Banklar faollik indeksi: 2026 yil I chorak yakunlari bo‘yicha reyting yangilandi

Banklar faollik indeksi: 2026 yil I chorak yakunlari bo‘yicha reyting yangilandi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2026 yil I chorak yakunlari bo‘yicha “Banklar faollik indeksi” natijalariga asoslangan yangilangan banklar reytingi taqdim etildi.

Tadqiqot respublikada faoliyat yuritayotgan 34 ta tijorat bankini qamrab olgan bo‘lib, ularning 20 tasi filiallar soni va faoliyat ko‘lamiga ko‘ra yirik banklar toifasiga, qolgan 14 tasi esa kichik banklar toifasiga kiritilgan.

Indeks 27 ta ko‘rsatkich tahliliga asoslangan bo‘lib, ular respublika o‘rtacha ko‘rsatkichlari va xalqaro standartlar, jumladan Bazel qo‘mitasi talablari bilan taqqoslangan.

Mazkur reyting moliya tizimida shaffoflikni oshirish va unga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashda muhim instrument hisoblanadi. Ushbu yondashuv xalqaro amaliyotga mos bo‘lib, yetakchi moliyaviy institutlar tomonidan keng qo‘llaniladi.

2026 yil I choragi yakunlari bo‘yicha moliyaviy natijalar

Hisobot davrida bank tizimining jami aktivlari 932,3 trln so‘mni (76,3 mlrd dollar), majburiyatlari esa 793,9 trln so‘mni (64,9 mlrd dollar) tashkil etdi.

Banklarning kredit qo‘yilmalarida o‘sish sur’atlari saqlanib, depozitlarda o‘sish sur’ati biroz sekinlashgan. Xususan, bank tizimi jami kredit qo‘yilmalari 14 foizga, jalb qilingan depozitlar 32%ga o‘sgan (o‘tgan yilning mos davrida 33%).

Bank tizimining sof foydasi 3,1 trln so‘mga (254 mln dollar) yetdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 36,3% ga o‘sdi.

Hisobot davrida muammoli kreditlar ulushi 4,5%dan 3,3%gacha kamaydi, bu kredit portfeli sifati yaxshilanib borayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ayrim banklarda ushbu ko‘rsatkich hali ham o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lib qolmoqda.

Kapital monandlik ko‘rsatkichlari minimal talablardan 1,4-1,5 barobardan ortiq bo‘lib, bank tizimining barqarorligini ko‘rsatmoqda.

2026 yil I choragida yirik banklar faolligi reytingi

2026 yil I choragi yakunlari shuni ko‘rsatadiki, reytingning yuqori qismi nisbatan barqaror saqlanganiga qaramasdan, har ikki toifadagi banklar orasida pozitsiyalar bo‘yicha sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi.

Bu esa bozorda raqobatning saqlanib qolayotgani va banklar o‘rtasida o‘rinlar qayta taqsimlanish jarayoni davom etayotganini ko‘rsatadi.

Yirik banklar segmentida dinamika turlicha shakllandi. Jumladan, 20 ta bankdan 7 tasi o‘z pozitsiyalarini yaxshilagan bo‘lsa, 8 tasida pasayish kuzatildi, yana 5 ta bank o‘z o‘rnini saqlab qoldi. Bu esa bozorda raqobatning yuqori darajada saqlanayotgani va banklar o‘rtasida pozitsiyalar qayta taqsimlanishi davom etayotganini ko‘rsatadi.

Yirik banklar reytingida Kapital bank (1-o‘rin) o‘z o‘rnini saqlab qoldi. Shuningdek, Hamkor bank, Aziya Alyans bank hamda Ipak yo‘li bank 1 pog‘onaga, Tenge bank 6 pog‘onaga, Xalq banki, Invest finans bank, Agrobank 2 pog‘ona yuqoriladi.

Ayni paytda, Trast bank 3 pog‘onaga, OFB 5 pog‘onaga, Aloqa bank 2 pog‘onaga pastlagan bo‘lsa, Davr bank, Ipoteka bank, BRB, O‘zmilliybank hamda Mikrokreditbank 1 pog‘ona pastlagan. Qolgan 4 ta bank reytingdagi o‘rinlarini saqlab qoldi.

Asosiy indikatorlar bo‘yicha o‘zgarishlar dinamikasi

Moliyaviy vositachilik. Bu yo‘nalishda yetakchi o‘rinlarni Invest finans bank, Anor bank va Kapital bank egalladi, Agrobank esa 2 pog‘onaga yaxshilandi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zmilliybank oxirgi 20 o‘rinni saqlab qoldi. Shuningdek, mazkur reyting bo‘yicha Davr bank va Hamkor bank 4 pog‘ona, Ipoteka bank 1 pog‘ona pastladi.

Moliyaviy ommaboplik ko‘rsatkichi bo‘yicha Agrobank, Anor bank va BRB yetakchi o‘rinlarni egalladi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha reytingda asosan ilg‘or banklar Kapital bank (3 pog‘ona), Hamkor bank (7 pog‘ona), Aziya Alyans bank (1 pog‘ona), Ipak yo‘li bank (5 pog‘ona) hamda Trast bank (6 pog‘ona) pasaygan. Ushbu reytingda eng yuqori o‘sish Tenge bank (8 pog‘ona), Xalq bank, Davr bank (5 pog‘ona) va Agrobankda (4 pog‘ona) kuzatildi.

Kapital yetarliligi. Eng yuqori ko‘rsatkichlar Oriyent finans bank, Trast bank va Xalq bankida qayd etildi. Agrobank kapital yetarliligi bo‘yicha 4 pog‘ona, Aloqa bank esa 2 pog‘ona pastladi.

Aktivlar sifati. Bu yo‘nalishda Hamkor bank, Aziya Alyans bank va Ipak yo‘li bank yetakchi bo‘ldi. O‘zmilliybank oxirgi 20 o‘rinni saqlab qoldi. Shuningdek, Turon bank 5 pog‘ona, Asaka bank, Mikrokreditbank, O‘zsanoatqurilishbank, Trast bank va Anor bank mazkur reytingda 2 pog‘ona pastlagan.

Boshqaruv samaradorligi. Eng yuqori natijalar O‘zsanoatqurilishbank, Oriyent finans bank va O‘zmilliybankda qayd etildi. Shu bilan birga, bu ko‘rsatkich bo‘yicha Mikrokredit bank oxirgi 20 o‘rinni saqlab qoldi, shuningdek, Asaka bank 5 pog‘onaga va BRB 4 pog‘onaga pasayishni qayd etdi.

Daromad olish salohiyati. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Hamkor bank, Trast bank va Aziya Alyans bank yetakchilik qildi. Turon bank 3 pog‘ona pastlab oxirgi o‘rinni egalladi. Mazkur reytingda Kapital bank, Aziya Alyans bank, Anor bank va Davr bank 2 pog‘ona, Ipoteka bank va Mikrokredit bank 1 pog‘ona pastlagan.

Likvidlilik. Bu yo‘nalishda Aziya Alyans bank, Ipak yo‘li bank va Trast bank yetakchi bo‘ldi. Agrobank eng so‘nggi 20 o‘rinni saqlab qoldi. Ushbu reytingda Mikrokreditbank, Ipoteka bank, Anor bank va O‘zsanoatqurilishbank 1 pog‘ona pastladi.

2026 yil I choragida kichik banklar faolligi reytingi

Kichik banklar guruhida ham o‘zgarishlar kuzatildi. Qator banklar moliyaviy vositachilik ko‘rsatkichlarining o‘sishi va daromad olish salohiyatining oshishi hisobiga o‘z pozitsiyalarini yaxshilashga muvaffaq bo‘ldi.

Ushbu guruhda 14 ta banklarning 8 tasi o‘z pozitsiyalarini yaxshilagan. Eng sezilarli o‘sish AVO bank va Apeks bank hissasiga to‘g‘ri kelib, har ikkalasi ham 3 pog‘onaga ko‘tarildi. Reyting yetakchisi sifatida TBS bank qayd etildi.

Ayni paytda, 5 ta bankda pasayish kuzatildi. Eng katta pasayish Oktobankda qayd etilib, u 6 pog‘onaga tushdi.

Shuningdek, Soderot bank, Garant bank va Ziraat bank har biri 2 pog‘onadan yuqorilagan. Reytingning quyi qismida joylashgan Open bank va Uzum bank esa 1 pog‘onadan o‘sish qayd etdi.

Ja’far Xidirov

Bank-moliya va kapital bozorlarini o‘rganish sho‘’basi

tel: (78)150 02 02 (441)

OAV va jamoatchilik bilan aloqalar sho‘’basi

tel: (78)150 02 02 (417)


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar