,9 foizga, paxta yog‘i 24,2 foizga qimmatlashdi. Bunda, yog‘-moy mahsulotlari narxlari oshishi, asosan, sentyabr-oktyabr oylarida kuzatildi. Narxlar oshishiga joriy yilda ob-havo sharoitlarining noqulay kelishi natijasida kungabaqor hosilining kamayishi, yog‘ mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining qisqarishi sabab bo‘ldi. Yog‘-moy mahsulotlari importida raqobat sharoitlarining yaxshilanishi va yetkazib beruvchilar tarkibining diversifikatsiya qilinishi kelgusida narxlarni pasaytiruvchi omillardan bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Meva va sabzavotlar

Kuzatilayotgan davr mobaynida meva va sabzavotlar narxlari umumiy inflyasiyaga pasaytiruvchi omil sifatida xizmat qilib, yil boshiga nisbatan 3,3 foizga pasaydi. Xususan, sabzavotlar respublika bo‘yicha o‘rtacha 20,5 foizga arzonlashgan bo‘lsa, mevalar 4,3 foizga qimmatlashdi. Hududlar kesimida, sabzavot narxlarining eng yuqori arzonlashishi Surxondaryo viloyatida (33,8 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, eng past arzonlashish Xorazm viloyatida (12,5 foiz) qayd etildi. Shu bilan birga, mevalar narxlarining respublika bo‘yicha eng yuqori o‘sishi Toshkent shahrida (20,6 foiz) va eng past arzonlashish ko‘rsatkichi Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatild. Meva va sabzavotlar narxi yuqori mavsumiylik xarakteriga ega bo‘lib, avvalgi yillardagi trendiga asosan kelgusi oylarda ushbu mahsulotlar narxlarining mavsumiy qimmatlashishini kutish mumkin.

Kartoshka

2020 yilning yanvar-oktyabr oylarida, aholi tomonidan kartoshka mahsulotiga yuqori talab saqlanib qolganligi sababli iste’mol tovarlari orasida eng yuqori o‘sishni (35,5 foiz) qayd etdi. Xususan, yuqori o‘sish sur’atlari Toshkent shahrida (67,7 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, Farg‘ona (15,1 foiz) va Buxoro (19,5 foiz) viloyatlarida o‘sish nisbatan pastroq bo‘ldi.

Tuxum

Ta’kidlash lozimki, joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida tuxum narxida sezilarli o‘sish kuzatilib, narx o‘zgarishlari, asosan, sentyabr-oktyabr oylariga to‘g‘ri keldi. Bunga, asosan, parranda ozuqasi narxlarining sezilarli darajada qimmatlashishi hamda tuxumga bo‘lgan talabning mavsumiy oshishi sabab bo‘ldi. Tuxum narxi barqarorligini ta’minlash masalasi parrandachilik ozuqa bazasini arzonlashtirish yo‘nalishida tizimli ishlarni amalga oshirishni talab etadi.

Nooziq-ovqat tovarlari

2020 yil yanvar-oktyabr oylarida, nooziq-ovqat tovarlari narxlari respublika bo‘yicha 6,9 foizga oshib (o‘tgan yilning mos davrida 9,5 foiz), umumiy inflyasiya darajasidan past bo‘ldi. Joriy yilning dastlabki 10 oyida nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘zgarishi Toshkent shahri (9,9 foiz) va Toshkent viloyatida (7,7 foiz) respublika darajasidan yuqoriroq hamda Xorazm (4,6 foiz) va Namangan viloyatlarida (5,4 foiz) pastroq darajada shakllandi.

Ta’kidlash lozimki, ushbu davrda nooziq-ovqat tovarlari narxlari qimmatlashishiga ta’sir ko‘rsatgan asosiy omillar dori-darmon, qurilish mollari, sement, avtomobil uchun yoqilg‘i, yuvish va tozalash vositalari, kiyim-kechak hamda maishiy texnika vositalari narxlarining qimmatlashishi bo‘ldi.

Dori-darmonlar

Joriy yilning dastlabki 10 oyida dori-darmon vositalari narxlarida yuqori o‘sish tendensiyasi kuzatildi. Bunda, pandemiyaning boshlang‘ich davrida dori-darmon, vitaminlar hamda antiseptik vositalariga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshgan bo‘lsa, so‘nggi oylarda shamollashga qarshi dori vositalariga bo‘lgan talabning mavsumiy ko‘payishi kuzatilmoqda. Xususan, yil boshidan dori-darmon mahsulotlari respublika bo‘yicha o‘rtacha 11,5 foizga qimmatlashgan bo‘lsa, aptiseptik vositalari narxlari 18,1 foizga oshdi. Hududlar kesimida dori vositalari narxlarining nisbatan yuqori o‘sishi Toshkent shahrida (20,5 foiz) va pastroq o‘sishi Namangan viloyatida (6,9 foiz) qayd etildi. Kuz-qish mavsumida dori-darmon mahsulotlariga bo‘lgan talabning yuqori darajada saqlanib qolishi sharoitida, kelgusida ushbu mahsulotlar narxlarining oshishi kuzatilishi mumkin.

Qurilish mollari

2020 yilning yanvar-oktyabr oylarida nooziq-ovqat tovarlari tarkibida qurilish mollari narxi ham yuqori o‘sishni qayd etdi va respublika bo‘yicha yil boshiga nisbatan 11 foizga qimmatlashdi. Bunda, import va taklif omillari ta’sirida sement mahsuloti narxining yil boshiga nisbatan 26,9 foizga oshganini ta’kidlash joiz. Qurilish materiallari narxidagi o‘zgarishlar, asosan, avgust oyiga to‘g‘ri kelib, karantin cheklovlarining yumshatilishi natijasida qurilish sohasidagi ishlarning kengayishi talabning sezilarli oshishiga sabab bo‘ldi. Biroq, qish mavsumining yaqinlashishi bilan qurilish ishlarining sekinlashishi qurilish mahsulotlari narxlarda o‘sish sur’atlarining pasayishiga olib kelishi mumkin.

Avtomobillar uchun yoqilg‘i

Joriy yilda avtomobillar uchun yoqilg‘i mahsulotlari narxlari jahon bozorida neft narxining pasayishi va ushbu sohaga xorijiy operatorlarning kirib kelishi natijasida raqobat muhitining yaxshilanishi fonida shakllandi. Xususan, joriy yilning dastlabki 10 oyida respublika bo‘yicha avtomobillar uchun yoqilg‘i mahsulotlari narxi o‘rtacha 3,3 foizga o‘sdi (2019 yilning mos davrida 21,6 foizga o‘sgan). Hududlar kesimida ushbu mahsulotlar narxining eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichi Qashqadaryo viloyatida (9,2 foiz) va eng past o‘sish sur’ati Farg‘ona viloyatida (4 foiz) qayd etildi. Shu bilan birga, avtomobillar uchun yoqilg‘i mahsulotlaridan, propan narxi yil boshiga nisbatan respublika bo‘yicha o‘rtacha 34 foizga qimmatlashdi. Bunda, kuz-qish mavsumi uchun aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayonining boshlanishi ushbu mahsulot narxiga qo‘shimcha bosimni yuzaga keltirmoqda. Talabning yuqoriligi sababli ushbu mahsulot narxidagi o‘suvchi tendensiya kelgusi oylarda ham saqlanib qolishi mumkin.

Maishiy texnika

Joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida maishiy texnika vositalari narxi respublika bo‘yicha o‘rtacha 4,1 foizga oshdi. Hududlar kesimida, Jizzax viloyatida maishiy texnika vositalari respublikaning boshqa viloyatlariga nisbatan yuqoriroq darajada qimmatlashdi va 9,8 foizni tashkil etdi. Samarqand hamda Farg‘ona viloyatlarida esa ushbu tovarlar narxlari nisbatan pastroq darajada qimmatlashib, 2 foizni tashkil etdi.

Xizmatlar

2020 yilning yanvar-oktyabr oylari mobaynida xizmatlar narxlari respublika bo‘yicha 5,2 foizga qimmatlashib (o‘tgan yilning mos davrida 14,2 foiz), umumiy inflyasiya darajasiga nisbatan pastroq bo‘ldi. Xizmatlar sohasida narxlar o‘zgarishi Toshkent shahri (7,9 foiz) hamda Buxoro (5,9 foiz) viloyatida respublika ko‘rsatkichidan yuqoriroq, Jizzax (3,8 foiz) va Surxondaryo (2,9 foiz) viloyatlarida esa pastroq darajada shakllandi.

Bunda, xizmatlar sohasida narxlar oshishiga ta’sir ko‘rsatgan asosiy omillari sifatida tibbiy xizmatlar, xususan, laboratoriya xizmatlari, yo‘lovchi transporti, yo‘nalishli taksi hamda maishiy xizmatlar narxlarining qimmatlashishini keltirish mumkin.

Tibbiy xizmatlar

Pandemiya sharoitida tibbiy xizmatlarga, ayniqsa, tibbiy laboratoriya xizmatlariga bo‘lgan talab keskin ortdi. Xususan, joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida tibbiy xizmatlar narxlari respublika bo‘yicha o‘rtacha 8,5 foizga, tibbiy laboratoriya xizmatlari esa 11,4 foizga qimmatlashdi. Pandemiya bilan bog‘liq noaniqliklarning saqlanib qolishi hamda qish mavsumida tibbiy xizmatlarga bo‘lgan talabning mavsumiy ortishi natijasida kelgusida ushbu xizmatlar narxlarining yanada qimmatlashishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Yo‘lovchi transport xizmatlari

Kuzatilayotgan davr mobaynida yo‘lovchi transporti xizmatlari narxlari respublika bo‘yicha o‘rtacha 9,9 foizga qimmatlashdi. Hududlar kesimida ushbu xizmatlar narxining nisbatan yuqori o‘sishi Andijon (15,2 foiz) va Samarqand (14,2 foiz) viloyatlarida hamda pastroq o‘sishi Surxondaryo (4,1 foiz) va Xorazm (5,9 foiz) viloyatlarida kuzatildi. Shuningdek, mazkur davrda yo‘nalishli taksi (14,4 foiz) va yo‘nalishsiz taksi (13,8 foiz) xizmatlari narxida ham sezilarli o‘sish kuzatildi. Mazkur holat, ma’lum ma’noda, karantin choralarining qo‘llanilishi sababli jamoat transporti harakatining cheklanishi oqibatida taksi xizmatlariga bo‘lgan talabning oshganligi bilan izohlanishi mumkin. Kelgusi oylarda yoqilg‘i narxlarining mavsumiy qimmatlashishi hamda qish oylarida aholi tomonidan taksi xizmatlariga bo‘lgan talabning oshishi hisobiga, ushbu xizmatlar narxlarida o‘sish kuzatilishi mumkin.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar